U kino va teatrdagi bir qator rollari bilan tomoshabinlar qalbidan joy olgan aktrisa. Quvnoq, samimiy va hamisha kulib turadi. Kezi kelganda shaddod, lozim topsa, jiddiy ham bo`loladi. O`zim uchun kashf qilolganim esa o`zidan kimnidir yasaymadi. His etganini aytadi, xolos. Ehtimol shunisi bilan ham u Dilnoza KUBAEVAdir.
– Intervyu vaqtini kelishish uchun qo`ng`iroq qilganimda «Maqtangulik yangiliklarim yo`q», dedingiz. Rost, bugun avvalgidan kamnamosiz?
– Yaxshi ssenariylarni kutayapman. Vaqt masalasida hamisha rejaliman. Barchasiga ulgurishga harakat qilaman. Ammo qani o`sha ijro etishga arzirli rol?! Juda baland talablarim yo`q. Kasbiy nuqtai nazarimdan kelib chiqib yondashaman, xolos. Agar professionallik tarafidan javob beradigan ssenariy, yaxshi ijodiy jamoa bo`lsa, jon deb filmda ishtirok etaman. O`zimga bog`liq bo`lmagan taraflari ham bor.
– Topshirilgan rolga kirishishingiz osonmi?
– Har doim har xil. Ba`zan hayotda kam uchraydigan obrazlar beriladi, ba`zida etti uxlab tushimga kirmaganlarini olaman. Notanish xarakterli obrazni ko`rganimda qo`rquv bosadi. Qahramonimni tushunib olgunimcha «ishtaham bo`lmaydi». Tomoshabinni ishontirolamanmi, vazifani uddalay olarmikanman degan vahima paydo bo`ladi. To`g`ri, sizga topshirilgan rolni o`zingiz maromiga etkazishingiz kerak. Ammo jamoa uni qo`llab-quvvatlamasa, yo`l-yo`riq ko`rsatmasa, bir kishi hech nima qilolmaydi. Shunga ham yuqorida yaxshi ijodiy jamoa haqida so`z ochdim. Haqiqatan ham atrofingizda o`z ishining ustalari bo`lsa, ish jarayonida qo`rquv tarqab ketadi.
– Ishdagi qo`rqoqlikni engolarkansiz, hayotdagisini-chi?
– Hayotda qo`rqoq emasman! Mutlaqo! Chunki bu mening hayotim, birovniki emas. Lekin kinoda, sahnada kimningdir hayotini gavdalantiraman. O`sha kimdir uchun javobgarlikni olaman elkamga. Shunisi xavotirga soladi. Shukrki, onamning duolari, ustozlarimning pand-nasihatlari mushkul vaziyatlarda yordam beradi.
– Kuyinib gapirayapsiz-u, biroq ijro etgan rollaringizning hammasi ham omadli chiqqan deyolmaymiz.
– Rolning qanday chiqishi faqat aktyor-aktrisalarga bog`liq bo`lvermaydi. Ko`p narsa rejissyorga borib taqaladi. «Yaxshi chiqmagan rollaringiz», deyapsiz. Har birini tahlil qilib, asoslab berishim mumkin. Xatolarimni bilaman. Chunki o`zimga nisbatan juda talabchanman, tanqid qilaveraman. Shu o`rinda bir narsani ham inobatga olaylik-da, har doim ham «zo`r» bo`lolmaymiz.
– «Kelgindi kelin», «Telba», «Kechikkan hayot» — bu filmlardagi rollaringiz haqiqatan ham «gapiradi».
– Siz tomoshabinsiz, men rol ijrochisi. Har bir tomoshabinning didi har xil. Masalan, menga yoqadigan boshqa rollarim ham bor. Shunaqa yaxshi ssenariylar keladi, rolingga kirishib, qorishib ketasan. O`zingdan ortiqcha narsa qo`shishing ham shart emas. Gohida esa qo`lingizga tutqazgan ssenariyning chala joylarini ko`rasiz, rolning mukammal emasligi yoki mantiqan to`g`ri emasligi ranjitadi. Ana shundaylarini yuzaga chiqarish qiyin. Ammo buni biz bilamiz. Tomoshabin esa premeradan so`ng aytadi fikrini.
– Komediya va drama. Har ikkisida ham o`z ijro uslubingiz bor. Lekin ularning qay biri sizni «yonib» ijod qilishga undaydi?
– Har ikkisida ham maroq bilan ishlayman, agar «material» shunga yarasha bo`lsa. Yig`laydigan sahnada mantiq, ma`no bo`lmasa, qahramoningizni yig`latishdan nima naf? O`z o`rnida bu kuldirishga ham taalluqli. Muhimi, har qaysi yo`nalishda ham hayot bo`lishi kerak. Oxirgi suratga tushgan filmimda chindan ham «yondim». Bu rol meni yondiroldi.
– Murod Muhammad Do`st ssenariysi asosida suratga olingan «Ko`rgim keladi» filmini nazarda tutayapsizmi? Qahramoningiz xonanda, ruhan kuchli ayol.
– Haqsiz. Ziyoda juda matonatli, kuchli ayol.
– O`zingiz uchun undan nimalarni o`rgandingiz?
– Ziyoda bilan o`xshashliklarimiz bor. Ikkimizni sabr birlashtirib turadi. Hayotning o`zi sizni toblarkan, chiniqtirarkan. Bilmay qolarkansiz. Yo`l-yo`riq ko`rsatishganida, anglay olishga ulgurish kerak ekan. Bilasizmi, shu filmni tomosha qilganda xursand bo`lib ketaman. Bu rolim bilan faxrlanaman.
– Xarakteringizga yaqin kelgan rol uchrabdi, hayotingiz, taqdiringizga yaqinlashgani bo`ldimi ular orasida?
– Yo`q. Unaqasi bo`lmagan.
– Ijodda muvafaqqiyatga erishishdan ko`ra uni ushlab turish qiyinroq, deyishadi.
– Juda qiyin. Odamlar og`ziga tushganimdan so`ng mashhurlik onlarini sezganman. Jindek qo`rqqanman o`shanda. Birgina noto`g`ri tashlangan qadam meni qulatadi. Men zinadan yuqoriga ko`tarilishim kerak, derdim. Uddalay olarmikanman? Xavfsiraganman. «Kelgindi kelin»dan keyin «Telba» zinaning navbatdagi pog`onasiga ko`tarilishimga yordam berdi. Muvaffaqiyatni ushlab qolish faqat rol bilan o`lchanmaydi. Odamlar, hamkasblar, qo`yingki, mahalla-ko`y oldidagi muomalang, yurish-turishing, axloq-odobingga ham bog`liq.
– Hamon teatrda ijod qilayotganingiz quvonarli. Charli Chaplin so`zi bilan aytganda «Teatrda tarbiyalangan aktyor-aktrisalarning qanoti bo`ladi va ular ucha olishadi». Siz ham uchasizmi?
– To`g`ri, bizning qanotimiz bor! Sahnada uchamiz! Men ham uchaman! Biror-bir spektalga tayyorgarlik ko`rish uchun qancha mashaqqatlardan o`tamiz. Sahnaga chiqib, tomoshabin bilan yuz ko`rishganimizdan so`ng barcha charchoqlar unutiladi. Parda ko`tarildimi, tamom, mutlaqo boshqa hayot boshlanadi. O`zingni unutadigan, uchadigan lahzalarni beradi bu sahna. Rol ijro etayotib, zaldagi tomoshabinning bilinar-bilinmas yig`isi, yoki shodon kulgusini eshitsang, maza qilasan. Demak, aloqa bog`landi. Ana shunday paytlari qanoting paydo bo`ladi. Buni tushuntirish qiyin, his etish kerak. Teatrni mahkam tutganman, qo`yvormayman ham. Ustozim Munavvara Abdullaevaning «Teatrdan hech qachon ketish kerak emas» degan so`zlarini o`zim uchun shior qilib olganman. Ijodkorning muqim ish joyi bo`lishi lozim. Bu erdagi ishim bilan kinoga ham ulguraman. Biri biriga xalaqit bermaydi.
– «Ogoh bo`ling, odamlar» spektalidagi qahramoningiz vaziyat qurboniga aylangan, g`aliz niyatli kishilar tomonidan aldangan ayol. Ammo eri uni kechiradi. Real hayotda ham shunday mardlar bormikan?
– Siz ishonmaysizmi, mard erkaklar oz bo`lsa ham borligiga?
– Bilmasam...
– Men ishonaman! Balki shunaqa bo`lishini hohlasam kerak. Yo`q, menimcha bor. Biz mo``jizalar qilamiz, fidoiylik ko`rsatamiz oilamiz, farzandlarimiz uchun. Erkaklar orasida ham shundaylari bor. Faqat ularni ko`ra olish kerak. Spektakldagi erkak obrazi ham hayotdan olingan.
– Siz kabi men ham o`g`il farzand tarbiyalayapman. Kichikligidan sabrli, irodali bo`l. Mard bo`l, zinhor ayollarni haqorat qilma, deyman-u, keyin o`ylanib qolaman, ayolligimdan kelib chiqib aytmayapmanmikan?
– Menimcha, halol-harom, birovning haqi yoki ayollarga nisbatan hurmat haqidagi tarbiyamiz ayollik manfaatimizga kirmaydi. O`g`lim Muhammadaminga «Ayollarni yig`latish kerak emas, haqorat qilib bo`lmaydi. Sen erkaksan, kuchli bo`lishing kerak», deb ko`p gapiraman. Kichikligidan eshitganlari xotirasida muhrlanib qolishini istayman. Ulg`aygach, men kabi «Onam shunday derdi», desin, har so`zida, har qadamida eslasin.
– Abdulla Qodiriyni yig`latgan «Kumush»ni his etoldingizmi? «O`tgan kunlar» spektaklidagi rolingizni nazarda tutayapman.
– Qachon his qildim aytaymi? Mirzakarim Qutidor kuyoviga «uylanasiz» degan sahnasida, Kumush ikkisining suhbatini eshitib, sekin xonadan chiqadi-da «Men rozi, men ko`ndim», deydi. Ana shu epizodda Kumushga qo`shilib yig`layman. Kumushni kuchliroq his qilaman. Qarang, muhabbat kuchini. Rolimning mas`uliyati juda katta. Yuki ham og`ir. Uni maromiga etkazib ijro etish uchun o`z ustimda hali ko`p ishlashim kerak.
– Spektakl tugagach, roldan chiqa olish, yana oddiy Dilnoza aylanish qanday kechadi?
– Bir odatim bor, his-tuyg`ularimni yashiraman. Nega shunday, ochig`i, o`zimga ham ayon emas. Boshimda og`riq turadi, yuragimni bir narsa o`rab oladi. Balki shu holatlar bilan ularni tashqariga chiqarib yuborolmasman. Spektakl tugagach, tomoshabin olqishiga tabassum ulashaman. Biroq rolim ta`sirida yuzaga kelgan hislar boshimda og`riq, yuragimda bezovtalik paydo qiladi. Bildirmayman, hatto yaqinlarimga ham. Bu holat bir-ikki kunda o`tib ketadi. Kumushning zahar ichadigan sahnasini ijro etib, jonim og`riydi. «Nima uchun bunday bo`ladi?» deb kuyinib ketaman. Lekin buni o`zim bilaman xolos, o`zgalarga bildirmayman.
– Hissiyotlaringiz oshkor etishga nima to`sqinlik qiladi?
– Xarakter bo`lsa kerak? Yana bilmadim...
– Bilasizmi, ba`zan hayotimni chetdan kuzatgim keladi. Oddiy tomoshabin sifatida.
– Menda ham shunday istak bor. Hayotimni chetdan ko`rgim keladi. Odamlar orasida qandayman, meni qanday timsolda ko`rishadi? Bilgim keladi. Ko`pincha volidamdan so`rayman: «Mana, shu vaziyatda nima deyisharkan men haqimda?» Onam qanday javob bersa ham, albatta, to`g`ri xulosa chiqaraman, xolis qarayman.
– Oskar marosimini kuzatib borasizmi?
– Ko`pincha xulosasini eshitaman.
– Meni esa taqdirlanganlarning sahnadagi nutq so`zi hayajonga soladi: «Bu onlarni bir umr kutgandim!» Menimcha, har birimizning hayotimizda ana shunday kutilgan, sog`ingan lahzalarimiz bo`lishi kerak.
– Haqsiz. Intilib, kutib, sog`inib yashamasang, hayotning nima ma`nosi qoladi? Oddiy kunga ko`nikib yashayversang, undan ortig`ini ololmaysan. Inson niyati bilan ularni chaqiradi. Ba`zan o`zimiz sehrgarga aylanamiz. Menda shunday bo`ladi. Xayolan niyatimni chizaman. Sekin-asta so`raganim amalga oshadi. «Oson ekan-u, shuni oldinroq qilsam bo`lmasmidi?» deb qolaman. Sog`inayotgan damlarimizni shunchaki kutmaylik, so`rab olaylik, tezroq kelsin.
– Fikrlar moddiylashishiga ishonar ekansiz.
– Chunki ular hayotga ko`chadi-da. Yaratgan har birimizning qalbimizni eshitadi. Nimaga yaxshi narsalarni, yorug` kunlarni so`rashimiz kerak emas?!
– Ayni damda nimalarni sog`inayapsiz?
– Yaxshi kinoni sog`inayapman. Yangilik qilib odamlarni yana hayron qoldirish, xursand qilishni juda sog`inganman. Har doim noodatiy kunlarni sog`inib yashaymiz. Sog`inganim ijod!
– Farzandingiz bilan suhbatlashasizmi? Orzulari, o`y-fikrlari haqida.
– (kulib) Soatlab gaplashaman. Uning beg`ubor qarashi, o`ziga xos olami, kashfiyotlari – bariga chanqoqman. Hammasini bilgim keladi. Qanday ulg`ayyapti, nimalarni istayapti. Aytayotganlarimni o`zlashtirayaptimi, ko`cha-ko`yda qanday, sekin-asta gapga solib, so`rab olaman. Hozirdan «Sen kelajakda shifokor bo`lasan, eng olijanob inson bo`lasan. Odamlarning dilini ham, xastaligini ham davolaysan», deyman. «Qabulingga moddiy tarafdan nochorroq bemor kelsa, qanday yo`l tutasan?» deb so`rab qo`yaman. Kutgan javobimni eshitib, «Shukr to`g`ri tarbiya berayotgan ekanman», deb quvonaman.
– Shifokor bo`lishga o`zi rozimi?
– «Balki boshqa kasbga qiziqayotgandirsan?» desam, «Yo`q, oyijon, shikofor ham bo`laman, futbol ham o`ynab turaman», deydi bolalarcha. O`g`limni majburlamayman. Oilamizda majburan kasbga yo`naltirish bo`lganida, bugun men san`atkor bo`lmasdim.
– Hamisha kulib turasiz. Tabassumingiz ortida nima yashiringan?
– Tabiatan shunaqaman. O`zimni majburlab kulmayman. Axir tabassumni uzoq vaqt ushlab turib bo`lmaydi-ku. Atrofingdagilarga kulib boqish uchun ham kuch topa bilish kerak. Kimgadir moddiy taraflama yordam berolmasman, ammo tabassum bilan kayfiyat ulasholsam baxtiyorman.
– Kulib turgan insonning qalbi yig`lasa ham bildirmaydi.
– Ba`zan shunaqa kunlarim ham bo`ldi, kulolmay qoldim. Dardim engdi tabassumimni. Yaratganga shukr, sinovlarga bardoshli bo`lsangiz, yorug` kunlarga etishar ekansiz. Yaxshi kunlarga erishish uchun yomon kunlarni yashab o`tish kerak. Odamlar faqat yaxshi kunlarni istashadi. Agar hammasi yaxshi bo`laversa, ko`tarolmay qolamiz. Quturib ketishimiz mumkin. Yoki gapim noto`g`rimi?! Shu kunlarga etganimga ham shukr qilaman, hech qachon «Nega bunday bo`ldi?» demayman. Qiyinchiliklarni, muammolarni engsam, qalbimda chechaklar barq urib ochilishiga ishonaman. Xudoyim oson hayotni berishi mumkin, lekin chiroyli kelajakdan siqib qo`yishi hech gap emas. Mashaqqat bilan zinama-zina ko`tarilish qadrliroq bo`ladi. Men shuni istayman.
– Maqsadingiz aniq, o`zingizga ishonchingiz kuchli. Hamisha shunday bo`ling. Istardimki, keyingi suhbatlarda ham bugungidek kayfiyat sizni tark etmasin.
– Tashakkur! Barchamizning niyatlarimiz ijobat bo`lsin!
– Yomg`irda sayr qilishni yoqtirasizmi?
– Juda ham! Romantikman! Maydalab yomg`ir yog`ib tursa, er hidi dimog`ingizga urilsa... Jimjitlik bo`ladi yomg`ir yoqqanida. Ana shu damlarni yoqtiraman.
– Soyabon tutib sayr qilasizmi yoki aksincha?
– Soyabonsiz! Yomg`ir tomchisi yuz-ko`zimga tegishini xohlayman.
– Bejiz so`ramadim. Soyabonda sayr qilishni yoqtiraman deganlar ko`pincha himoyada bo`lishni istasharkan. Siz kabi javob esa qiyinchiliklarni o`zim engaman, deganlarniki.
– Psixologik so`rov ekan-da (kulib). «Bugun yomg`ir yog`masin-da» deganlarni ko`rsam, hayron qolaman. Qanaqa qilib uni yoqtirmaslik mumkin, yomg`irni-ya... Axir dilimizdagi g`uborlarni yuvib ketadi-ku.
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.