1

Nozik munosabatlar bo`lmasa... buning oqibatlari haqidagi 8 xil fikrga oydinlik kiritamiz

SUG'DIYONA 06.10.2016, 16:53
Teglar: Salomatlik, Ayol, Er-xotin
Nozik munosabatlar bo`lmasa...  buning oqibatlari haqidagi 8 xil fikrga oydinlik kiritamiz

Biz odatda jinsiy munosabatlarning mavjud emasligi yoki nomuntazam ravishda amalga oshirilishining sog`liqqa hech qanday zarari yo`q deb hisoblaymiz. Chunki ayollar sabr-bardoshi bilan erkaklardan farqlanadi. Qolaversa, hissiyotlarimizni jilovlashni ham bilamiz. Buning ustiga ro`zg`or tashvishi, bolalar tarbiyasi, qaynona-qaynota xizmati ham nozik munosabatlarni salgina unutishga sabab bo`ladi. Xo`sh, to`g`ri deb bilganlarimiz aslida ham shundaymi? Mavzuga oydinlik kiritish maqsadida oliy toifali shifokor, akusher-ginekolog Nilufar BO`STONOVA bilan suhbatlashdik.

Tushkun kayfiyat  va asabiylik

Juftlar o`rtasidagi mehr asabni tinchlantiruvchi eng kerakli va yoqimli vosita sanalishi ilmiy jihatdan o`z isbotini topgan. Jinsiy aloqadan so`ng erkak va ayol organizmida quvonch hamda baxt gormoni — endorfinlar ishlab chiqariladi. Tanaga aynan shu gormonning etishmasligi esa tushkkunlikka sabab bo`ladi. Shifokorlarning ta`kidlashicha, oilasida baxt ko`rmagan ayollar elkasiga ko`pgina tashvishlarni ortib olishar ekan. Bu esa ojizalarni ham ruhan, ham jismonan toliqishiga olib keladi.

Immunitet pasayishi

Tadqiqotlar natijasiga ko`ra, haftasiga ikki marta jinsiy yaqinlikka kirishadigan insonlarning immuniteti boshqalarnikiga nisbatan 30 %ga yuqori bo`lishi aniqlangan. Ularda gripp va shamollash kabi xastaliklar engil o`tadi. Bularning barchasi gormonal fon va moddalar almashinuviga bog`liq jarayon bo`lib, jinsiy munosabatlar organizmning umumiy holatiga ijobiy ta`sir ko`rsatishi bilan ifodalanadi.

Yurak va qon-tomir kasalliklari

Muntazam amalga oshiriladigan jinsiy hayot yurak xastaliklariga qarshi samarali vosita sanalar ekan. Nega desangiz, juftlikda yashaydigan insonlarda jiddiy xastalik kuzatilmasa, qon bosimi oshmaydi. Bundan tashqari, qon tomirlar tonusda bo`lib, infarkt va insult kabi kasalliklarning yuzaga kelishiga imkon yaratmaydi.

Uyqusizlik

Uyqusizlikni biz kasallik sifatida qabul qilmasak-da, u organizm uchun haqiqiy sinov sanaladi. Odatda bunday holatga tushkunlikka tushganimizda yoki asabiylashganimizda ro`baro kelamiz. Bularning barchasi ruhiyatga ijobiy hislarning etishmasligi oqibatida yuz beradi. Birinchidan, jinsiy yaqinlikdan so`ng tanada jismoniy charchoq hosil bo`ladi, bu esa o`z-o`zidan odamni uyquga elitadi. Ikkinchidan, «quvonch» gormonlari organizmni bo`shashtirib, aqliy hamda jismoniy hordiq chiqarishga chorlaydi. Shuningdek, bu vaqtga kelib, kun davomida bezovta qilgan tashvishlar dolzarbligini yo`qotadi. Uyqusizlikni engish uchun eng yaxshi vosita bu uyqu oldidan amalga oshiriladigan kontrast dushdir. har kuni tun oldidan bir xil ishlarni bajarsangiz, organizm bunga ko`nikib qoladi va o`z navbatida tanani uyquga moslashtiradi. 

Ortiqcha vazn

Tanadagi ortiqcha kilogrammlarning jinsiy munosabatlarning mavjud emasligiga to`g`ridan to`g`ri hech qanday aloqasi yo`q. Masalan, vazn ko`pligidan aziyat chekadigan ayollarning ham muqim jufti borligini inkor etolmaymiz. Sabablarning aksariyati bilvosita sanaladi. Juftlikda yashamaydigan kishilarning asabiy va tushkun holatda bo`lishini aytdik. Bu vaziyatda esa tanaga ijobiy tuyg`ular kerak bo`ladi. Aksariyat ayollar «baxt»ni shirinliklardan axtarishadi. Qand-qurs eyish to`g`risidagi qaroroni bizning o`rnimizga miyamiz qabul qiladi, u endorfin gormonining tanqisligini ortiqcha yog` va uglevodlar bilan to`ldirishga kirishadi. Yana bir narsa, jinsiy yaqinlikdan so`ng kishi taxminan 200-300 kilokalloriya yo`qotishi isbotlangan. 

Teri bilan bog`liq muammolar

Fertil yoshidagi ayol to`laqonli hayot kechirmasligining oqibatida uning organizmida gormonal disbalans vujudga kelishini shifokorlar inkor etishmaydi. Ayollik gormoni — estrogen miqdori kamayib, erkaklik gormoni — testesteronning oshishi natijasida terining yog`lilik darajasi ortadi. Husnbuzar toshishi yoki ortiqcha tuklarning o`sib chiqish ehtimoli paydo bo`ladi. Bunday muammolarga duch kelmaslik uchun ayollar muntazam endokrinolog shifokor ko`rigidan o`tib turishlari lozim.

Surunkali og`riqlar

Gormonal disbalansning yana bir oqibati hayz davrining og`riqli kechishidir. Katta yoshli ayollar hayz oldi og`riqlaridan shikoyat qiladigan qizlarga «turmushga chiqqach barchasi o`tib ketadi» degan gaplarni ko`p bora aytishadi. Bu gapga ishonishni maslahat bermaymiz. Salomatlik bilan bog`liq har qanday muammoni shifokor ko`rigidan o`tib, hal etish lozim. Ammo yana bir faktni ham inkor eta olmaymiz. Mutaxassislar tomonidan o`tkazilgan tadqiqotlarga ko`ra, juftidan mehr ko`rganda inson organizmida og`riq qoldira oladigan oksitosin gormoni ishlab chiqariladi.

Erta keksayish

Ayolning haqiqiy yoshini qanday bilish mumkin? Albatta, terisiga qarab-da! Eng qimmat krem va turli pardoz vositalaridan harchand foydalanmang, vaqti-soati bilan ajinlar baribir paydo bo`ladi. Jarrohlik stoliga yotgandan ko`ra, muammoga qarshi ertaroq kurashgan yaxshi emasmi?! Yosh ulg`aygani sari organizmda terining tiniqligi va cho`ziluvchanligini ta`minlaydigan kollagen moddasining ishlab chiqarilishi kamayadi. Tanada endorfin gormoni ko`paygan vaqtda keksalikka qarshi kurashadigan mo``jizaviy gormon — degidroepiandrosteron ham ishlab chiqariladi. Endorfinni ko`paytirishning oson yo`li esa jinsiy yaqinlik sanaladi. Bu gormon teri yangilanishdan tashqari, progesteron gormoni bilan birgalikda husnbuzarlarga qarshi ham kurashadi.

Hayot insonni turfa xil sinovlar qarshisida qoldiradi. Kimdir juftidan ayrilgan bo`lsa, boshqa bir insonning oilasiga ajrim soya soladi. Hatto, birga yashaydigan juftliklar ham ma`lum sabablarga ko`ra muntazam jinsiy aloqada bo`lmasligi mumkin. Aziz ayollar, salomatligingizdagi har qanday o`zgarish yoki bezovtalikda, albatta, shifokor ko`rigidan o`ting. Yolg`izlikda hayot kechiruvchi ayollarga maslahatimiz, har olti oyda ginekolog, kardiolog va endokrinolog huzuriga boring!

Dilnoza MIRTOLIPOVA  

Sharhlar

Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1