AsosiyDunyo

Italiyada tug`ilish eng past darajaga etdi

'Italiyada tug`ilish eng past darajaga etdi'ning rasmi

Italiyada 2022 yili 393 ming nafar chaqaloq dunyoga keldi. Bu raqamlar mamlakatda tug`ilish darajasi 1961 yildan beri eng past ko`rsatkichga etganini ko`rsatmoqda. Bu haqda "Zamon.uz" xabar bermoqda.

“Bu demografik inqiroz — kelajakda biz ko`plab aholini yo`qotamiz”, — deydi Rimdagi LUISS universiteti professori.

Mutaxassislar 2008 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin Italiyada aholining tabiiy o`sishi barqaror ravishda pasayib borayotganini qayd etgan. Bu tendensiya xavotirli, chunki mamlakat aholisining tez qarishi davlat byudjetiga bosimni kuchaytirmoqda. Italiya Milliy statistika instituti prognozlariga ko`ra, 2070 yilga borib 59 millionga yaqin mamlakat aholisi 48 millionga kamayadi.

Ilgari rasmiylar tug`ilish darajasini oshirish uchun moddiy rag`batlantirish yo`li bilan demografik vaziyatni tuzatishga harakat qilgan. 2021 yili o`sha paytdagi Bosh vazir Mario Dragi hukumati har bir yangi tug`ilgan chaqaloq uchun 50 evrodan 175 evrogacha oylik nafaqa berishni boshlagan: pul bola iqtisodiy jihatdan mustaqil bo`lgunga qadar yoki 21 yoshga to`lguncha to`lanadi. Har qanday italyan oilasi, shu jumladan, badavlat oilalar ham ushbu sxemaning ishtirokchisi bo`lishi mumkin.  Loyiha 2022 yil 1 martda boshlangan.

Italiyaning amaldagi bosh vaziri Jorjiya Meloni hukumati ham yangi tug`ilgan chaqaloqlar sonining kamligidan bir necha bor xavotir bildirgan. Iqtisodchilarning ta`kidlashicha, tug`ilishni rag`batlantirish uchun faqat nafaqa berish etarli emas.

 

    Boshqa yangiliklar