O`zbek adabiyoti og`ir judolikka uchradi. O`zbekiston xalq shoiri, taniqli ijodkor, jamoat arbobi Oydin Hojieva 81 yoshida vafot etdi.
Oydin Hojieva 1942 yil 22 aprelda Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi Bo`ston qishlog`ida tug`ildi. Ushbu tumandagi o`rta maktabni tugatganidan so`ng Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti)ning filologiya fakultetida tahsil oldi. «Sharq yulduzi» jurnalida adabiy xodim, bo`lim mudiri, keyinchalik «Gulxan» jurnalida bosh muharrir vazifasida xizmat qildi.
Oydin Hojieva mashhur Zulfiyaxonimning munosib izdoshi sifatida O`zbekiston xotin-qizlarining «Saodat» jurnalida samarali ishlab, ko`p yillar unga bosh muharrirlik qildi. Bu davrda ushbu nashr mamlakatimiz xotin-qizlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan, opa-singillarimizning hayoti, orzu-intilishlarini haqqoniy aks ettiradigan nufuzli so`z minbariga aylandi.
O.Hojieva el-yurtimizning yuksak e`tirofi va mehriga sazovor bo`lgan ustoz ijodkorlardan biri edi. Uning «Shabnam» deb nomlangan dastlabki she`riy kitobi 1970 yilda nashr qilindi. O`zining qariyb oltmish yillik ijodiy faoliyati davomida she`riyat va publisistika janrlarida «Manzillar», «Men sevgan qo`shiq», «Navo», «Xushxabar», «Mushfiq onajon», «Chashmalarni izlayman», «Tanlangan asarlar» nomli va boshqa o`nlab betakror asarlar yaratib, Vatanga muhabbat va sadoqat, onaga, ayol zotiga yuksak ehtirom, qadrdon zaminga beqiyos mehr kabi tuyg`ularni o`zbek shoiralariga xos yuksak nazokat va yoniq qalb bilan kuylab o`tdi.
Uning asarlari dunyoning o`nlab tillarida nashr etilgan edi.
O`z navbatida Oydin Hojieva ko`plab jahon va qardosh xalqlar adabiyoti etuk namoyandalarining she`riy asarlarini o`zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faol a`zosi sifatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi o`rtasida keng targ`ib etish, adabiy jarayonlarni yangi bosqichga ko`tarish, yosh iste`dod egalari, ayniqsa, ijodkor qizlarni tarbiyalash borasida ham ibrat ko`rsatdi.
Oydin Hojievaning milliy adabiyotimizni rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U «O`zbekiston xalq shoiri» faxriy unvoni, «El-yurt hurmati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan mukofotlangan edi.
Taniqli ijodkor, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Oydin Hojievaning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoev, T.Norboeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Z.Mahkamova, S.Saidov