“Omikron” shtammining dunyo bo`ylab tarqala boshlagan XBB.1.16 subvariantiga “Arktur” deb nom berilgan, deya xabar bermoqda SSV matbuot xizmati.
Ilk bor shu yilning yanvar oyida aniqlangan mazkur shtamm hozir asosan Hindistonda avj olmoqda. Hatto mamlakatning ba`zi hududlarida aholi yana tibbiy niqob taqishga majbur bo`lyapti.
Yaponiyaning Tokio universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijasida XBB.1.16 versiyasi “kraken” deb atalgan XBB.1.5 subvariantidan 1,2 baravar yuqumliroq ekanligi aniqlandi.
Qolaversa, yangi mutasiya asosan immunitet tizimining ishlashiga to`sqinlik qiladi, degan taxmin ilgari surilyapti.
Ekspertlar xulosasiga ko`ra, “Arktur” yaqin kelajakda butun dunyo bo`ylab dominant variantga aylanishi mumkin. Buning oldini olish uchun kasallikka qarshi emlanish eng samarali chora, deb baholanmoqda.






