1

Koronavirus asoratlari tufayli suyak emirilishi kasalligi ko`paymoqda

Salomatlik 09.06.2023, 15:33
Koronavirus asoratlari tufayli suyak emirilishi kasalligi ko`paymoqda

Sog`liqni saqlash vazirligm Matbuot xizmatining xabar berishicha, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, hozir dunyo aholisining 20 foizi tayanch-harakat tizimi kasalliklaridan aziyat chekmoqda. Eng yomoni, bunday xastaliklar nogironlikni keltirib chiqaruvchi omillar orasida etakchi o`rinda.  

Xavotirli jihati, keyingi yillarda SOVID-19 asoratlari tufayli suyak bo`g`imlari emirilishi tashxisi qo`yilgan bemorlar soni sezilarli darajada ko`pamoqda. Shunday kasalliklardan biri — aseptik nekroz.  

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Murod Irismetov shu mavzudagi mulohaza va xulosalari bilan o`rtoqlashdi.  

" Bu og`ir kasallik tibbiyotda son suyagi boshchasining avaskulyar osteonekrozi deb ham ataladi, — deydi mutaxassis. — U suyak to`qimasida qon oqimi vaqtincha yoki doimiy buzilishi oqibatida yuzaga keladi.

Soddaroq tushuntirsak, tanamizdagi suyaklar bir-biridan tog`ay bilan ajralib turadi. Yuzalari bo`g`im paylari bilan mustahkamlangan. Ular harakat chog`ida yuzaga keladigan tashqi zarbalarga qalqon bo`ladi.  

Bo`g`imlar ichki qavati esa maxsus parda bilan qoplangan bo`lib, o`zidan suyuqlik chiqarib turadi va shu tufayli bo`g`imlar elastikligi ortadi hamda harakat-tayanch vazifasini o`taydi.  

Son suyagi boshchasi tananing shu qismidan o`tgan bitta arteriya bilan oziqlanadi. Agar unga qon borishi buzilsa yoki to`xtasa, bo`g`imlar kislorod va boshqa hayotiy zarur moddalarga to`yinmasligi oqibatida nekroz, ya`ni hujayra va to`qimalar nobud bo`lishi jarayoni boshlanadi.

Nekroz o`chog`i kattalashgani sayin son suyagi boshchasi o`z mustahkamligini yo`qotib, tana og`irligiga bardosh berolmay qoladi.  

Bora-bora tananing bu qismi shunchalik mo`rt bo`lib qoladiki, u jismoniy harakatlar ostida xuddi tuxum po`chog`idek uqalana boshlaydi. So`ng chanoq-son bo`g`imida kuchli og`riqlar yuzaga kelib, harakat cheklanadi.  

Kasallik shakllanishi turli omillar bilan bog`liq. Tromboz, tromboemboliya, gormon vositalari, bo`g`imlar shikastlanishi, spirtli ichimliklar shular jumlasidan. Qolaversa, aseptik nekroz og`ir revmatik kasalliklar hamda COVID-19 asorati sifatida ham shakllanishi mumkin.

Ya`ni pandemiya davrida ayrim bemorlar belgilangan dori vositalaridan o`zboshimchalik bilan foydalanishi, ayniqsa, gormon preparatlarini palapartish qo`llashi ularda avaskulyar osteonekroz paydo bo`lishiga olib keldi.  

Chunki bu preparatlar D vitamini va kalsiyning suyakka etib borishiga to`sqinlik qiladi. Qolaversa, son suyagi boshchasini oziqlantiruvchi tomirlardan o`tayotgan qon quyuqlashishi bu bo`g`imning normal oziqlanishiga to`sqinlik qiladi.

️Xuddi shunday omillar aseptik nekrozga chalingan bemorlar soni keyingi yillarda 3-4 barobar ortishiga olib keldi. Tahlillarimizga ko`ra, hozir bu holat ko`proq erkaklarda kuzatilmoqda", Murod Irismetov.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1