1

Bir umrga? Birga? Yaxshi munosabatlarning 13-qoidasi

SUG'DIYONA 08.10.2016, 12:33
Teglar: Ayol, Oila, Er-xotin
Bir umrga? Birga? Yaxshi munosabatlarning 13-qoidasi

1. Uning tili bilan so`zla!

Vaziyat: juftingiz sizga o`z xis-tuyg`ularini ochiq bayon qilishga o`rganmagan. Agar siz unga dil izhori qilsangiz, u sizga javoban oddiygina “men ham” deyish bilan kifoyalanadi. Nima qilish kerak?

Echim: Oilaviy masalalar bo`yicha maslahatchi Geri Chepmen  shuni ishonch bilan aytadiki, bu holatda aslo havotirlanishga asos yo`q. U tuyg`ularni izhor etishning asosiy besh usuli borligini ta`kidlaydi. Eng oddiysi uni bayon etishdir. Qolgan to`rttasi: o`z juftiga e`tiborli bo`lish, turli sovg`alar xadya etish (moddiy bo`lishi shart emas), qandaydir vazifalarda unga yordamlashish va nihoyat bu munosabat yaqinlik orqali bo`lishi mumkin. Siz o`zingiz uchun muhim bo`lgan so`zlarni eshitishni istaysiz, ammo juftingiz buni ifoda eta olmaydi. Bunday hollarda o`z “mantig`ingizni” unga singdirish o`rniga uni biroz tushunishga harakat qilishingiz tavsiya etiladi. Avvaliga buni unchalik murakkab bo`lmagan vazifalardan boshlashingiz mumkin. Masalan, hafta davomida sizga bo`lgan sevgisini ifoda etish uchun juftingiz nimalar qilishi kerakligini qayd etib boring. Keyin mana shu qaydlarga asoslanib o`zingiz ham sevgingizni nafaqat so`zlar orqali, balki turli hatti-harakatlar bilan ham ifoda eting. Bu juftingizga ham o`z ta`sirini o`tkazmay qolmaydi.

 

2. Sevgan insoningni yoqmagan odatlarini  sen ham o`zlashtirib ol.

Vaziyat: sizning tartibsiz juftingiz doim uchrashuvga kech qolib keladi. Bu ham etmagandek u soatlab televizor qarshisida yonboshlab yotgani-yotgan. Siz uni biror joyga taklif etsangiz, u bunday dolzarb vaziyatda   “komandasini” tashlab keta olmasligini aytadi. Kichik bo`lsada,  bu  kamchiliklari bilan qanday kurashish mumkin?

Echim: Amerikalik psixoterapeft Garriet Lernerning “Sevgi qonuniyatlari: munosabatlar inqiroziga uchraganlarga hammabop maslahatlar” nomli asarida ta`kidlashicha, inson o`zgaradi, faqat buni uning o`zi istashi kerak”. Juftingiz ruhiy jihatdan epsiz ko`rinsa, uning kamchiliklarini o`zlashtiring. Endi u siz kechikkaningizda  asabiy holda soatiga qarasin , siz emas. Agar juftingiz sport kanallariga mukkasidan ketgan bo`lsa, jahlingiz chiqmasin, vaqtdan yutishga harakat qiling. Anchadan beri o`ylab yurgan ishlaringizni amalga oshiring,  yaqinlaringizga sovg`alar sotib oling, sevimli dugonangiz bilan aylanishga chiqing. To`g`ri qilayotganimni qaerdan bilsam bo`ladi, deyayotgandirsiz. U oynai jahonni o`chiradi,sizni kutayotganini bildiradi. Siz esa xayratlangandek bo`lasiz: “Qanday qilib, darrov-a. Axir hali qancha ishlarim bor edi-ku”,  deysiz. Bu esa  sizning yutug`ingiz.

 

3. Sening hayoting erkaklar davrasidan mutlaqo farq qiladi.

Vaziyat: Sen vaqtingni ko`proq u bilan  o`tkazishni istaysan, ammo unda goh sport mashg`ulotlari,  goh dustlari bilan choyxona, goh yana biror zarur ish chiqib qoladi.

Echim: “Agar sen o`z bilganingdan qolmasang va juftingni “yo biz hamma narsani birga xal qilamiz, yoki ajrashamiz” kabi shartlar bilan bezdiradigan bo`lsang, unda rostan ham tez kunda sizning birgalikdagi hayotingizga nuqta qo`yiladi”,  - deydi “Baxtli er-xotinlar nima qilishadi: bir-biriga mos munosabatlar resepti” kitobi muallifi Kristian Til. Tasavvur qiling, juftingiz 24 soat vaqtini faqat siz bilan birga o`tkazishga qaror qilsa, menimcha gaplashadigan gapning o`zi qolmasa kerak. Bir- biridan  zerikish  har qanday munosabatlarning oxirgi nuqtasi bo`lishi mumkin. Yoringizni tunu-kun faqat siz bilan vaqt o`tkazishga majbur qilish o`rniga, turmush qurishingizdan oldin nimalar bilan shug`ullangan edingiz, shuni o`ylang va  o`sha mashg`ulotlaringizni davom ettiring. Kelayotgan ikki hafta davomida faqat o`zingiz bilan shug`ullaning. Turli pishiriqlar o`rganish uchun to`garaklarga a`zo bo`ling, go`zallik saloniga boring, yoki yaqinlaringizni xushnud qiluvchi turli sovg`alar sotib oling. Mana ko`rasiz, qaynoq mehringizdan bebahra qolayotgan turmush o`rtog`ingiz sizning e`tiboringizni shunaqayam sog`inadiki, xatto sizni mashg`ulotlaringizga ham yuborgisi kelmay qoladi.

 

4. Kun davomida bir martadan ortiq tanqid qilma! Tanqidning ham chegarasi bor

Vaziyat:  u  kiyimlarini ham duch kelgan joyga echib tashlab ketaveradi,  og`irroq narsa ko`tarish kerak bo`lganida ham indamay ko`chaga chiqib ketvoradi. Mana shunisi  sabrning oxirgi tomchisi! Endi sizning noroziligingiz ta`nayu dashnomga aylanib ketadi.

Echim: Felisitas Geyn jahlni engish borasidagi bergan mulohazalarida shunday deydi: Turmush o`rtog`ingizning har bir harakatini tanqid qilishga shoshilmang. Uning qay bir odati hammasidan ko`ra ko`proq asabingizga tegadi? Mana shuni aniqlang. Masalan, u paypoqlarini hamma joyga tashlab ketadi. Nima deb o`ylaysiz, bu jinoyatmi yoki asabingizga tegishiga arzigulik vajmi? Undan tashqari orangizga sovuqchilik tushirishga arziydigan sababmi? Bu savollarning barchasiga javobingiz: Ha, bo`lsa, ikki kunda bir marotaba unga bu haqida yumshoq yoki hazil bilan gapirib o`ting. Dam olish kunlarida uning bu harakatlarini tanqid qilish mann etiladi!

 

5. Uning kechirim so`rashini kutish befoyda

Vaziyat: biroz oldin sevgilingiz bilan urushib qoldingiz. Siz hozir hovuringiz ancha bosilib, juftingiz  bilan yarashishga tayyorsiz. Ammo u negadir sizdan uzr so`rashga shoshilmayapti.

Echim:  Juftingiz sizning nima kutayotganingizni bilmaydi deb o`ylaysizmi? Juda yaxshi biladi, faqat bunday vaziyatlarda u ko`pgina erkaklar kabi bosimni xis qilib, “qulflanib” oladi. Endigi vaziyatda siz  unga qo`qisdan “xujum” uyushtirishingiz va orangizdagi munosabatga biroz xazil kukunini sepishingiz kerak. Gapning indallosi shuki, uning munosabatini tubdan o`zgartirish uchun siz bergan arzimas turtkining o`zi  kifoya qiladi. Sevgilingizni ruhlantirishning eng yaxshi yo`li bu – uning yuziga qarab o`z iqroringizni bildirishingizdir. Masalan, “Kechirasiz, ba`zan o`z hislarimni boshqarolmay qolaman, sizga baqirgandan ko`ra mana shu tilimni tishlab olganim yaxshi edi”, yoki shunchaki “kechirasiz, men noxaq edim!” degan so`zlarning o`zi kifoya. Harholda bu gaplardan so`ng ikkingiz ham jilmayasiz va orangizdagi sovuqchilik asta tarqala boshlaydi.

 

6. Boshqa bilan qiyoslamang.

Vaziyat: Dugonangiz turmush o`rtog`i haqida to`lqinlanib gapirayapti. Aytishicha jufti unga tunu-kun sevgi izhor qilar emish. Bundan o`rtog`ingiz o`zini ettinchi osmonda xis qilayapti. Juftingizning xaftalab yoki oylab sizga dil izhorini qilmagani yodingizga tushadi. Bu siqilishga arzidigan sababmi?

Echim: sevgilingizning bir xaftada necha marta sevgi izhori qilishi muhim emas. Muhimi, siz ikkingiz ham bu hayotda o`zingizni baxtli xis qilishingiz. Psixologlarning aytishicha, sevgi aslida tilda emas, dilda bo`ladi. Dugonangiz bilan bu mavzudagi yoqimsiz suhbatni bas qilib, turmush o`rtog`ingiz bilan bu borada fikrlashib ko`ring. Masalan, siz dugonangizning eri har kuni bir necha marta dil izhori qilishini ayting, gap orasida unga xavasingiz kelganini qistirib o`ting. Shunda uning bu boradagi munosabatini bilib olishingiz mumkin. Uning bu masalaga qarashi yo yaxshi yo yomon tomonga o`zgaradi.

 

7. Avval taom, ba`daz kalom.

Vaziyat: Juftingiz ishdan suvi siqilgan limonday bo`shashib kirib keldi. Avvallari u siz bilan issiqqina ko`rishib keyin xonaga kirib ketardi. Bugun esa xatto qayrilib ham qaramadi. Kiyim-piyimi bilan divanga yonboshlab oldi. Vaziyat ancha jiddiy!

Echim: Avval taom, ba`daz kalom, deydi dono xalqimiz.  Menimcha bu so`zlar faqat erkaklarimizga atab aytilgan. Sababi har qanday og`ir vaziyatda ham ularning ko`ngliga eng yaxshi yo`l –bu shirin kalom va mazali taomdir. Bunday vaziyatga tushib qolganlarga sabrli bulish tavsiya etiladi. Sevgan insoningizda ham bir qancha muammolar bo`lishi mumkin. Unga faqat suyangan tog`imiz emas, oddiy inson sifatida ham qarashimiz kerak. Uni ishdan uyga olib kelgan muammolari bilan biroz yolg`iz qoldiringda, o`zingiz darrov kechki ovqat tayyorlashga tushing. Iloji boricha ko`p vaqt olmaydigan salat va taom tayyorlang. Uni bu vaziyatda kuttirib qo`yish yaxshi emas. Aks holda  urinishlaringiz aks ta`sir ko`rsatishi mumkin.

 

8. Jaxlni ham o`z o`rnida ishlating.

Vaziyat: juftingiz sizga xiyonat qilayotganini bilib qoldingiz.  Qalbingizda yomon hislar tug`yon urayapti, ammo siz tinchlanishga harakat qilayapsiz va ayni vaqtda uning bu qilgan ishi sizga juda og`ir botganini bildirmoqchisiz. Shundaymi?

Echim: siz albatta tanqiddan o`zingizni tiyganingiz ma`qul. Biroq juftingiz o`rtangizdagi munosabatni qil yoqasiga olib kelayotgan bo`lsa, unda siz ham una munosib ravishda javob qaytarishingiz kerak. Baqirasizmi, javondagi idishlarni uloqtirasizmi (zinhor qaynonangiz qilgan sepdan bo`lmasin), yoki alamingizni surat yirtishdan olasizmi, bu muhimmas. Muhimi, Kristian Til aytganidek, “sizning juda g`azabdaligingiz va bu uning uchun  oxiri yomon  bo`lishini unga tushuntira olish” usulidir. Buni taxminan quyidagicha ifodalashingiz mumkin: “agar siz men bilan bir umr birga bo`lishni istasangiz, xech qachon, eshitayapsizmi, xech qachon bu xatoni takrorlamang. Men xazillashayotganim yo`q!” sizning sabringiz chegarasiz emasligini  faqatgina shu yo`l bilan ifodalash mumkin.

 

9. Shunchaki uning shaxzoda ekanligiga ishoning!

Vaziyat: turmush o`rtog`ingiz sizga yoqmaydigan kichik kamchiliklarga ega. Masalan u xuddi yosh boladek kompyuter o`yinlariga mukkasidan ketgan.

Echim: Uni siz iloji boricha ertaklardagi shaxzoda deb tasavvur qiling. Agar siz uning faqatgina yaxshi tomonlarinigina muxokama qiladigan bo`lsangiz, o`zingizni ancha engil xis qila boshlaysiz. Buning uchun siz o`z juftingizni sevishingizga sabab bo`luvchi 10ta  omilni sanab chiqing. Etarli bo`ldimi?

 

10. Qars ikki qo`ldan chiqadi

Vaziyat: eringiz sizni arzimas xato uchun koyidi. Undan jahlingiz chiqqan bo`lsa ham indamadingiz. Ammo alamingiz ichingizda. Faqat siz emassizku xato qiladigan? Masalan, u artingan sochiqni joyiga ilmaydi.

Echim: xech birimiz kamchiliklardan forig` emasmiz. Jumladan juftingiz ham. Uning oyoq kiyimini to`g`rilayverish joningizga tekkan bo`lsa siz ham bir vaqtning o`zida barcha chiroqlarni yoqib keting. Tabiiyki eringiz bundan norozi bo`ladi. Shunda unga kelishuv taklif qiling: u oyoq kiyimini o`z joyiga echadi, siz esa elektrni tejab yurishga va`da berasiz.

 

11. Dugonalar har doim ham to`g`ri maslahat bera olmaydi

Vaziyat: turmush o`rtog`ingiz dam olish kunini oila davrasida o`tkazishga va`da bergan edi. Ammo bu safar ham uning sevimli kompterining oldidan turg`iza olmayapsiz. Shu payt dugonangizning qo`ng`irog`i joningizga oro kirgandek bo`ldi. Unga dardingizni ayta ketdingiz. U esa yonayotgan olov ustiga kerosin sepishni boshladi.

Echim: dugonangizga sizni oilaviy axvolingiz to`laligicha ma`lum emas. Shuning uchun ba`zi maslahatlarini qulog`ingiz yonidan o`tkazib yuborishga to`g`ri keladi. Agar doim  xuddi u aytgandek janjal ko`taraveradigan bo`lsangiz, juftingiz qalbida shubha uyg`otishingiz mumkin. “Ayolim uchun men muximmi yoki dugonasi” degan o`rinsiz savollarga joy qoldirmang.

 

12. Arzimas narsalarga e`tibor bermang.

Vaziyat: yangi ko`ylak sotib oldingiz. Uni kiyib eringizga maqtanmoqchi bo`lganingizda, undan butunlay boshqa so`zlarni eshitdingiz: “Bu ko`ylakka ikki razmer kichik emasmi?”  Eringiz sizni beso`naqay degandek bo`ldimi?

Echim: aslida juftingizning sizga bildirgan munosabati samimiy ekanligiga ishonishingiz kerak. Masalani boshqa tomondan ko`rib chiqadigan bo`lsak, balki u sizning qomatingizdagi kamchilikni emas, shunchaki bu ko`ylak chiroyli qomatingizni buzib ko`rsatayotganini aytmoqchi bo`lgandir. Bu tanqidni ko`chadagi begonadan eshitgandan ko`ra o`z juftingizdan eshitganingiz yaxshi emasmi?

 

13. Bema`ni xayollarga barxam bering

Vaziyat: turmush o`rtog`ingiz soat 20 : 00 da kelaman degan edi. Ammo soat 21 :00 bo`ldi. Darrov uning qo`l telefonini terasiz, ammo qarshi tomondan “abonent vaqtinchalik javob bera olmaydi” so`zlarini eshitib kayfiyatingiz tushib ketadi. Nixoyat  u keldi, ammo siz xursand emassiz.

Echim: Juftingizni o`z xayollaringiz qurboniga aylantirmang. Real hayotda ro`y berayotgan voqea-hodisalar sizning tasavvuringizdagi shubha gumonlarga umuman aloqasi yo`q. Ekspertlarning fikricha, bunday vaziyatlarda asabiylashishni boshlayotgan ayollarga 5 ta asosiy dalil yordam berar ekan: eringizni hozir oldingizda ko`rib turganingiz, uning ovozini eshitayotganingiz, xis qilayotganingiz, sog`-salomatligi joyidaligi va  oilasi davrasida o`tirganligiga shukr qiling.

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1