Avvalroq, ijtimoiy tarmoqda Tracker avtomobili haydovchisi avtomobil yo`lida qarama-qarshi yo`nalishda harakatlangani aks etgan video tarqaldi.
Sirdaryo viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati holatga munosabat bildirdi.
Olib borilgan surishtiruv ishlari davomida videotasvirdagi Tracker transport vositasi Yoshlar ishlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasiga tegishli ekanligi aniqlangan. Video tasvirdagi holat joriy yilning 24 may kuni soat 14:10 larda Guliston shahar hududidan o`tuvchi 4 R 18 avtomobil yo`lining 20-21 kilometrlari oralig`ida sodir bo`lgani ma`lum bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan X.Z. ismli haydovchiga nisbatan MJtKning 128-5-moddasi (transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo`lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo`ljallangan tomoniga yoki bo`lagiga chiqishi) 2-qimi bo`yicha ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan va Yoshlar ishlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasiga tegishli tartibda taqdimnoma kiritilgan. Haydovchi X.Z. agentlikning 25 kundagi xatiga ko`ra ishdan bo`shatilgan.