1

O`zbekistondagi Travmatologiya markazida navigasiya texnologiyasi yordamida endoprotezlash amaliyoti yo`lga qo`yiladi

Salomatlik 30.05.2023, 21:01
O`zbekistondagi Travmatologiya markazida navigasiya texnologiyasi yordamida endoprotezlash amaliyoti yo`lga qo`yiladi

Shu yil 26-27 may kunlari Samarqand shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston — Germaniya xalqaro sog`liqni saqlash forumida nemis kompaniyalari va tibbiyot muassasalari bilan umumiy qiymati 100 million AQSh dollaridan ortiq 70 dan ziyod kelishuv hamda memorandumlar imzolandi.

Ushbu istiqbolli hamkorlik,  jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida qo`llanilayotgan innovasion amaliyotlar soni ortishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Gap shundaki, yil oxirigacha mazkur markazda kompyuter navigasiyasi yordamida yirik bo`g`imlarni endoprotezlash va robotlashtirilgan jarrohlik texnikasini joriy etish rejalashtirilgan. Ayni maqsadda tibbiy robot uskunalari ishlab chiqaruvchi qator kompaniyalar bilan muzokaralar olib borilyapti.

Samarqandda o`tkazilgan xalqaro forum bu vazifa ijrosini jadallashtirish imkonini berdi.

Anjuman doirasida dastavval Germaniyaning Minden shahrida joylashgan Boxum universiteti qoshidagi Yoxannes Vesling klinikasi etakchi mutaxassislari Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurib, o`z ilg`or tajribalari bilan o`rtoqlashdi.

Xususan, klinika professorlari Yoxannes Sayxen, Evald Xyoring va Xarald Kistmaxer ishtirokida tizza bo`g`imini unikondulyar endoprotezlash, chanoq-son bo`g`imini kalta oyoqchali endoprotezlar bilan hamda navigasiya texnologiyasi yordamida endoprotezlash mavzulariga bag`ishlangan "workshop" o`tkazildi.

O`z navbatida, nemis klinikasida muvaffaqiyatli qo`llanilayotgan ana shu yuqori texnologik operasiya usullarini o`rganish va tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.

O`zbekiston — Germaniya tibbiyot forumi davomida bu masala keng formatda ko`rib chiqilib, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Yoxannes Vesling klinikasining travmatologiya, ortopediya va endoprotezlash markazi o`rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. 

Ushbu kelishuv o`zaro tajriba almashish, malaka oshirish kurslari va mahorat darslari orqali mutaxassislar tayyorlash, tadqiqot hamda maslahatlashuvlar o`tkazish imkonini beradi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1