1

Ozodbek Nazarbekov Italiya va Ozarbayjondagi xalqaro tanlovlar g`oliblarini taqdirladi

Madaniyat 26.05.2023, 23:46
Ozodbek Nazarbekov Italiya va Ozarbayjondagi xalqaro tanlovlar g`oliblarini taqdirladi

Joriy yilning 26 may kuni Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik tasarrufidagi R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida o`tkazilgan Italiya va Ozarbayjondagi xalqaro tanlovlar g`oliblarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi.

Marosimda so`z olgan vazir O.Nazarbekov mamlakatimizda bolalarni musiqa va san`atga jalb qilish, iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun barcha sharoitlarni yaratib berish borasidagi say-harakatlar bugun salmoqli natijalar berayotganini alohida ta`kidkab o`tdi.

“To`g`risi, bu muvaffaqiyatlardan juda quvondim. Ozarbayjondagi mug`om festivali g`oliblarini kutib olishga aeroportga o`zim chiqdimki, g`olib farzandlarimiz ular davlatimizning diqqat-e`tiborida ekanini sezishsin, his qilishsin. Dunyoning eng zo`r maqomchilari orasida bir emas, birdaniga 3 ta o`rinni egallash hammaga ham nasib etmaydigan baxt! Bu o`zbek san`atining bugun qanchalar darajada yuksalib borayotganining xalqaro miqyosdagi e`tirofidir. Boshqacharoq aytganda, milliy musiqamiz, xususan maqomchilik san`atini rivojlantirish uchun yurtimizda yaratib berilgan keng sharoitlarning mevasidir. Italiyadagi muvaffaqiyat esa jahonda ham o`z o`rni, o`z ovoziga ega mamlakat ekanimizni yana bir bor isbotladi. Bu bolalar kelajakda o`zbekistonlik san`atkorlar nimalarga qodir ekanini isbotlab, jahon madaniyati va san`atiga munosib hissa qo`shadigan ijodkorlar bo`lib etishishiga ishonamiz”, dedi O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov.

Ma`lumot o`rnida: Joriy yilning 16-21 may kunlari Italiyaning Barletta shahrida bo`lib o`tgan “Città di Barletta” nomli 33-Xalqaro yosh ijrochilar tanlovida Italiya, Germaniya, Bolgariya, Xitoy, Kanada, Rossiya, Birlashgan Arab Amirligi, Ukraina, Tailand, Koreya, Marokash, Serbiya, Isroil, Sloveniya, Polsha, Irlandiya, Armaniston kabi davlatlar qatori O`zbekiston Respublikasidan R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabidan 4 nafar o`quvchisi munosib qatnashdi.

Mazkur maktabning 2-sinf o`quvchisi SevinchAzimova 1-o`rinni, 10-sinf o`quvchisi Muxlisa Sobitjonova 1-o`rinni qo`lga kiritdi va D.Amanullaevaning “Amir Temur tushlari”asarining ijrosi uchun Maxsus mukofot bilan taqdirlandi hamda tanlovning yopilish marosiga bag`ishlangan gala-konsertda ishtirok etdi.

11-sinf o`quvchisi Alisa Salyaxova esa 2-o`rinni egalladi. 8-sinf o`quvchisi Saidshoh G`ulomov Gran-Pri bilan taqdirlandi hamda tanlovning yopilish marosiga bag`ishlangan gala-konsertda ishtirok etdi.

Shuningdek, joriy yilning 16-23 may kunlari Boku shahrida o`tkazilgan XIII Xalqaro mug`om festivalida ham vakillarimiz munosib qatnashib,sovrindorlar qatoridan o`rin oldi.

Festivalda vazirlik tasarrufidagi R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o`quvchisi Umarjon Akmalov 1-o`rinni, ikki nafar Namangan viloyatining 1-son bolalar musiqa va san`at maktabi o`quvchisi Madina Karimjonova hamda R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o`quvchisi Sardor Narzullaevlar 2-o`rinni, shuningdek, bir nafar Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom san`atiga ixtisoslashtirilgan maktab internati o`quvchisi Og`abek Axtamov faxrli 3-o`rinni egalladi.

“Eng yosh mug`om ijrochisi” sifatida R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o`quvchisi Umarjon Akmalov e`tirof etildi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1