project.gov.uz portalida e`lon qilingan hujjatga ko`ra, MTRK tarkibidagi “Madaniyat va ma`rifat” telekanali yopilib, o`rniga Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi "Karvon" nomli telekanal tashkil qilish rejalashtirilmoqda. Xabar tarmoqlarda turli bahs-munozaralarga sabab bo`ldi. Bir guruh ziyolilar telekanal yopilishini tanqid qilib chiqdi.
Faxriyor, shoir:
MTRKga qarashli “Madaniyat va ma`rifat” telekanalini “Karvon” telekanali sifatida qayta tuzish va uni Madaniyat va turizm vazirligiga ixtiyoriga o`tkazish haqidagi prezident qarori loyihasi muhokamaga qo`yilibdi. Qaror loyihasiga taklif sifatida kiritilgan ayrim va arzimas o`zgarishlar hisobga olinmasa, g`isht deyarli qolipdan ko`chib bo`lgan. Nomiga qaraganda, kanalning formati butunlay o`zgarib ketadi. Meni hayron qoldirayotgan narsa shuki, nega aynan buning uchun “Madaniyat va ma`rifat” telekanali qurbon qilinmoqda? Axir, MTRKning to`laqonli kanal sifatida shakllangan, ko`rsatuvlari ko`rishga arzirlik faqat shu kanali bor-ku. Agar Madaniyat va turizm vazirligiga kanal kerak bo`lsa, MTRKning nomini aytmasa, na yuzi va na tayinli ko`rsatuvi bor kanallari ko`p edi-ku. Ulardan birortasi, hatto ikkitasi o`sha vazirlikka berib yuborilsa ham, hech narsa o`zgarmaydi. Bugungi jamiyatimizning juda ko`p muammolari “Madaniyat va ma`rifat” singari ma`rifiy telekanallar yo`qligi, hamma ekrandan na millat kelajagini, na yoshlar tarbiyasini o`ylamay, “soqqa qilish”ga o`tib ketgani bilan bog`liq. Shuning uchun “Madaniyat va ma`rifat” telekanalini saqlab qolish shart, deb bilaman.
Shodmonqul SALOM, “Do`stlik” ordeni sohibi, shoir:
Manfaatlar to`qnashuvida ma`naviyat qurbon bo`lmasligi kerak!
“Karvon” telekanalini tashkil etish qarorining loyihasi bilan tanishib chiqdim. Mazkur yangi telekanal ayni damda faoliyat yuritib turgan “Madaniyat va ma`rifat” negizida tashkil etilishi mo`ljallangan. Qiziq-qiziq ishlar ko`p bo`lib turadigan hayotimizda bu yangilik ham odatiy, beparvo qabul qilinishi mumkin. Biroq shu xalqning, shu mamlakatning yaxshi-yomoniga befarq bo`lmagan har bir odamni bu harakat sergak qilishi kerak. Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufiga o`tishi va shu bilan boy tariximiz va madaniyatimizni targ`ib etishni ko`zlagan yangi “Karvon” telekanalini tashkil etish zarur bo`lsa, nega “Madaniyat va ma`rifat” telekanalini qurbon qilish evaziga bu hodisa sodir bo`lish kerakligi meni ajablantirdi. Agar shunday qilish lozim bo`lsa, yangi telekanal ochish yoki saviyasizlik va madaniyatimizni erga urishgagina xizmat qilayotgan boshqa kanallar hisobiga buni amalga oshirish mumkin. Ha, rostdan ham shunday qilish hukumat uchun juda oson va xalq uchun foydaliroq.
Bu gapimni o`qigan kishi xalqning talab va ehtiyojlari, zamonaviy dunyo standartlari degan e`tirozlarni ham aytish mumkin, biroq aynan shunday qilinsa — mavjud “Madaniyat va ma`rifat” telekanaliga ehtiyoj juda kattadir. “Madaniyat va ma`rifat” telekanali tashkil etilganiga endigina 10 yil to`ldi. Biroq kanal o`tgan qisqa vaqtda shu qadar katta ishlarni amalga oshirdiki, buni bir ziyoli, bir tomoshabin sifatida e`tirof etaman. Birinchi navbatda ushbu telekanal xalqning ichiga kirib bordi. Odamlarning did va saviyasini ko`tarishdek muhim vazifani o`z elkasiga oldi va sobitlik bilan ado etib kelmoqda. Telekanal o`z dasturlarida milliy madaniyatimizning sof manbalarini, ularning dunyoviy ahamiyatini bor bo`y-basti bilan ko`rsata oldi. San`at, adabiyot, tarix, xalq hunarmandchiligi kabi xalqimiz madaniyati va ma`rifatini qamrab olgan barcha jabhalarni keng yoritdi. Yuzlab, minglab qahramonlarni, xalq ichidagi fidoyi insonlarni kashf etdi. Va ularning dunyoga chiqishiga sababchi bo`loldi. Kanalda beriladigan seriallardan tortib, milliy va jahon san`atining durdonalari bo`lgan qo`shiqlargacha faqat va faqat xalqimizning foydasiga xizmat qilgani ham bor gap.
Biz nimani istayapmiz o`zi? Bizga milliylik, o`zlikni anglash uchun tarix, adabiyot kerak bo`lmasa, nima kerak? Nima bizni asrab qoladi? Faqat shou-biznes bilan ehtiyojlar qondirilmasligini, aksincha hozirgi paytda odamlarimizning fe`l-atvoridagi o`zgarishlarga telekanallar ham katta hissa qo`shayotganini nahotki tushunish qiyin. Shunday ekan, xalqqa xizmat qilib turgan, millionlab tomoshabinlar dasturlarini intiq bo`lib kutadigan “Madaniyat va ma`rifat” telekanaliga daxl qilish o`zimizga — yoshlarimiz kelajagiga dushmanlik bo`ladi. Buni tushunish kerak. Manfaatlar to`qnashuvi uchun ma`naviyat, madaniyat qurbon qilinmasligi shart! Bu qarorni qabul qilayotgan har bir rahbar, unga fikr bildirayotgan jamiyat kishilari vaziyatga panja orasidan qaramasliklari zarur.
Botirjon ERGAShEV, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o`rinbosari:
Ijtimoiy tarmoqlarda “Madaniyat va ma`rifat” telekanali strukturasi o`zgarishi, yanayam o`zbekcha qilib aytsam, yopilishi haqida gap-so`zlar ko`paymoqda. Agar bu gaplar haqiqat bo`ladigan bo`lsa, bunga QARShIMAN! Bu kanal ayni paytda yurtimizdagi eng bama`ni kanal. Unda adabiyotimiz, madaniyat va ma`rifatimiz yuqori darajada targ`ib qilinadi. Uni yopish emas, aksincha uning faoliyatini yanada rivojlantirish kerak.
Najmiddin ERMATOV, “O`zbekiston tarixi” telekanali muharriri:
Adabiyotni, ilm-fanni tanigan odam O`ZLIK sari yo`l qidiradi, bunday yo`lga tushgan kishining tuyg`ulari, tafakkuri tiniqlashadi, endi u “bersang eyman, ursang o`laman”, deb yasholmaydi, zanjirlarni shiqirlatib odimlashdan bosh tortadi. Endi u ommaning bir vakili emas, endi u shaxs! Ammo tarix kishilarning bunday yo`ldan qaytarilganiga ko`p bor guvoh bo`lgan. Ko`p bora odamlar “orzular ohangida” allalab kelingan. Eski aqida – tongda uyqungni buzgan xo`rozni so`yish o`ng`ay... Necha yildirki, “Madaniyat va ma`rifat” telekanali millat oydinlari uchun ko`p ishlar qildi – O`ZLIK sari undadi. Telekanal ijodkorlari tomonidan tayyorlangan teledasturlar kishini ichiga qarashga, zinama-zina yuqorilashga undadi. Zamonimizda to`rtta artistning lik-likıyu odamlarning maishiy muammolari sari pastlamagan, gardanidagi asl vazifasini anglaydigan sanoqli telekanallardan biri shu kanal, sanoqli ijodkorlar manzili shu joy edi. Biroq shu kunlarda telekanalning yopilishi, uning negizida Madaniyat va turizm vazirligi tasarrufidagi “Karvon” telekanalining ochilishi haqidagi qaror loyihasining tarqalgani ko`ngilga xijillik indirdi. Qaror loyihasini sinchiklab o`qib ko`rsangiz unda na kitob, na kitobxonlik, na ta`lim-u ilm-fan, na millatning olim-u ziyolilari haqida gap bor, “taniqli ustoz san`atkorlar”ning alohida ko`rsatilganligi esa chin. Aslida, qaror bandlari haqda birma-bir so`z yuritilsa, yana ko`pgina savollar tug`iladi...
Asosiy muammo esa sho`rolar zamonida “indiyski” kinolarga ko`z yosh to`kkan elning bugungi avlodini o`zimizning artistlar-u seriallar tomoshasi bilan andarmon qilishga harakat hadigida... “Chastniy” kanallarni egallab olgan ko`pikchilarga qo`lida mash`ala tutgan yana bir telekanalni topshirib qo`yish qo`rquvida... “Karvon” telekanalini tashkil etish maqsadi ezgudir, ammo meningcha, bu maqsadga millatni O`ZLIKKA undagan telekanalni “chopish” orqali borilmasligi kerak. Xo`roz uyquni buzmaydi, g`aflatda yotgan odamni uyg`otadi. Uni so`ymang!!!
Guljamol ASQAROVA, Oila va xotin-qizlar davlat qo`mitasi mutaxassisi, shoira:
Ma`rifat ham kerakmasmi endi? Karvonchilikmi endi buyog`i, tijorat, turizmmi? O`z vazifasini o`tamayotgan ijodiy, ma`naviy yo`nalishdagi tashkilotlarning yamog`ini ham yamab, ham adabiy didni parvarishlab turgan bu kanal o`z o`rnida qolishi kerak.
Fozil FARHOD, Yozuvchilar uyushmasi raisining axborot siyosati masalalari bo`yicha maslahatchisi – matbuot kotibi:
Ziyolilar, “Madaniyat va ma`rifat” telekanalini saqlab qolaylik! Bugun o`qigan eng yomon xabar shu bo`ldi. Nima bo`lyapti o`zi? 2022 yili “Dunyo bo`ylab” telekanali to`liq rus tiliga o`tgandi. Ziyolilarning qarshiliklari ham foyda bermadi. Endi esa bu gap. Odam g`alati bo`lib ketyapti. Qaror loyihasida telekanal turizmga bag`ishlanishi aytilgan, u erda adabiyot haqida hech gap yo`q. Modomiki, sayyohlikka oid kanal kerak ekan, ana, “Dunyo bo`ylab”ni olishsin yoki yangi telekanal ochishsin.
Telekanal, mana, 10 yildirki, adabiyot, san`at, madaniyat va ma`rifatni yuksak darajada targ`ib qilib ketmoqda. Telekanalning “Men bilgan haqiqatlar”, “Dunyo adabiyoti”, “Qaqnus”, “Akademik soat”, “Birlagikda o`qiymiz”, “Fikrlayotgan odam”, “Tong nafasi”, “Bobo so`z”, “Maqom”, “Baxshiyona”, “Taqvim”, “Umr daftari”, “Tundaliklar” singari ko`rsatuvlari sevimli dasturlarimizga aylandi. Bu kabi ko`rsatuvlar qancha-qancha ziyolilarimizni, yosh yozuvchi va shoirlarimizni kashf etdi, ularni xalqimizga tanishtirdi. Agar bu loyiha shu tarzda amalga oshsa, millat adabiyoti, san`ati, madaniyati ildiziga bolta uriladi. O`ylaymanki, yuqori tashkilotlarda ishlaydigan kishilar, bu ishga mas`ullar bunga yo`l qo`ymaydi. Millatning bir adibi, davlatning bir fuqarosi, telekanalning bir tomoshabini sifatida bunday qilinishiga, “Madaniyat va ma`rifat” telekanali yopilishiga mutlaqo qarshiman.
Nasrullo ERGASh, shoir:
“Madaniyat va ma`rifat” telekanali – TVda eng muhim va ko`rishga arziydigan kanal! Nega endi aynan u?! Shevabozlikka asoslangan, ona tilini asrab-avaylash o`rniga uni buzishga xizmat qilayotgan kanallar qalashib yotibdi-ku. “Coco-cola” singari zararli ichimliklarni har daqiqa ming martadan reklama qilib odamning asabi va umrini egovlayotgan kanallar ozmi... “Madaniyat va ma`rifat” telekanali ziyolilar ko`radigan kanal ekani rost. Ammo u ziyolilardan ko`ra xalqqa ko`proq kerak! Aynan u kitob o`qishga anchayin erinchoq xalqimiz tafakkurini yuksaltirishga xizmat qilayotgan ezgu qurollardan biri ekani rost. Agar u yopiladigan yoki MTRKdan olinib vazirlikka o`tkaziladigan bo`lsa oddiy targ`ibot va tashviqot kanaliga aylanib qolmaydimi? Men bir o`zbek, shu yurtning farzandi sifatida “Madaniyat va ma`rifat” telekanali doimiy faoliyat yuritishini xohlar edim.
Temurxon JAHONGIR, arxeolog, yosh olim:
“Dunyo bo`ylab”ni buzishdi. Endi “Madaniyat va ma`rifat”ga keldimi navbat? Ziyoli qatlam ko`radigan kanalni yopishdan kim manfaatdor? Saviyasi past serial yoki shou qo`ymagani uchun yopilyaptimi? Yoki ma`nodor she`rlar bergani uchunmi? Biz rostdan ham renessans xohlaymizmi yo`qmi? Shuni o`zimiz uchun aniqlab olishimiz kerak.
Umid ALI, yozuvchi:
“Madaniyat va ma`rifat” telekanali tele dorulfunundir. O`n yil mobaynida ong-u shuurimizga, qalbimizga, ruhimizga ziyo, nur taratib keldi. Ma`naviy ongimizni yuksaltiradigan, fasohat-u zakovatimizni boyitadigan, ma`naviy javohirot ulashadigan bu kabi telekanal juda sanoqli. Men bu kanalni kitobning televizion shamoyili deb bilaman. Kitobga bo`lgan munosabat, kitobxonlik mamlakatimizda siyosat darajasiga chiqqan bir paytda bu kabi foydali kanallarning yopilishi ma`naviy halokatdan boshqa narsa emas.
Eslatib o`tamiz, Madaniyat va ma`rifat telekanali O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 30 iyuldagi qarori asosida tashkil etilgan, MTRK tizimidagi madaniyat, san`at, adabiyotga oid ko`rsatuvlarga ixtisoslashgan yagona telekanalni nima sababdan yopish rejalashtirilayotgani ochiqlanmagan.