AsosiyDunyo

Xitoy Afg`oniston bo`yicha o`z pozisiyasini e`lon qildi

'Xitoy Afg`oniston bo`yicha o`z pozisiyasini e`lon qildi'ning rasmi

Xitoy Afg`onistonning mustaqilligi va suverenitetini hurmat qiladi, uning ichki ishlariga aralashmaydi va bu davlatga nisbatan shaxsiy manfaatlarini ko`zlamaydi. Bu haqda "Zamon.uz" xabar bermoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi e`lon qilgan hujjatning 11-bandida Pekinning Afg`oniston masalasi bo`yicha pozisiyasi bayon etilgan.

“Xitoy Afg`onistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini, afg`on xalqining mustaqil tanlovini, uning diniy e`tiqodlari va etnik urf-odatlarini hurmat qiladi”, — deyiladi hujjatda.

XXR Afg`oniston ochiq va inklyuziv siyosiy tuzilma yaratishiga, muvozanatli ichki va tashqi siyosat olib borishiga, boshqa davlatlar, ayniqsa qo`shnilar bilan do`stona munosabatlarni saqlab turishiga umid bildiradi.

Pekin Afg`onistonni qayta tiklash va rivojlantirish uchun o`z imkoniyatlari doirasida yordam ko`rsatishni davom ettiradi, turli yordam majburiyatlarini rejalashtiradi va amalga oshiradi. “Xitoy Afg`onistonning “Bir makon, bir yo`l” qo`shma qurilishidagi ishtirokini olqishlaydi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, hujjatda Xitoy afg`on qochqinlari taqdiridan xavotirda ekani, ikki tomonlama va ko`p tomonlama kanallar orqali insonparvarlik yordamini ko`rsatishda davom etishi aytiladi. Xitoy TIV Afg`oniston bo`yicha o`z pozisiyasini 13 aprel kuni Samarqandda Rossiya, Xitoy, Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston va O`zbekiston ishtirokida bo`lib o`tadigan Afg`onistonga qo`shni davlatlarning to`rtinchi vazirlar konferensiyasi arafasida e`lon qildi.

    Boshqa yangiliklar