Sellyulitga qarshi 8 xil muolaja!

SUG'DIYONA 08.10.2016, 11:47
Teglar: Salomatlik, Ayol, Go`zallik
Sellyulitga qarshi 8 xil muolaja!

Ayollar qomatining shafqatsiz dushmanlaridan biri — sellyulitga qarshi kurash uchun vositalarning va usullarning yangi xillari chiqqani haqida deyarli har kuni eshitamiz. Tanlov uchun imkoniyat bo`lgani yaxshi, albatta.  Ammo usullarning qay biri sog`liq uchun zararsiz, sifatli va kerakli natijani berish kabi mezonlarga javob berishini mutaxassislarning maslahatisiz aniqlash mushkul. «Apelsin teri»ga qarshi eng sifatli va ommaviylashgan usullar haqida tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor, dermato-kosmetolog, yuz hamda tana terisini yaxshilash borasida 17 yillik tajribaga ega mutahassis  Muhabbat NASIMOVA ma`lumot beradi.

Sellyulit bu...

Son, bo`ksa va qorin sohalari terisi ostida yig`ilgan yog`ning g`adir-budur qatlamiga sellyulit tashxisi qo`yiladi. To`plangan yog` qatlamining teri biriktiruvchi to`qimalariga bosim berishi natijasida terida bu kabi o`zgarishlar yuzaga keladi.

Nima sabab yuzaga keladi?

Erkak va ayol ham semirishga moyil bo`lsa-da, sellyulit ko`pincha nozik jins vakillariga xavf soladi. Negaki, ayollarning gormonlari mushak, teri biriktiruvchi to`qimalari hamda yog`larning tanada taqsimlanishida taffovutlarni keltirib chiqaradi. Ma`lumki, ayol organizmi ona bo`lishga dasturlashgan. Shuning uchun u qorin sohasida yog` yig`ilishiga moyil bo`ladi. Chunki homiladorlik paytida homila yog` zaxirasidan quvvat oladi. Milliy taomlarimiz uglevodga boyligini e`tirof etmay ilojimiz yo`q. Obi non, patir, qo`y go`shti, chuchvara, xonim, manti, norin kabi xamirli taomlar hamda yog`li sut mahsulotlari (qaymoq, sariyog`) har bir oilaning taomnomasidan o`rin olganidan keyin ortiqcha vazn va sellyulitdan ayollarning himoyalanishi qiyin kechadi. Statistik ma`lumotlarga ko`ra, 18 yoshdan oshgan ayollarning 85 foizi sellyulit bilan o`z tanasi orqali tanisharkan.

Sellyulitni davolash mumkinmi?

Yog`ning bu qatlamini parchalash juda mushkul vazifa. Ayol gormonal fonining o`zgarishi uning yuzaga kelish sabablaridan biri bo`lsa-da, gormonal terapiya usullari orqali sellyulitni ketkazib bo`lmaydi.

Tibbiy nuqtai nazardan, sellyulit xuddi ajinlar kabi sog`liq uchun zararsiz sanalsa-da, ayol tanasining kosmetik nuqsoni sifatida baholanadi. Ko`pchilik ko`rkamsizlikning bu alomatidan xalos bo`lib, muammosiz va silliq teriga erishishga urinadi. 

Talabning ko`pligi bois zamonaviy tibbiyot va kosmetologiya parhez usulidan boshlab, antisellyulit kremlar, uqalash, uskunalar bilan bajariladigan muolajalar yordamida tananing ko`rinishini yaxshilash uchun bir qancha takliflarni bildiradi. Bizda mavjud bo`lganlari bilan tanishib chiqamiz.

Antisellyulit kremlar

Odatda ularning tarkibida kofein, teofillin, aminofillin va suv o`tlari bo`ladi. Chunki bu moddalar o`z xususiyatiga ko`ra yog`ni yaxshi parchalaydi. Biroq kosmetik kremlarga mo``jizaviy vosita deb qarash noto`g`ri. Sellyulitdan aziyat chekayotgan terini butunlay tuzalishini kutish befoyda. Biroq krem va skrablar terini namlantirib, qon aylanishini va limfa tomirlarining faoliyatini yaxshilashi evaziga teri ostidagi yog`larni biroz bo`lsa-da parchalanishiga sabab bo`ladi. Erigan yog`lar limfa tomirlari orqali buyrakka borib, siydik yo`llari orqali tashqariga chiqib ketadi.

Sellyulitga qarshi o`rash muolajalari

Ko`pgina go`zalllik salonlari va SPA sog`lomlashtirish markazlari dengiz loylari va o`tlari yordamida sellyulitga qarshi o`rash muolajalarini taklif qiladi. Haqiqatdan ham bu kabi o`rash muolajalari natijasida tanada suyuqlik yig`ilishi kamayib, terining ko`rinishi yaxshilanadi. Odatda o`rash muolajasi 40 daqiqa davom etadi. Natijasi yanada yaxshiroq bo`lishi uchun o`rash vaqtida ayolning ustiga termo-ko`rpa yopilishi ham mumkin. Bu muolaja bir haftada 2 marta o`tkazilib, kamida 10 seans bo`lishi tavsiya etiladi. O`rashdan so`ng sellyulitga qarshi uqalashni o`tkazgan ma`qul. Biroq natija vaqtincha ekanligi va uni doim qo`llab-quvvatlash kerakligini unutmang.

Uqalash

Tibbiy izlanishlar natijasida, sellyutga qarshi uqalash terining jozibasiz ko`rinishini tekislashda anchagina qo`l keladigan muolajalar sirasiga kiradi. Bu tabiiy yo`l bilan sellyulitdan qutulish usuli sanaladi. Biroq u og`riqli kechadi. Bu muolajada teridagi yog` qatlamini parchalash uchun kuch bilan uqalash talab etiladi. Bir qancha santimetrlarni yo`qotish istagida bo`lsangiz, malakali uqalovchining qabuliga haftasiga ikki marta o`tkaziladigan kamida 10 seansli kursga borishingiz zarur. Son hamda bo`ksalardagi ko`karishlar va og`riqqa chidaganim sabab, ortiqcha kilogrammlardan xalos bo`laman deb o`ylaganlar yanglishadi. Sellyulitga qarshi boshqa usullar kabi uqalash ham terining g`adir-budurligini tekislaydi, xolos. Mutaxassis tavsiyalariga to`liq amal qilinsa, bir necha santimetrlarni ketkazish mumkindir, balki... Lekin semizlikdan qutqarmasligi aniq. 

Lazer nurlari

Yog` qatlamini eritishning sun`iy usuli. Lazer nurlari yordamida teri ostidagi yog`larni parchalash mumkin. Tabiiy usullardan ko`ra bu muolaja qimmat sanaladi. Lekin ayol o`z qomati va tashqi ko`rinishi haqida qayg`urmay qo`ysa, undan olingan natija yo`qqa chiqishi ham mumkin. Negaki, lazer nurlari mavjud muammoni bartaraf etadi, ammo kelajakda ham bezovta qilmasligiga kafolat bermaydi.

Mezoterapiya

Mezoterapiya – biroz bahsli muolaja sanalsa-da, jarroh tig`ining aralashuvisiz amalga oshirilgani bois ayollar orasida mashhur. Lipolitik (yog`ni parchalash) xususiyatiga ega bo`lgan dori vositalardan muammoli sohalarga in`eksiya qilinadi. Muolajaning natijasi faqatgina 10 kurs muolajadan keyin bilinadi. Har qanday dori vositasini qo`llashdan avval uning sog`liqqa qanchalik foyda va zarar ekanligi haqida o`rganish zarar qilmaydi. Shifokor bilan maslahatlashgan holda o`tkazilgan muolaja kerakli natijani qo`lga kiritishda yordam berishi shubhasiz.

Kavitasiya — jarrohlik aralashuvisiz liposaksiya

Tig`siz qomatni yaxshilash amaliyotining qulayligi shundaki, og`riqsiz va engil o`tadigan bu muolajaga bir haftada ikki marta bir-bir yarim soat vaqt ajratishning o`zi kifoya. Qorin, bo`ksa va sonlardagi yog` qatlami ultratovush yordamida eritilib, limfa hamda qon tomirlari faoliyatini yaxshilaydi. Va shu yo`llar orqali tanadagi ortiqcha yog`larning chiqib ketishiga imkon bo`ladi. Ultratovush uskunasining 3 ta ijobiy jihati bor: chuqur, o`rta va yuzaki kuchlanishda ishlay oladi. Ko`zlangan maqsadga erishish uchun shifokor ayolning teri turi, yoshi, salomatligining umumiy holatini inobatga oladi.  Jigar va yurakdagi xastaliklar kuzatilsa, kavitasiya usuli tavsiya etilmaydi.

Liposaksiya

Liposaksiya amaliyoti sellyulitdan davolamaydi. Tananing qorin, bo`ksa, son va qo`l sohalarida yig`ilgan ortiqcha yog`larni jarrohlik yordamida olib tashlash sanaladi. Amaliyot o`tkazilishidan avval ayolning umumiy holati o`rganilib, anesteziya va jarrohlik aralashuvini ko`tara olishi inobatga olinadi. Muolaja aralashuviga muhtoj sohada kichik kesik hosil qilinadi. Bu kesik orqali maxsus vakuum asbob kiritilib, ortiqcha yog` surib olinadi. Amaliyotdan so`ng teri osilib qolishi kabi holatlar kuzatilishi mumkin, shu sababli terini taranglashtiruvchi krem va maxsus bandajlardan foydalaniladi.

Parhez!!!

Sog`lom turmush tarzi, tartibli ovqatlanish, jismoniy tarbiya bilan muntazam shug`ullanishning o`zi sellyulit paydo bo`lishining oldini olish uchun etarli ekan. Odatda sellyulitga qarshi parhez belgilanayotganda ayol iste`mol qilayotgan taomlarning kilokaloriyasi hisoblanishi kerak. Lekin taomnomizning yog`li va uglevodlarga boy ekanligini inobatga olgan holda ayollarga kechki soat oltidan keyin ovqatlanmaslik, undan tayyorlangan mahsulotlardan voz kechish tavsiya etiladi. 

Yuqorida sanab o`tilgan muolajalarning deyarli barchasi qimmat ekanligini alohida ta`kidlab o`tmoqchimiz. Narxlar borasida o`tkazilgan so`rovlarimiz natijasiga ko`ra, poytaxtimizda joylashgan klinikalarning har biri  foydalanadigan asbob-uskunalari va dori, kremlariga qarab narx-navo belgilar ekan. Yana bir narsa, sellyulitga qarshi kurashishga chog`lanar ekansiz, parhez, jismoniy tarbiya, krem, o`rash va uqalash muolajalarini birlashtiribgina chiroyli qomatga tezroq etishishingiz mumkin. Negaki, reja va dastur asosida amalga oshirilgan ish samarali bo`ladi.

Maqolani tayyorlashda «Posolstvo krasot» SPA & Wellness markazi ko`mak berdi.

Dilnoza MIRTOLIPOVA

 

Sharhlar

Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Buyrak xastaliklari kimlarda ko`proq uchraydi? Shifokor javob berdi

06.08.2021, 17:47

CCV Matbuot xizmati buyrak etishmovchiligi qanday xastalik ekani va uni bartaraf etishda mamlakatimiz tibbiyoti nimalarga qodirligi haqida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bo`lim rahbari,...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1