AsosiyDunyo

Dunyo suvsiz qolishi mumkin. Rivojlangan davlatlar bunga qarshi qanday kurashmoqchi?

'Dunyo suvsiz qolishi mumkin. Rivojlangan davlatlar bunga qarshi qanday kurashmoqchi?'ning rasmi

Suv tanqisligi yildan-yilga insoniyat uchun eng katta va dolzarb muammoga aylanib bormoqda. Yog`ingarchilikning kamligi hamda anomal issiqlik to`lqini daryolar, ko`llar, suv omborlarining bo`shab qolishining asosiy sababidir. Tabiat bilan bevosita bog`liq vaziyatning tobora yomonlashib borishi hukumatlardan zudlik bilan chora ko`rishni talab qilmoqda. Zamon.uz rivojlangan davlatlar suvsizlikka qarshi qanday kurashayotgani haqida maqola tayyorladi.

Shunday qilib, dunyoning bir qismida faqat suvdan norasional foydalanish oqibatlariga tayyorgarlik ko`rilayotgan bo`lsa, boshqa bir joyda bu oqibatlar allaqachon millionlab odamlar uchun og`ir haqiqatga aylangan.

Germaniya hukumati hozirdan boshlab 2050 yilda yuz berishi kutilayotgan suv tanqisligiga tayyorgarlik ko`rishni boshladi. Vazirlar Mahkamasi milliy suv strategiyasi bo`yicha kelishib oldi.

Bu yil mamlakatda qurg`oqchilik va rekord darajadagi harorat kuzatildi, bu esa mahalliy dehqonlarga katta zarar etkazgan. 2050 yilgacha amalga oshirilishi kerak bo`lgan strategiya iste`molchilarni toifalar bo`yicha tartiblash orqali suvni taqsimlash bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqishni o`z ichiga oladi. Tashabbus, shuningdek, o`rmonlar va shaharlardagi suv havzalarini himoya qilishga qaratilgan. Shu tariqa rasmiylar kelajakda suv xavfsizligini ta`minlashga umid qilmoqda.

“Bizga nazorat va tartibga solish siyosati kerak. Ayniqsa, sanoat va qishloq xo`jaligida suv ko`p ishlatilsa. Mamlakat suvdan tejamkor va hatto qayta foydalanishga intilishi kerak. Ichimlik suviga bugungidek munosabatda bo`lsak, kelajakda ichimlik suvi muammosini hal qila olmaymiz”, — deydi Germaniyaning tabiatni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi vaziri.

Shu kabi suv tanqisligi muammosi qo`shni Fransiyaga ham tahdid solmoqda. Yaqinda mamlakat pezidenti suv iste`molini 10 foizga kamaytirish talabi haqida gapirgandi.

Emmanuel Makron suv resurslarini tejash bo`yicha umummilliy rejani taqdim etdi. Unga ko`ra, 2030 yilga borib mamlakat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida suv sarfi kamaytiriladi. Strategiya, shuningdek, undan foydalanish uchun yangi narx tizimini nazarda tutadi.

“Suv umumiy manfaatdir, shuning uchun bizga progressiv narxlar kerak. Rejadan maqsad barcha fransuzlarni sifatli ichimlik suvi bilan ta`minlashdan iborat”, —  deydi Makron.

Afrika qit`asida esa suvdan oqilona foydalanish masalasi hayotiy ahamiyatga ega. Tunis aholisi kuchli qurg`oqchilik oqibatlaridan aziyat chekmoqda. Mamlakatdagi suv omborlari bo`m-bo`sh, to`g`onlar qurib qolgan. Suvni tejash uchun rasmiylar kuniga 7 soat suv ta`minotini o`chirishga qaror qilishdi.

“Suv etishmasligidan qiynayapmiz. Biz kiyimlarimizni muntazam yuva olmaymiz va ular bir necha oy davomida iflos bo`lib qoladi”, — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.

Oxirgi 2 hafta davomida rasmiylar barcha yirik shaharlarda, jumladan, poytaxtda tungi vaqtda suv ta`minotini muntazam ravishda to`xtatib kelmoqda. Yangi qarorlar allaqachon yuqori inflyasiyadan aziyat chekayotgan mamlakatda ijtimoiy keskinlikni kuchaytirishi bilan tahdid qilmoqda.

Xitoy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo`yicha faol sa`y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Xitoyning asosiy suv arteriyasi Yanszi daryosi yirik sarmoyalarni jalb qilish ob`ektiga aylandi. Hozirgi vaqtda uning havzasida 64 ming kilometr to`g`on va 300 ta eng yirik suv omborlari qurilgan. Xitoy suv resurslari vaziri o`rinbosarining so`zlariga ko`ra, hokimiyat suv resurslarini boshqarishning qat`iy tizimini joriy qilmoqda, chunki sanoat qishloq xo`jaligining barqaror ishlashini ta`minlamoqda, bu ham ichki bozor, ham eksport uchun muhim iqtisodiy sektor.

“Iqlim o`zgarishi ta`sirini samarali bartaraf etish maqsadida Suv xo`jaligi vazirligi yaqin kelajakda ilg`or texnologiyalar va suvdan unumli foydalanishga ega zamonaviy sug`orish tizimini qurishga faol yordam beradi”, — deydi Xitoy suv xo`jaligi vaziri o`rinbosari.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar