1

Ozodbek Nazarbekov 2016 yilda tashkil etilgan MChJga 100 foizlik ulush bilan ta`sischi bo`lib kelgani aniqlandi

Jamiyat 31.05.2023, 13:21
Ozodbek Nazarbekov 2016 yilda tashkil etilgan MChJga 100 foizlik ulush bilan ta`sischi bo`lib kelgani aniqlandi

O`zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov 2016 yilda tashkil etilgan “Koba san`at majmuasi” MChJga 100 foizlik ulush bilan ta`sischi bo`lib kelgani aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 martdagi “Tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanish taqiqlangan mansabdor shaxslarning ro`yxati to`g`risida”gi qaroriga asosan davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining, huquqni muhofaza qilish organlarining xodimlariga tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi taqiqlangan.

Xuddi shu kabi O`zbekiston Respublikasining 2012 yil 2 maydagi "Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to`g`risida"gi O`RQ-328-son Qonunining 4-moddasiga asosan davlat organlari (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanishi qonunchilikda man etilgan boshqa shaxslar tadbirkorlik faoliyati subektlari bo`lishi mumkin emasligi belgilangan.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining 2022 yil 8 avgustdagi “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi O`RQ-788-son Qonunining 13-moddasiga asosan davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo`lishga, tadbirkorlik faoliyati subektida tashkiliy-boshqaruv, ma`muriy-xo`jalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 595-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to`lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug`ullanmasligi, O`zbekiston Respublikasi qonunlari va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasnoligi belgilangan.

Bugungi kunda yuqoridagi qonunchilikka nomuvofiqlik bartaraf etilib, “Koba san`at majmuasi” MChJ ta`sischisi o`zgartirildi.

"Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2023 yil 30 may kuni Madaniyat va turizm vazirligiga kelgusida “Davlat fuqarolik xizmati to`g`risida”gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlariga qat`iy rioya qilinishini hamda vazirlik faoliyatida ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik hamda korrupsiyaga yo`l qo`ymaslik prinsiplariga rioya qilinishini ta`minlash choralarini ko`rish yuzasidan taqdimnoma kiritildi",–deyiladi agentlik ma`lumotida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1