AsosiyJamiyat

Toshkent tumanida tumanlararo perinatal markaz ish boshladi

'Toshkent tumanida tumanlararo perinatal markaz ish boshladi'ning rasmi

Yurtimiz hududlarida 46 ta tumanlararo perinatal markaz tashkil etilishi belgilangan. Prezidentimizning tegishli qarori asosida shakllantirilgan ushbu markazlar ro`yxatiga Toshkent tumani tug`uruq kompleksi ham kiritilgan edi.

1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o`tkazilgan tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzaev va Sog`liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov ishtirok etdi.

Shu paytgacha Toshkent viloyatining Bekobod, Yangiyo`l, Olmaliq shaharlari va Quyi Chirchiq tumanida tumanlararo perinatal markazlar tashkil etilgan edi.

 Bunga qadar 110 o`rinli Toshkent tumani tug`uruq kompleksida yiliga 5,5 mingga yaqin tug`uruq qayd etilib, faqatgina shu hudud aholisiga xizmat ko`rsatgan.

Shifoxona asosan asoratsiz tug`uruqlarni qabul qilishga mo`ljallangan bo`lib, asoratli va kam vazn bilan tug`ilgan chaqaloqlar respublika muassasalariga va Chirchiq shahrida joylashgan viloyat perinatal markaziga 50-70 km. masofa bosib olib borilar edi.

Albatta, tug`uruq majmuasini perinatal markazga aylantirish oson emas. Buning uchun qator texnik va malakaviy talablar mavjud. Muassasani zamonaviy standartlarga mos holga keltirish uchun 18,2 mlrd. so`m investisiya dasturi doirasida mablag` sarflandi.

Markaz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan to`liq jihozlandi. Buning uchun 2,1 mlrd. so`m mablag` ajratildi.

 Tug`uruqdan keyingi xonalar zamonaviy holatga keltirilib, har biriga alohida sanuzel o`rnatildi.

Muassasada qo`shimcha 10 o`rinli “Chaqaloqlar patologiyasi” va 6 o`rinli “Chaqaloqlar reanimasiyasi” bo`limlari tashkil etildi.

Bu esa og`ir ahvolda va kam vaznli tug`ilgan chaqaloqlarga o`z vaqtida va samarali tibbiy xizmat ko`rsatish imkonini yaratadi.

 Bundan tashqari, markazning 35 nafar shifokori respublika muassasalarida alohida tashkil etilgan o`quv kurslarida tibbiy malakalarini oshirib qaytdi.

Tumanlararo perinatal markaz mutaxassislari o`z oldiga Toshkent tumanidan tashqari, Qibray va Zangiota tumanida yashovchi ayollar hamda muddatidan avval tug`ilgan go`daklar uchun ixtisoslashtirilgan reanimasion va intensiv xizmatlarni tashkil etish, kam vaznli chaqaloqlarni parvarish va reabilitasiya qilish, asoratli tug`uruq kutilayotgan homilador ayollar uchun malakali tibbiy xizmat ko`rsatish kabi maqsadlarni qo`ygan.

    Boshqa yangiliklar