AsosiyJamiyat

Buxoroda qalbaki dorilar savdosiga chek qo‘yildi

Tekshiruv ortidan 978 quti dori musodara qilingan.

'Buxoroda qalbaki dorilar savdosiga chek qo‘yildi'ning rasmi

Buxoro viloyatida sifati kafolatlanmagan va ruxsatsiz tarzda muomalaga kiritilayotgan yuzlab qutilar dori vositalari fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati Darakchi.uz’ga axborot berdi.

DXX va Bojxona qo‘mitalari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Buxoro tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan shaxsning uyida va unga tegishli avtomobilda tintuv o‘tkazildi. Natijada, “Imudon”, “Serebrolizin”, “Dofamin”, “Maaloks” kabi jami 78 turdagi 978 quti sifati kafolatlanmagan va hujjatsiz dori vositalari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Surishtiruv davomida dorilar bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatda Buxoro shahrida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan shaxs ham ishtirok etgani fosh bo‘ldi. U jinoyatga sherik sifatida gumon qilinmoqda.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi”ning ekspert xulosasiga ko‘ra, ushbu dorilarning:

— 32 turi O‘zbekistonda umuman ro‘yxatdan o‘tmagan,

— 57 turida muvofiqlik sertifikatlari yo‘q,

— 6 turi sifatsiz deb topilgan,

— 4 turi esa to‘liq qalbakilashtirilgan.

Eng xavflisi — dorilar belgilangan saqlash sharoitlariga zid tarzda saqlangan. Bu esa ularni sotish, saqlash va amaliyotda qo‘llashni mutlaqo taqiqlaydi.

Mazkur holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 186³-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, ushbu dori vositalari vaqtida to‘xtatilmaganida, ular Buxoro shahri hamda Shofirkon, Peshku va Romitan tumanlaridagi dorixonalar orqali iste’molchilarga yetib borishi mumkin edi.

    Boshqa yangiliklar