Yil avvalida tavallud sanasi qaysi kunga to`g`ri kelishiga qiziqib, taqvimga qarab qo`ymaydigan odam bo`lmasa kerak. Farzandlarning tug`ilgan kuni esa ota-onalar uchun ikki karra bayram! Xo`sh, bolakayga ma`qul keladigan sovg`ani qanday tanlash mumkin? Bu borada farzandingizning qaysi burj ostida tug`ilganiga ham e`tibor berishingiz mumkin.
Hamal
(21.03‑20.04)
Bu burj ostida tug`ilgan bolalarga kosmik-konstruktor sovg`a qilsangiz bo`ladi. Kichkintoy undan samoviy kema yasab, yulduzlarga uchishni istaydi. O`spirinlarga esa sport o`yinlari yoki spektakllarga bilet olib bering. 15 yosh va undan kattalarga ijodiy va bilimini orttiradigan elektronika-planshetdan tortib, fotoapparat, elektron kitoblargacha tuhfa qilish mumkin.
Savr
(21.04‑20.05)
«Savr»-bolalarga ustaxonalarda yasalgan yog`ochli buyumlar sovg`a qilish ayni muddao: ular uchun bolalikdan ona tabiatni o`yinchoqlar aksida ko`rish nihoyatda muhim. Quyi sinfda o`qiydigan bolangizning ko`nglini mashina va toshlardan iborat kolleksiya bilan ko`tarishingiz mumkin. O`smir savrlar esa kompyuter aksessuarlari: fleshka, veb-kamera, quloqchin (naushnik) kabi tuhfalardan juda xursand bo`ladi.
Javzo
(21.05‑21.06)
Kichkintoy «javzo»larga ichi yorqin ranglar va ertaklarga to`la, katta o`lchamdagi kitoblar yoqadi. 7 yoshdan 14 yoshgacha bolalarga mo`ljallab ishlangan filmlarimiz diskini sovg`a qiling. Shuningdek, ichiga yumshoq o`yinchoq solingan chiroyli sovg`a qopchasi ham ayni muddao.
Saraton
(22.06‑22.07)
Bu burjning jajji vakillari biroz uyatchan, tortinchoq bo`lishadi. Shuning uchun qizchalarga mashina, o`g`il bolalarga qo`g`irchoq sovg`a qilishdan qo`rqmang. Bu farzandingizga qarama-qarshi jins vakillari bilan til topishishi va o`ynashi uchun asqotishi mumkin. O`spirinlarga o`z qahramonlarining kostyum va atributlari yoqib tushadi.
Asad
(23.07‑23.08)
Jajji «asad»larning tug`ilgan kunida oilaviy mini-spektakllar tashkillashtirsangiz, juda xursand bo`ladi. Ular bolakayning sevimli ertaklari asosida bo`lsin. Bosh rollarni esa buvi-bobosi va ota-onasi o`ynashi kerak. Eng asosiysi, bunday spektakllarda kichkintoy ham o`zi xohlagan rolni ijro etsa, bu ajoyib kunni bir umr yodida saqlaydi. Maktab o`quvchilariga ham shou yoki teatrlarga chipta sovg`a qilgan ma`qul. Katta yoshli qizlarga pardoz vositalari to`plami, o`g`il bolalarga yangi kiyim tuhfa qilish to`g`ri bo`ladi.
Sunbula
(24.08‑23.09)
Qismlarga ajratilib, qayta yig`iladigan o`yinchoq, qo`g`irchoqlarni bu bolalar judayam sevishadi. Maktab o`quvchilariga esa o`z qo`llari bilan yig`ish imkoni bo`lgan bezakli to`plamlar sovg`a qiling. Shuningdek, yigitchalarga kompyuter, qizlarga qo`g`irchoqlar to`plami rosa ma`qul bo`ladi. O`spirin bolalarga velosiped, rolik va shunga mos kiyimlar tuhfa qiling.
Mezon
(24.09‑23.10)
Ushbu burj ostida tug`ilgan bolalarga mebel, turli texnika, tibbiyot moslamalari bilan jihozlangan, hatto mashinasigacha bo`lgan o`yinchoq uychalar juda yoqadi. O`smir bolalarning esa garderobini yangilash ma`qul keladi. Kollej va lisey o`quvchilarini sayohatga olib borsangiz, ular sizdan bir umr minnatdor bo`lishadi.
Aqrab
(24.10‑22.11)
Bu bolalarga sovg`a tayyorlashda birgina «fantaziya» so`zini yodda tuting. Kichkintoylarga savlatli kostyumlardagi risar, sohibjamol malika, maktab o`quvchilariga g`aroyib elektron o`yinlar, kitoblar sovg`a qilish mumkin. Kattaroq yoshdagi qizlarga etnik uslubdagi kostyumlar, yigitlarga esa hech kimnikiga o`xshamagan, o`ta zamonaviy kiyimlar tortiq qilsangiz bo`ladi.
Qavs
(23.11‑21.12)
«Qavs»-bolalar uchun muhimlilik birinchi o`rinda. Bolaning mantiqiy va timsolli dunyoqarashini rivojlantiring. Shuning uchun ularga turli mozaika, pazl, topqirlik, harf va raqamlarni bilishni talab qiladigan o`yinlar in`om qiling. O`quvchilarga har xil boshqotirma va strategik o`yinlar, kattaroq yoshdagilarga esa birgalikdagi sayru sayohat eng yaxshi tortiq bo`lishi mumkin.
Jadiy
(22.12‑20.01)
O`g`il va qiz «ja`diy»larga temir yo`l o`yinini o`ynash birdek yoqadi: qizchalarga yo`lovchilarni «poezd»ga tushirib-chiqarish ham alohida zavq bag`ishlaydi. Maktab o`quvchilariga esa istagan shakldagi katta g`aladon (shkatulka) armug`on qiling. O`spirinlarga boshqotirmalar ma`qul keladi.
Dalv
(21.01‑20.02)
Bog`cha bolalariga magnit alifbo va raqamlar, ovozli o`yin texnikasi sovg`a qilish ayni muddao. O`quvchilarga sport anjomlari yang yaxshi tuhfa bo`ladi. O`smir yigitlarga aqliy quvvatni oshiruvchi o`yinlar tuhfa etishingiz mumkin. Qizlar yangi kiyimlar uchun nihoyatda xursand bo`lishadi.
Hut
(21.02‑20.03)
«Hut»-bolalarning musiqiy qobiliyati siz tortiq qilgan ksilofon, mini-sintezatordan tortib, turli qo`shiqlar yozilgan disklar orqali rivojlanadi. 7-14 yoshida esa haqiqiy musiqa asboblari yoki shunga aloqador boshqa buyumlarni sovg`a qilsangiz adashmaysiz.