Yaman poytaxti Sanada tiqilinchda qolib qurbon bo`lganlar soni 80 kishidan oshib ketdi, deya yozmoqda “ zamon.uz”.
“Poytaxtning sharqiy qismida bab-al-Yaman tumanidagi Main maktabida joylashgan gumanitar yordam tarqatish markazida ro`y bergan tiqilinchda qurbon bo`lganlar soni 80 kishidan oshdi. Ular orasida bolalar ham borligi ta`kidlanmoqda. Shuningdek 120 kishi jarohat olgan”, – deyiladi xabarda.
Manbada ta`kidlanishicha, jarohat olganlar orasida 20 dan ziyod kishining ahvoli juda og`ir, shu bois yaqin orada qurbonlar soni yana ortishi mumkin.
Guvohlarning ta`kidlashicha, bu ilk bor kuzatilayotgan fojiadir. Tadbirkorlar har haftada aynan shu joyda muhtojlarga yordam tarqatgan va shu vaqtgacha bunday hodisa kuzatilmagan.
Xusitlar tashkil qilgan Oliy siyosiy kengash tarqatgan xabarda ta`kidlanishicha, kengash rahbari Maxdi al-Mashat halok bo`lganlarning oila a`zolariga hamdardlik bildirgan va voqeani tekshirish uchun maxsus qo`mita tuzishga ko`rsatma bergan.






