Facebook ijtimoiy tarmog`ida Jizzax viloyatida chala qurilgan uy-joylar fuqarolarga sotilgani haqida xabar berildi. Holat bo`yicha Qurilish vazirligi rasmiy munosabat bilan chiqdi.
Unda aytilishicha, holat Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan o`rganildi. Ma`lum bo`lishicha, Jizzax shahri Alisher Navoiy ko`chasidagi ko`p qavatli 28/A-sonli turar-joy obekti inspeksiyadan 2017 yil 23 avgustda ruxsatnoma orqali ro`yxatdan o`tgan.
Obekt 3 ta blokdan iborat bo`lib, hozirgi kunda 1-blok 1-yo`lakning dastlabki qavatidagi savdo do`konlari to`liq yakunlanmagan, yuqori qavatlardagi turar-joy qismida qurilish ishlari tugatilgan. Huddi shu holatni ikki yo`lakli 2-blokda ham ko`rish mumkin.
Mazkur qurilish obektida inspeksiya tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilgan. Loyiha hujjatlariga hamda shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiqligi yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilgan. Nazorat davomida inspeksiya tomonidan shaharsozlik hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan tegishli ta`sir choralari ham qo`llanilgan.
“Sangzor dizayn qurilish” MChJ tomonidan qurilayotgan 28A-sonli turar-joy binosida qurilish-montaj ishlari to`liq yakunlanmasdan xonadonlar fuqarolarga sotilgan. Bugungi kunda 1- blok hamda 2- bloklarda fuqarolar o`zboshimchalik bilan ko`chib kelgan va yashab kelmoqda. Ammo “Sangzor Dizayn qurilish” MChJ tomonidan binoni foydalanishga qabul qilish yuzasidan vakolatli organga ariza yuborilmagan.
O`zbekiston Respublikasi Shaharsozlik Kodeksining 32-moddasi 10-bandida “Qurilgan obektdan qurilishi tugallangan obektni topshirish-qabul qilish to`g`risidagi tasdiqlangan dalolatnomasiz va hududiy inspeksiyaning qurilishi tugallangan obektdan foydalanish uchun ruxsatnomasisiz foydalanishga yo`l qo`yilmaydi, - deb belgilangan.
Shu bois holat yuzasidan inspeksiya tomonidan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi Kodeksning 99-moddasi 5-6-qismlari bilan foydalanishga qabul qilish qoidalarini buzish bo`yicha buyurtmachi tashkilot rahbari O.M.Zayniddinovga nisbatan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma rasmiylashtirildi. Belgilangan tartibda ma`muriy ta`sir chorasi qo`llanilgan hamda hududiy inspeksiya tomonidan qonun buzilishi holatini oldini olish uchun mahalliy hokimiyat va prokuratura organlariga taqdimnomalar kiritilgan.