1

«Asrab olgan bo`lsak ham, haqiqiy farzandimizsan!»

Mutolaa 06.10.2016, 10:26
Teglar: Xikoya
«Asrab olgan bo`lsak ham, haqiqiy farzandimizsan!»

Umidjon o`n olti yoshga kirgan kunni katta bir restoranda sinfdoshlari davrasida nishonlab berdi. O`sha kuni Umidjon dadasidan uydagilarni olib keting, do`stlarim bilan bemalol o`tira olmayapman, ular sizlardan uyalishyapti, deb xarxasha qildi. Komil, agar uyga o`z vaqtida borishga so`z bersa, aytganini bajarishini tayinlab, ota-onasi va xotinini olib restorandan uyga qaytishdi. Ammo o`sha kuni “Kichkina boy” dadasiga bergan va`dasida turmadi. Yarim kechasi mast-alast holda uyiga zo`rg`a kirib keldi...

Hayotni kemaga o`xshataman. Taqdir dengizi mavjlari qay yo`nalishga bursa, o`sha tomonga buriladi. Tabiiy, dengiz har doim ham bir maromda turavermaydi. Ba`zan to`lqinlar shovullaydi, ba`zan quloqni qomatga keltirgudek jimjit... To`lqinlar kemani o`z zabtiga olganda kema kapitani to`g`ri qaror qabul qila olishi kerak…  

Sinfdoshlari kabi Mushtariy ham erta turmushga chiqdi. Uni bir qarashda sevib qolgan Komil holi-joniga qo`ymadi. Endigina o`n sakkizga qadam qo`ygan qizgina yuzlari oydek, qoshlari kamondek edi. Sochlarini sara-sara o`rdirib olar, qishloqda ne-ne yigitlarni ishqida kuydirib yurardi. Komilning ota-onasi qishloqning eng boy odamlari bo`lib, yakka-yu yagona o`g`liga o`ziga munosib joydan kelin qilishni xohlashdi. Komil to`rt yil deganda poytaxtdan oliy ma`lumotli, xushqomat yigit bo`lib qaytgan edi. Yigitning ishqi  bundan to`rt yil ilgari sumalak saylida ko`rgan, ko`rib aqlini o`g`irlatgan Mushtariyga tushgandi. Ota-onasining tanbehlariga qaramay Komil Mushtariyga uylandi. Bu to`yga qarshilik qilgan onasi ham to`yda o`g`lining baxtini ko`rib sarmast bo`lib qolgandi. Oradan yillar o`tdi. Qo`li olti, oyog`i etti bo`lib yumush bajaradigan chaqqon kelin ming xizmat qilmasin, qaynonasining qo`liga bitta bola tutqazmaguncha yaxshi kelinga aylana olmasdi. Qaynonasining ovozi balandlashdi:

— Menam qarib qoldim. Hech nimadan kamimiz yo`q, shukr. Ammo mengayam Xudoyim nabira bersa, uni bag`rimga bosib erkalab o`tirish nasib etsa, deyman.

— Ha, sabr qil. Unisiyam bo`ladi, — bu qaynotasining ovozi edi.

— Lekin qachon? Uch yildan beri kutaman o`sha kunni. Ana, odamlar ham ortimizdan turli gap-so`zlar qilishayapti. Tunov kuni Salimanikiga chiqqaniydim. Nima deydi deng. “Nega shu vaqtgacha davolanmayapti? Yo… ayb o`g`lingizda ekanmi? Agar shunaqa bo`lsa-chi, shaharda yaxshi klinikalar ochilibdi, erkaklar xastaligini davolaydigan” emish. O`zim ham bilaman shaharda nima boru, nima yo`qligini!

— Hay baqirma, kelining eshitib qoladi.

— Eshitsa eshitsin. Balki shunda o`zining aqli ishlab, biror chora ko`rishga harakat qilarmidi. Yo jiddiy davolansin, yo tugunini olib ketsin!

Mushtariy yugurib yotog`iga kirib, yum-yum yig`ladi. Ko`z oldidan shu kungacha o`tgan shirin onlari birma-bir o`ta boshladi. O`ziga o`zi va`da berdi, yana oxirgi marta shaharga borib jiddiy tekshiruvdan o`tamiz, agar bu safar ham natija bo`lmasa, ajrashamiz

Ular o`sha kuniyoq poytaxtga jo`nashdi. Komilning ammasinikiga joylashishdi. Ertasiga shifokorlar har ikkalasini ham tekshiruvdan o`tkazishdi. Komil va Mushtariy oxiri nima bo`lishini bilishmas, lekin bir-biridan kechmasliklarini kelishib olishdi.

— Sizlarda hammasi yaxshi, faqat genetik jihatdan bir-biringizga kelmas ekansizlar. Ikkingiz ham boshqa turmush qursangiz farzand ko`rishingiz mumkin.

Kutilmagan xabar ikkalasini ham gangitib qo`ydi. Bir kam dunyo degani shumi, bir-birini jonidan ortiq ko`rgan ikki yoshning ustidan taqdir kulyaptimi?

— Nahotki bir iloji bo`lmasa?...

— Afsus, singlim. Ba`zi narsalarga fan ojizlik qiladi. Ammo bir yo`li bor, bunga rozi bo`lasizmi yo`qmi, bilmadim…

— Qanaqa yo`l ekan? – Komil tezroq o`sha yagona imkon xaqida bilgisi kelib shoshilardi.

— Yuzlab oilalar shu usul orqali farzand ko`rishga muvaffaq bo`lishgan. Shunday qilsangiz aniq bolali bo`lasiz, deb ayta olmayman. Ammo bir harakat qilib ko`rishingiz kerak. Ayolingiz o`z qornida birovning zurriyotini ko`tarib yuradi... — shunday deb shifokor bu fandagi yangi usulni er-xotinga tushuntira ketdi, salbiy va ijobiy tomonlarini yaxshilab o`ylab ko`rishni tayinladi.

Ikkisi oilasini saqlab qolishni juda xohlardi, shuning uchun ham bu xaqda uzoq o`ylab o`tirmadilar. Yana qayta tekshiruvlar, muolajalar bilan oradan ikki oy o`tdi. Ming afsuski, yangi usul ham ijobiy natija bermadi. Qaynonasi bu xabarni eshitib chidolmadi.

— Bo`ldi, gap tamom! Senlarning sevgi-muhabbatlaringni deb bir umr tirnoqsiz o`tishlaringga indamay qarab tura olmayman…

— Axir, o`ylab gapiryapsizmi oyi, men boshqa insonga uylanmayman. Mayli, Xudo bersa shukur, bermasa, peshonamdan ko`raman… Lekin bu gapingizni boshqa eshitishni istamayman.

Qaynonasining kesatiqli gaplari, turtkilashlari, qovoq-tumshuq  qilishlari Mushtariyning jonidan o`tib ketdi.

— Komil aka, menimcha, oyijonim to`g`ri gapirayapti, biz ajrashsak, hamma muammolar hal bo`lishi mumkin…

— Yo`q, boshqa ayol bilan yashay olmayman. Men bir nimani aniqladim. Bilasanmi, biz yangi tug`ilgan chaqaloqni boqib olamiz, qarabsanki, u o`zimizning bolamizdek katta bo`ladi. Seni oyi, meni dada deb chaqiradi. Uni yaxshi inson qilib tarbiya qilamiz, o`qitamiz…

Komil ertasigayoq kerakli hujjatlarni tayyorlay boshladi. Bir necha oydan keyin oilada yangi tug`ilgan, qosh-ko`zlari Komilnikiday qop-qora, mittigina go`dakning yig`isi eshitila boshladi. Komilning onasi oldiniga begonaning bolasiga qaragandek qaradi. Ammo vaqt o`tishi bilan begonasirmay qoldi. Onasi yakkayu yagona nabirasiga Umid deb ism qo`ydi. Go`dak katta bo`la boshladi, avval bog`chaga, keyin maktab ostonasiga qadam qo`ydi. Komil o`g`lining tarbiyasi bilan  o`zi shug`ullanardi. Agar ayb ish qilsa, ayamasdan jazolar, maktabda yomon baho olgudek bo`lsa shaxsan o`zi dars tayyorlatardi. Ba`zi vaqtlar Mushtariy erining o`g`liga juda qattiq munosabatda bo`layotganidan yuragi siqilsa ham Komilning bu ishini qoralamasdi.

Umidjon o`n olti yoshga kirgan kunni katta bir restoranda sinfdoshlari davrasida nishonlab berdi. O`sha kuni Umidjon dadasidan uydagilarni olib keting, do`stlarim bilan bemalol o`tira olmayapman, ular sizlardan uyalishyapti, deb xarxasha qildi. Komil, agar uyga o`z vaqtida borishga so`z bersa, aytganini bajarishini tayinlab, ota-onasi va xotinini olib restorandan uyga qaytishdi. Ammo o`sha kuni “Kichkina boy” dadasiga bergan va`dasida turmadi. Yarim kechasi mast-alast holda uyiga zo`rg`a kirib keldi.

— Menga qara, nokas, senga ishongandim. Nega ishonchimni oqlamading? O`g`il bola bitta gapiradi… — Komil o`g`lining yuziga tarsaki tushirdi.

— Jon dadasi, uni kechiring, hozir u hushida emas… ertaga gaplasha qoling… — Mushtariy jon holatda eriga yopishdi.

Tong otdi. Komil xotinidan o`g`lini uyg`otishini so`radi. Umidjon ko`zlarini ishqalab dadasini ro`parasida kelib o`tirdi.

— Kecha nimalar qilding?

— Dada… do`stlarim  bilan bir qadahdan ichib, o`zimni yo`qotib qo`yibman… Kechiring, boshqa qaytarilmaydi.

— Bugundan boshlab o`sha do`stlaringni yig`ishtirasan, o`qishdan chiqib to`g`ri uyga kelasan. Tushundingmi?

Komil o`tmishni esladi. Mehribonlik uyi direktori Farida Yusupovnaning aytgan gaplariga unchalik e`tibor bermagandi. “Siz olayotgan bolaning onasi juda yaxshi ayol edi, tug`ruq paytida joni uzildi. Otasi esa xotinini tashlab, maishatga berilib ketgan. Bola tug`ilganida o`g`lini ko`rgani ham kelmadi. Davlat bundaylarni otalik xuquqidan mahrum qiladi. Bolani sizlarga berishni ma`qul topdik, endi uning tarbiyasi qo`lingizda…” Komil “zotiga tortibdi”, “suyagi suribdi” degan gaplarga ishonmasdi. Bora-bora otasiga tortib ketsa-ya, deb xavotirlana boshladi. Nahotki, uning tarbiyasini olgan odam boshqa birovga o`xshasa?

O`sha kundan keyin u o`g`lining har bir qadamini nazorat qila boshladi. Maktabiga borib o`qituvchilardan odobi haqida surishtirib turdi. Oradan ko`p o`tmay Umidjonning maktabidan sinf rahbari kelib, Komilni so`radi. Mushtariy xavotir aralash nima bo`lganini so`raganida, o`g`li ikki kundan beri darsga bormaganini ko`cha bezorilari bilan maktab oldida davra qurib, o`tgan-ketgan o`quvchilardan cho`tal yig`ib yurishga odatlanganini aytdi. Komilboy o`g`lini uyga qamab qo`ydi. Umid “Dada, bu ish yomonligini bilaman, lekin ba`zan hammani mot qilib qo`ygim keladi-da”, dedi. Komil o`ylay-o`ylay, bor gapni aytishga qaror qildi. Uni asrab olishganini, o`zlari farzand ko`rolmasliklarini, onasining vafoti va otasining etti yil avval piyonistalikdan vafot etganini — hammasini aytdi. Qarshingda ikki yo`l bor, mening aytganimni qilib, o`g`lim degan nomga munosib bo`lasan, yoki o`sha odamning taqdirini tanlab, hayotingni barbod qilasan, sening qonining meniki emas, lekin joning, kelajaging yuragim parchasidan bunyod bo`ladi, dedi. Umid yig`lab yubordi.

— Meni kechiringlar… Siz istagandek inson bo`laman. Men boshqa otani bilmayman, agar o`sha ayol onamligi rost bo`lsa, meni dunyoga keltirgan onam uchun ham dunyoda yaxshi inson bo`lib etishaman… so`z beraman.

O`n yil o`tdi. Etim bola asrasang, og`zi-burning qon bo`ladi, deganlari noto`g`riligini Umidjon isbotladi. Hozir u yigirma olti yoshda. Ota-onasi orzu qilgandek yaxshi inson bo`lib etishdi. Tibbiyot institutini tamomlab, bolalar shifokori bo`lib ishlamoqda. Bu aytganlarim chin voqea, insonni muhit va tarbiya o`zgartira olishiga yaqqol isbot bu!

Eng katta gapni aytmabman. Umidjonga qizimni beryapman. Axir, mahallamizdan bundan-da tinch, baxtli oilani topolmayman-da!

Zebiniso G`IYoSOVA yozib oldi

Sharhlar

Yigirma yil kutilgan baxt

16.01.2017, 14:47

— Turmush qurganimizga yigirma yil bo`ldi, — dedi tahririyatga qo`ng`iroq qilib o`zini Dinora opa deb tanishtirgan muxlisamiz. — Turmush o`rtog`im ikkimiz institutda o`qib, sevishib, ota-onamizning...
Kelin qul deganimi?

13.01.2017, 15:24

Shahlo qaynonasining qadam tovushlaridan uyg`onib ketdi. Endigina ko`zi ilingandi-ya. Qizini uxlatish qiyin, yoshiga to`lmay sun`iy ovqatga o`rgatgani uchun bir dardi ikki bo`lgan. Shahloning o`zi belida...
«Sevganim chiroyli…»

12.01.2017, 16:28

Turmush o`rtog`ing chiroyli bo`lsa ham qiyin ekan. Atrofdagi ayollar undan ko`z uzmay turishiga chidash osonmi? Bunday vaziyatda rashk qilish, ko`z yosh to`kish, ketaman deb qo`rqitish...
«Dadam va onamni yarashtirganim…»

11.01.2017, 11:26

Makr ishlatish ayollarga xos, deyishadi. Ammo yosh bo`lishimga qaramay, men ham makrdan foydalandim. Buni yomonlikka yo`ymang. Oilamizni saqlab qolish uchun qildim buni… Bir boshidan aytib...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1