1

Haykal

Mutolaa 06.10.2016, 15:04
Teglar: Yuragimda saqlaganlarim
Haykal

Bundan bir necha o`n yillar ilgari har qanday odam ko`ra oladigan oddiy, ayni paytda g`aroyib bir voqea bo`lib o`tgan shaharning bodu havosi, meva-chevasi va boshqa mayda-chuydasi haqida mehmon irimiga bo`lsa-da, bir og`iz ham so`z aytmagandi. U, faqat, shahar o`rtasidan o`tadigan, bir vaqtlar suvi zilolday bo`lgan daryoning endilikda chiqindilarga to`lib toshib, bo`tanaga aylanib, tuproq qal`adagi devday to`lg`anib oqib yotishini o`z hikoyasiga qistirib o`tgandi.

Shaharda aholi g`ij-bijmish.
Ba`zilar, ularning juda totuv yashashlarini aytisharmish; ba`zilar esa osmondan tushib, erdan chiqqandek ko`payishib ketgan odamlarning bir-birlarini ko`rishga ko`zlari, otishga o`qlari yo`q, deyisharkan. Har holda, bu yurimsak gaplarning qay biri to`g`ri-yu, qay biri noto`g`riligini ajrim qilish bo`tana suvni ko`rib turganday oson ish emas ekan.

O`sha shaharning yoshu qarisi – etti yashardan etmish yashargacha qurama olomon yaqinda ulkan bir anjumanga uyushqoqlik bilan qatnashibdilar. Ha-a, gazetlarda aynan «uyushqoqlik bilan», deb yozilibdi.

Shundan so`ng aholining bir-birlari bilan it-mushuk emas, balki og`a-ini ekanliklari, qadrdonliklari oydek ravshanlanibdi.

Xullas, daryoning o`ng sohilida endigina bitta-yarimta osmono`par uylar, jamoat binolari qurilayotganda, bir ajoyib kalladan bir ajoyib fikr chiqib qolibdi...

Ana shunday damlarda odamning ertakkayam ishongisi kelib ketadi!

Biroq o`sha shahardan bir bozorchi Turdiqul yashaydigan shaharning bozoriga borib qolib, buning ertak emas, aynan haqiqat ekanligini aytdi.

O`z qulog`im bilan eshitib, ishondim.

Turdiqul yashaydigan shaharning bozoriga borganmisiz? Voy-bo`! Etti iqlim bozorchisi yig`ilib shu erga keladi-ku! Mol bozori, somon bozori, do`ppi bozori, qatiq bozori, qovun bozori... – hammasi alohida-alohida. Teri bozoriyam bor.Turdiqulning do`konida odamning terisidan bo`lak barcha jonzotning terisi topiladi.

Turdiqulning do`koni hamisha gavjum.

Birov biror narsa xarid qiladimi-qilmaydimi – farqsiz, kirib kelib, besh-olti kishi sig`adigan xarrakka o`tirib oladi. Negaki, terifurushning uzoq-uzoq yurtlardan yo`qlab keladigan oshnolari ko`p. Ular shunchalik ko`p narsalarni bilishadiki, eshitib yoqangni tutamlaysan.

Haligi shahardan kelgan bozorchiyam Turdiqulning do`konida choy ichib o`tirib, ne xayolda, birdaniga bir kallalik odamning fikri bilan daryoning o`ng sohiliga, butun shaharga ko`rinadigan tepalikka juda haybatli haykal o`rnatilganini aytib qoldi.

– Necha yilda qurishdi? – deb so`radi Turdiqulning somonfurush oshnasi.

– Ikki yilmi-uch yilmi, ishqilib shunaqa-da! –dedi mehmon.

– Bo`yi ham ancha bordir-a? – so`radi yana kimdir.

– Ikki-uch yilda qurilganidan keyin ancha bo`ladi-da! – deya mehmonning o`rniga javob qaytardi Turdiqul, shuniyam bilmaysanmi, degandek qilib.

– Muncha baland, katta haykal nimaga kerak ekan-a? – dedi xayolga cho`mib qolgan charxchi.

– Xaspo`shlash uchun, – dedim men. 

Lekin, mening javobimga hech kim e`tibor bermadi. Xijolat tortib, o`sha savolga ikkinchi javobni ham qoyillatdim:

– Ba`zi qushlar osmonda qanot qoqib charchashganda ana shunaqa baland haykallarning boshiga qo`nib dam olishadi!..

– Safsata! – dedi Turdiqul shartta, yuzi ko`zing bormi, demay.

– Safsata! – qo`shilishdi xarrakda o`tirganlar ham.

Shundan so`ng suhbatda qo`shilib ketavermay, jim o`tirishga majbur bo`ldim.

Turdiqulning tanishini so`ziga qaraganda, haykalning ostidagi ancha-muncha er ko`kalamzorlashtirilibdi. U aniqroq qilib, besh-oltita oyoqyalangga hovli-joy bo`ladigan er edi, dedi. Axir haykal o`z nomi bilan haykal-da! Besh-oltita yalangoyoq bundan keyin ham uy-joysiz kunini o`tkazar, shuncha vaqtlardan beri boshida boshpanasi bormidi – biror eri kamayib qolgani yo`q!

Shundan so`ng ko`kalamzorlashtirilgan erda favvoralar qurilibdi, turfa gullar ekishibdi. Axiyri, haykalning ochilish kuni etib kelibdi. Bu naq bayramga aylanib ketayozibdi. Ko`ksi ordenu medallarga to`la taniqli-taniqli odamlar so`zga chiqishibdi.

– Bu tunj haykal asrlar osha ham turaveradi! – debdi taniqli odamlardan biri.

– Lekin oradan ikki-uch kun o`tgach haykalning ustiga mato tashlab yopib qo`yshdi, – dedi mehmon.

– Ie, nega? – choynakning qopqog`ini ushlagancha qotib qoldi Turdiqul.

– Ie, nega? – boshqalarning ham hayratlarining cheki yo`q edi.

Mehmon piyoladagi choydan bir ho`plab, aytaymi-aytmaymi, degandek ko`zlarini qisibroq bir zum o`ylanqirab turdi.Keyin nima bo`lsa bo`ldi, degandek shart qo`l siltab, so`zida davom etdi:

– Haykalning chap qo`li ko`ksiga qovushtirilgan, u o`ng qo`lini cho`zib kunbotar tarafga ishora qilib turardi...

– Nima bo`pti? – so`radi Turdiqul.

Boshqalar ham shovqin solishdi:

– Nima bo`pti?

– Haykal o`ng qo`li bilan ishora qilib turgan tarafda o`ttiz yildan buyon ayollar qamoqxonasi bor ekan. Bu qamoqxonani ilgari hech kim bilmaskan, haykal bahonasida kattayu kichikka ayon bo`lib qoldi. Bitta-yarimtasi, bay-bay, bu mahobatli, zo`r haykal ekan-da, xo`sh, qayoqqa ishora qilyapti, deb so`ragudek bo`lsa, boshqasi, ayollar qamoqxonasiga-da, deya kesatardi.

– E-ha!.. – xitob qildi Turdiqul.

– E-ha!... – xitob qildi boshqalar.

– Kunlar o`taverdi, – davom etdi mehmon. – Haykaltaroshlar haykalni chodirga o`rab olib nimaiki qilishsa qilib yotishibdi. Ba`zi odamlar, endi qamoqxonani yopisharmish, ayollarni uy-uylariga qo`yib yuborisharmishu haykalni so`ngra ochisharmish, deyishsa, ba`zilar, aksincha fikr yuritib, haykalni tag-tugi bilan qo`porib, munda-ay munosibroq joyga olib ketisharmish, deyishgacha borishdi.

Biroq qamoqxonani tarqatishni ham, munda-ay munosibroq joy topishning ham iloji bo`lmagan shekilli, oradan ancha vaqt o`tgach, haykalning o`ng qo`lini ko`ksiga qovushtirib, chap qo`lini kunchiqar tarafga uzatib qo`yishdi...

– Ha-a, tuzuk, – engil nafas oldi Turdiqul.

– Haqiqat bor ekan-ku! – totli xo`rsinishdi boshqalar.

Ularning bu kayfiyati uzoqqa bormadi.

– Ikki-uch kundan so`ng haykalning ustiga yana mato tashlab yopib qo`yishdi, – dedi mehmon.

– Ie, nega? – Turdiqulning og`zi ochilib qoldi.

– Ie, nega? – boshqalarniki ham shunday bo`ldi.

– Haykal chap qo`li bilan ishora qilib turgan joyda o`ttiz yildan buyon erkaklar qamoqxonasi bor ekan. Bu qamoqxonadan ham shahar ahli bexabar ekan, eshitib barchaning taniga titroq kirdi. Emishki, bu erda ashaddiy kallakesarlar yotarmish, bitta-yarimtasi qochib chiqqudek bo`lsa, hammaning sho`riga sho`rva to`kilarmish...Vahima!..

Turdiqul taassuf-la bosh chayqadi.

Taassuf-la bosh chayqashdi qolganlar ham.

– Kuz o`tdi, qish o`tdi, ayni avji bahorda haykalning ustidagi matoni tantanasiz, musiqasiz, baayni tobutpo`shni olganday olishdi, – dedi mehmon ham ma`yus tortib qolgan holda. – Endi uning o`ng qo`li to`g`riga, baayni oddiy yo`llarni ko`rsatayotgandek uzatib qo`yilgan, chap qo`li esa ko`ksiga qovushtirilgandi...

Erga kirib ketay deb o`tirgan Turdiqul qaddini tikladi.

Xarrakdagilar ham elkalarini ko`tarishdi.

– Xayriyat-e! – chuqur nafas oldi Turdiqul.

– Xayriyat-e! – chuqur nafas olishdi boshqalar.

– Ammo roppa-rosa bir haftadan so`ng haykalning ustiga yana mato tashlab yopib qo`yishdi.

– Ie, nega? – Turdiqul g`azablanganidan o`rnidan turib ketayozdi.

– Ie, nega? – boshqalarning ham ko`zlarining paxtasi chiqib ketayozdi.

– Daryoning chap sohilida o`n qavatli mehmonxona bor edi, – mehmon sovib qolgan choydan ho`plab, quruqshagan tomog`ini ho`llab oldi. – O`sha mehmonxonada o`sha kunlari fohishabozlik, o`g`rilik avjiga chiqib, kimlar bedavo dardga yo`liqqan, kimlar shir yalang`och qolgan, hammayoqni shov-shuv, mish-mish tutgandi. Mehmonxona xodimlarining ko`pchiligini haykal chap va o`ng qo`llari bilan ko`rsatgan joylarga jo`natishgandi. Mahobatli, zo`r haykalning  oldinga cho`zilgan tunj qo`li o`sha mehmonxonani ko`rsatib turardi!..

Turdiqul adoyi tamom bo`ldi. 

Rangi bo`zarib:

– Uh-h!.. – dedi-yu, dam boshiga, dam tizzasiga mushtlayverdi.

Boshqalar ham adoyi tamom bo`lishdi.

Ranglari bo`zarib:

– Uh-h!.. – deyishdi-yu, dam boshlariga, dam tizzalariga mushtlayverishdi.

– Shundan so`ng haykalning qo`lini qayoqqa qaratib qo`yilishini aholininig o`zi hal qiladigan bo`ldi, – dedi mehmon. – Odamlar gurros-gurros bo`lib kelaverishdi. Keyin takliflar, muhokama-munozaralar boshlanib ketdi. Birov unday dedi, birov bunday dedi.

– Bir qo`lini ko`ksiga qovushtirib, ikkinchisini osmonga uzatib qo`yish kerak! – deya baqirdi olomon orasidan kimdir.

– Ma`qul, ma`qul! – degan xitoblar yangradi.

– Osmon toza, qaranglar, hozir bulut ham yo`q!

– U yoqqa mehmonxona ham qurib bo`lmaydi!..

– Qamoqxona ham qurib bo`lmaydi!..

– Osmonga tasannolar!..

Xuddi shu mahal yana bir baqiroq allaqaysi go`rdan chiqib kelib:

– Xaloyiq, tavba denglar, osmonda xudo bor-ku! – deb baqirdi.

Olomon bir chayqalib tushgach, jimlik cho`qdi. Axir dahriyning haykali xudoni ko`rsatib tursa... Yo`q!

– Ishonmanglar, xudo yo`q u erda! – sukunatni buzishga jur`at etdi kimdir.

Olomon guvladi.

– Xudo bo`lmasa haykalning qo`li nimani ko`rsatadi, axir? – baqirdi haligi baqiroq.

Olomon orasidan:

– Ha-a, nimani ko`rsatadi? Nimani?! – degan tovushlar chiqa boshladi.

- Ikkala qo`liniyam elkasidan uzib tashlash kerak! – dedi yana kimdir va shu zahotiyoq qarshilikka uchradi:

– Haykalda gunoh yo`q!..

Mehmon uzoq tin oldi. Negadir hikoyasining davomini aytgisi kelmadi, bu haqda so`rashga boshqa birov jur`at ham etmadi.

Turdiqulning do`konida ana shunaqa qiziq hangomalar bo`lib turarkan o`sha paytlar... 

Shoyim BO`TAEV

Sharhlar

​QIMMATGA TUShGAN “MUHABBAT”

25.07.2017, 11:04

Biron bir ishni boshlash oson kechmaydi. Nemislarda ham “hamma ishning boshlanishi og`ir” degan maqol bor. Qancha mehnat, mablag` va tinimsiz harakat zarur. Hujjatlarni to`g`rilash, ma`lum...
​Shubhaga ergashib…

11.07.2017, 12:11

Nasiba ko`zini to`yxonaning to`rt tomoniga yugurtirib erini izlay boshladi. Qani u? Topolmagach, o`rnidan turdi-da, butun tashvishlarini unutib sho`x taronaga raqs tushayotganlarni oralab, eshik tomon yurdi....
​Yaproqdagi nur

29.06.2017, 14:11

Qizlar yotoqxonasining yuqori qavatiga ko`tarilayotganimda qattiq hayajonlanib ketdim. Ko`rishmaganimizga ham ancha bo`ldi. Qanday kutib olarkin? Nimadan gap boshlasam ekan? Bu uchrashuvimiz nima bilan tugarkin? Har...
​MEHRIBON

28.06.2017, 15:27

Sobira kalendarga qaradi. O`n ettinchi fevral… Ertaga o`g`li bilan uchrashadi. Ikkilarining ham tug`ilgan kunlari. Yuragini temir qo`llar g`ijimlagandek bo`ldi. Sog`ingan, juda-juda sog`ingan…Uch yil muqaddam…Sobira o`zi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1