Kecha, 29 aprel kuni Farg`ona viloyatining Qo`qon shahrida "Golden Valley Marathon" xalqaro marafoni o`tkazildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.
Tadbir Madaniyat va turizm vazirligi, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi hamda Farg`ona viloyati hokimligi ko`magida tashkil etildi. Xalqaro marafonda professional yuguruvchilar bilan minglab havaskorlar ham ishtirok etishdi.
Ishtirokchilar orasida aynan ushbu marafonda qatnashish istagida 10 dan ortiq xorijiy mamlakatlardan 200 dan ortiq sportsevarlar Qo`qonga tashrif buyurishdi. Shuningdek, marafonda respublikamizning turli hududlaridan kelgan hamda mahalliy qo`qonliklar soni ham ming nafardan ortib ketdi.
"Mamlakatimizning boy tarixga ega bo`lgan go`zal go`shalaridan biri bo`lmish Qo`qon shahrida mana shunday tadbirlarni o`tkazish nafaqat sportga bo`lgan mehrimizni kuchaytiradi, balki xorijiy va mahalliy turistlarning bu shaharga bo`lgan qiziqishlarini ham oshiradi.
Biz imkon boricha bu kabi xalqaro darajadagi tadbirlarni ko`paytirish, unda ishtirokchilar geografiyasini kengroq qamrab olish ustida ishlayapmiz. Bugun marafon tufayli ilk bor Qo`qonga kelgan sayyohlar, albatta, bu shaharga oilaviy yoki do`stlari bilan yana bir bor kelish istagida bo`lishadi. Chunki bu erdagi qadimiy qadamjolar ularni bir necha marotaba bu erda bo`lishga unday oladi", deydi Madaniyat va turizm vazirligi boshqarma boshlig`i Zarrina Abdullaeva.
Xalqaro marafon doirasida yuguruvchilar erkaklar va ayollar toifasida ikki xil masofada: 2 km va 5 km masofalarda o`z omadlarini sinovdan o`tkazdilar. Uning yakunida g`olib va sovrindor bo`lganlar pul mukofotlari, esdalik sovg`alari, statuetkalar va maxsus diplomlar bilan taqdirlanishdi.






