1

«Erimni sevmayman... meni majburlab uzatishgan!»

SUG'DIYONA 06.10.2016, 11:46
Teglar: Ayol, Oila, Er-xotin
«Erimni sevmayman... meni majburlab uzatishgan!»

Majburan turmushga uzatilish, ko`ngilsiz yashash, hammasiga ajrim bilan nuqta qo`yish... Muammo kimda? Nahot ko`ngilni ko`ndirib bo`lmasa ?Mavzuni ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan atroflicha muhokama etishga harakat qilamiz.

 

«Oila qurganimga to`rt yildan oshdi. Turmushimiz sovchilik asosiga barpo bo`lgan. Erimni yaxshi ko`rmayman. Ota-onam o`shanda ko`nglimga qarashmadi, mana endi, azobini tortayapman... Men baribir bu inson bilan yasholmayman, bir kun ajrashaman...»

Munojat, Jizzax viloyati

Majburan turmushga uzatilish, ko`ngilsiz yashash, hammasiga ajrim bilan nuqta qo`yish... Muammo kimda? Nahot ko`ngilni ko`ndirib bo`lmasa?

Mavzuni ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan atroflicha muhokama etishga harakat qilamiz.

«Qizimga nima yaxshi-yu nima yomon, o`zim bilaman! To`ydan keyin har qanday ayol erini yaxshi ko`rib ketadi!»

ADAShASIZ! Hurmatli ota-ona, bir paytlari qizlarga «Qorning to`q, usting but bo`ladi», deyishsa, ko`nib, o`zlari yaxshi tanimagan inson bilan oila qurishgandir. Bugunning yoshlarini esa fikrlashi, dunyoqarashi tamoman boshqacha. Chunki miyasining o`ng yarim shari ham, chap yarim shari ham faol. Ular faqat jismoniy ehtiyojlar (er-xotin bo`lib yashash, bola-chaqa qilish, uy-joyli bo`lish, ro`zg`or butligi) bilan qoniqishmaydi. Ruhan ham ozuqaga muhtoj. Katta to`ylar qilib, sarpolarning zo`ri, mebel, chinni bilan alday olmaysiz. Ular tushunishlarini, eshitishlarini, tuyg`ulari bilan hisoblashlarini istashadi. «Qo`shnim nima deydi, ota-onam siqiladi», degan fikrlar begonalashib borayapti. Buni tabiiy hol deb qabul qilib, bugunning yoshlari mas`uliyatsiz, bebosh, betgachopar deya, kaltaklamasdan, boshingizga yana bir muammoni sotib olmang. Qiz uzatayapsizmi, o`g`il uylantirayapsizmi, ko`ngli bilan hisoblashing. Shunda mas`uliyatning 90 foizini o`zlarining elkasiga yuklaysiz. “Siz pishirgan osh” deb, yutmasdan o`tirmaydi, turmushining taxirliklarini shirin qilishga urinadi.

«Menga shu qiz yoqdi, uylanaman!»

BILIB QO`YING! Olaxurjunni elkasiga olayotgan kuyovbola, birovning bolasi oldida mas`uliyatingiz ikki karra oshdi! Ya`ni yoqib qolgani uchun sizga moyilligi bo`lmagan qizga uylanish fikrida qat`iy turgan ekansiz, uning yuragini zabt etishingiz kerak. Uchrashuvga chiqqanda bilasiz-ku, bo`lajak kelin sizni o`zi tanladimi yoki ota-onasi? Orzu-niyatlari nima, qiziqing, fikrlarini hurmat bilan tinglang, ota-onasining bosimidan charchagan kelinning ko`ngliga qarang. Yangi kelin uyaladi, tortinadi, o`zini begonadek his qiladi. Uni o`zingizniki qilishda qo`rslik, zo`rlik ish bermaydi.

«Majburan turmushga chiqishni istamayman!»

QAT`IY TURING! Ota-onangiz sizni tushunmayotgan, tinglamayotgan ekan, o`zingiz o`zingizni tushunishga qodir bo`ling. Nima uchun qarshilik qilayapsiz, nega ko`nglingiz kuyovlikka nomzodga chopmayaptimi, yuragingizda muhabbat kurtak ochganmi,  avvalo, o`zingiz uchun shularni aniqlashtirib oling-da, keyin uyingizdagilarga tish yoring. Janjal, tantiqlik, qo`rqitish bilan natijaga erishmaysiz. Aql va bosiqlik bilan ish tutsangiz, kattalar «Mushtdek boshi bilan sevgini tushunarmidi?» qabilida yo`l tutishmaydi. «Qizim ancha ulg`ayib qolibdi, qarashlari boshqacha, fikrlari qat`iy va asosli, demak, hayoti borasida birga qaror chiqarishimiz kerak», deb o`ylaydi.

«Dodimni tinglamay uzatishdi, men juda baxtsizman!»

ANGLANG! Siz asli ko`ngil neligini bilasizmi? Muhabbat siz uchun nima degani? To`g`ri, ko`nglingiz chopmagan inson bilan bir yostiqqa bosh qo`yish tugul uning ko`ylagi tugmasini qadash ham og`riqli. Lekin kimga qiyin? O`zingizga. G`isht qolipdan ko`chib bo`lgach, hali yo`q oilani (oila degani to`y-tomoshayu chimildiqqa kirishmas) barbod qilishga urinmang. Avval uni tiklashga harakat qiling. Endi bir ko`rishda muhabbat yuz bermaydi, huv bolalik yillaringizda qolib ketgan bu tuyg`u! Bundan buyog`iga muhabbat vaqt va mehnat talab qiladi. «Erim boshiga ko`tarib qo`ysa, sevib qolardim», «Idealimdagi insonmas», deb nolib, ich-etingizni eyishdan naf yo`q. Turmush o`rtog`ingizning yaxshi sifatlarini ko`rishga, ularni rag`batlantirib, o`zingiz uchun yuzaga chiqarishga urining. Axir qandaydir moyillik sezgansizki, shu insonga jufti halol bo`ldingiz. Ming majburlashgani bilan harholda oyoq-qo`lingizni bog`lab, shu xonadonga tashlab ketishmagandir?

«Ko`ngil qo`yganim bor edi, erim unga umuman o`xshamaydi...»

TAQQOSLAMANG! Jon ayollar, ko`zguga qarang, bir qoshingiz ikkinchisidan farq qiladi, to`g`rimi? Yaxshilab nazar solsangiz, tanangizning o`ng tomoni va chap tomoni o`rtasida tafovutlar bor. Demakki, juft a`zolaringiz bir-biriga o`xshamas ekan, bir insonni kimdandir izlashda ma`ni yo`q. Axir eringiz sobiq yigitingiz emas, u boshqacha, chunki umuman boshqa odam! Shu haqiqatni tan olib, sizga uylanmagan yoki uylana olmagan yigitni turmush o`rtog`ingiz bilan taqqoslamang!

«Sevganimni unuta olmayapman...»

UNUTING! Bilasizmi, inson yuragiga tuyg`ular mahkam o`rnashib, qo`nim toparkan. Sobiq yigitingiz bilan his qilgan tuyg`ularingizni eslab, shu bilan ovunib (aslida og`rinib), yoningizdagi insonning sizga tuhfa etayotgan hissiyotlarini sezmayotgandirsiz balki. Ular qalbingizga kirib kelishiga yo`l qo`ymayotgan bo`lishingiz ham mumkin. Yurakni bo`shating, o`tmishdagi tuyg`ulardan xalos eting. Ular bugunningizni suvga oqizadi, xolos. Mana, oddiy misol, turmush o`rtog`ingiz ko`ylagini dazmol qila turib sobiq sevgilingizga xayol ketsa, ko`ylakni kuydirib olasiz. Keyin uyda tushunmovchilik yuzaga keladi. Va yana sizning eski qo`shig`ingiz jarang sochadi: «Asli erimda ko`nglim yo`q-da...» hozir shu erda yashang! O`tmishdagi kunlar o`tib ketdi.

«Yaxshi ko`rganim bilan oila qurganimda, hammasi boshqacha bo`lardi».

BAShORAT QILMANG!  Qaerdan bilasiz, turmush sevgini emirishi mumkin, shu o`rinda uni dunyoga keltirishi ham. Endi bu kabi afsuslanish bilan taqdir sizga ravo ko`rganini ham qo`ldan boy berishingiz hech gapmas. Turmush o`rtog`ingiz sovuq, mehrsiz munosabatingizga chidamaydi. Shuni unutmang! Ko`rpa-to`shak, bola-chaqa bilan umrni shamolga sovurish ham to`g`rimas. Bahonangizning tor iniga bekinib olmasdan, ko`ngilni keng qilib, mavjud hayotni yaxshilashga urining. Eringiz idealingizdagi insonmasmi? Bu masala ustida ishlang. Oddiy plastilindan nimadir yasamoqchi bo`lsak, obdon qo`limiz bilan unga ishlov beramiz. Qo`lning issiq taftidan u istagan shaklimizga kiradi. Mohir va mehrli usta bo`ling, shunda turmush o`rtog`ingiz idealingizga aylanadi. E`tibor bersangiz, ishda qo`pol, badjahl erkaklar uyda muloyimgina bo`lishadi. Demak, xotini uning tilini topgan.

«Hammasiga ota-onam aybdor! Ularning tanlovi sabab baxtsizman!»

IDDOA QILMANG! Ularning tanlovini xatoligini isbotlash uchun o`zingizni ko`ngilsiz turmush qurboni qilib, nimaga erishasiz? Bu hayot sizniki! Chiroyli va baxtli yashang! Iddaolaringiz, kimnidir ayblashingiz bilan hech narsa iziga qaytmaydi. Ota-onangizni umrining oxirigacha egovlab yashab, ularning ham xotirjamligiga soya solmang.

«Ajrashaman, qutulaman!»

ShOShMANG! Oilasi barbod bo`lgach, erining ikkinchi turmushi gullab-yashnaganini ko`rib, tirsagini tishlagan ayollar ham talaygina. «Baribir, ajrashaman», deb o`zingizni dasturlashtirib olmasdan, mavjud oilangizdan baxt topishga intiling! Agar haqiqatan ham hayotingiz do`zaxga aylansa, yaqinlaringiz bor, ular sizni bu chohga tashlab qo`ymaydi.

«Peshanam sho`r mening»

TAQDIR BILAN KELIShING! Bu degani boshni devorga urib yashashmas, «Peshanamga shu inson bitilgan ekan», deya olg`a ildam qadam tashlash. Taqdirga yozilganidan qochib qutila olmaymiz. Biroq umr yo`llarida qanday qadam tashlash, uni qanday yashab o`tish o`zimizga bog`liq. Hayotga bir marta kelasiz, uni chiroyli kechishini o`zingiz ta`minlang. Turmush o`rtog`ingizga ko`nglingiz ilishi uchun nimalar bo`lishi kerakligini aniqlab, bu ishlarni amalga oshirishga harakat qiling.

Xulosa o`rnida

Deylik, isitmangiz chiqayapti. Siz uchun eringiz, onangiz yoki biror mutaxassis dori ichmaydi. Faqat davo chorasini ko`rsatishlari, qo`llashingiz uchun yordam qo`lini cho`zishlari mumkin. Ammo baribir asosiy ish zimmangizda qoladi. Agar «hammasiga sizlar sababchi», deb o`tirsangiz, o`tiraversiz. Oxir-oqabat isitma ta`siridan hushdan ketishingiz, koma holatiga tushishingiz mumkin. Shuning uchun isitmaning sababini aniqlab, davosini ko`ring. Bir umr shu isitma bilan yashab, o`zingizni ham, yaqinlaringizni ham qiynamang! 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1