Afg`onistonning Ostonadagi diplomatik missiyasi “Tolibon” tomonidan tuzilgan tarkibda o`z faoliyatini davom ettiradi.
Bu haqda bugun “Tolibon” hukumati Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo`yicha o`rinbosari mulla Abdul-G`ani Barodarga tayanib, “TOLOnews” xabar berdi.
Aytilishicha, Qozog`iston Bosh vazir o`rinbosari Serik Jumangarinning Qobulga tashrifi chog`ida “Tolibon” vakillari Afg`onistonning Ostonadagi elchixonasi binosini o`zlariga topshirishni so`ragan. Mulla Abdul-G`ani Barodarning ma`lum qilishicha, Qozog`iston “Tolibon” tomonidan elchixonada ishlash uchun yuborilgan diplomatlarni qabul qilishga va`da bergan.
Shuningdek, Qozog`iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aybek Smadiyarov Ostona "Tolibon" vakillariga akkreditasiya berishini aytgan. U Qosim-Jomart To`qaevning Qozog`iston Afg`onistonni hozirgi qiyinchiliklar bilan yolg`iz qoldirmasligi haqidagi fikrlarini eslatgan.
Bundan tashqari, Qozog`iston hukumati matbuot xizmati Afg`onistonda Qozog`iston savdo uyi ochilishini, uning bosh ofisi mamlakat g`arbidagi Hirotda joylashganini ma`lum qilgan. Savdo uyi ochilishi Qobulda bo`lib o`tgan Qozog`iston-Afg`oniston biznes-forumida e`lon qilingan. Unda Qozog`iston Bosh vaziri o`rinbosari, Savdo va integrasiya vaziri Serik Jumangarin hamda oziq-ovqat sanoati (un, makaron, qandolat, ichimliklar va sut mahsulotlari)dan 18 nafar qozog`istonlik tadbirkor-eksportchilar ishtirok etgan.






