Ushbu voqeani Namangan viloyatidan qo`ng`iroq qilgan muxlisisamiz Mastura Odilova so`zlab berdi. Ochig`i, uni tinglar ekanmiz, so`zlariga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmadik...
— Gazetada chop etilayotgan sirli voqealar bundan o`n yilcha avval, ya`ni bo`y qiz chog`imizda sodir bo`lgan bir hodisani yodimga soldi. O`shanda maktabda o`qirdik. Bitiruvchi sinf edik, nazardimda. Qizu yigitning o`z olami, sirli xayollari bilan band bo`lgan paytlari emasmi, biz ham dugonalar bilan ko`rishib qolsak, nuqul kelajagimiz, taqdirimiz, oq ot mingan shahzodamiz haqida suhbatlashardik. Yana qishlog`imiz kichkinaligi bois, birortamizning uyimizda yig`ilishib, kechasi bilan so`zana tikar va tongda tarqalishardik. Suhbatimiz qizigandan qizir, hamma o`zi eshitgan-bilgani haqida gapirardi.
— Men bir fol o`rganib keldim, — dedi bir kuni dugonam. — Juda zo`r fol. Buning uchun uzun, inkichka, tikish-bichishda ishlatiladigan ip, kitob va nikoh uzugi kerak. Nikoh uzugidan ipni o`tkazib, kitobning ustidan qilt etmay ko`tarib turiladi. Keyin birorta duo o`qib, taqdirini bilmoqchi bo`lgan qizning yaqinda vafot etgan qarindoshlaridan birining ruhi chaqiriladi. Undan keyin ruhga xohlagan savolingizni beraverasiz.
— Keyin ruh guldiragan tovushda javob beradi, shunaqami? — hammadan sho`x dugonamiz qiqirladi. — Sal mantiqli gapir!
— Yo`q, savol berishdan oldin, “Ey, falonchi bobo yoki momoning ruhi, shu erda bo`lsangiz, uzukni qimirlatib ishora bering”, deyiladi. Uzuk qimirlasa, ruh kelgan bo`ladi. Keyin masalan, Zarifaning taqdirin bilmoqchi bo`sang, “Zarifaning sevgan yigiti bormi? Bor bo`lsa, uzukni qimirlatib ishora bering”, deysan. Shu tarzda hamma savollarga javob olinadi.
— Zo`r ekan-ku! — birdan hammaning qiziqishi ortdi.
— Sinab ko`rish kerak ekan...
— Bir qilib ko`rsak, nima bo`larkan?
Bu takliflarni eshitgan boyagi dugonam dedi:
— Sal kech bo`lsin, hamma uxlasin. Tag`in kattalar ko`rib qolib, koyib yurmasin. Lekin nikoh uzugi yo`q-ku, bizda...
— Yangangnikini olib kelsang-chi? — dedi kimdir uy egasiga.
Uy egasi bo`lgan o`rtog`imizam mahtal bo`lib turgan ekan, dik etib o`rnidan turdi. Bir zumda nikoh uzugi bilan qaytdi.
— Voy, yangangga aytdingmi? — qo`rqdi haligi “folbinlik” qilmoqchi bo`lgan dugonamiz.
— Jinnimisan? Mening ham aqlim joyida. “Malohat ko`rmoqchi ekan. Yaqinda to`yi-ku! Ertalab beraman, uxlayvering”, deb keldim.
Bu gapdan hamma xotirjam tortib, uydagi kattalarning uyquga ketishini kuta boshladi. So`ng fol ochishga tushib ketdik. Birma-bir navbatga o`tirgan qizlar biror qarindoshining ruhini chaqirar va savollarini berardi. Xullas, o`sha tun juda kech uxlagani yotdik. Eng dahshati, tongga yaqin yuz berdi. Kutilmaganda uzuk egasi bo`lgan kelinchak biz yotgan xonaga yugurib kirdi. Kimdir uyg`ondi, kimdir yo`q. Haligi yangamiz esa har birimizning yuzimizga qarab sal oldin uzuk yonida aytgan savollarimizni takrorlardi:
— Sevgan yigitim menga uylanadimi, ishora bering!
— O`zimizning qishloqqa tegamanmi, shunday bo`lsa, ishora bering!
— O`qishga kira olamanmi, kirsam, ishora bering!
Biz avvaliga kelinchak gaplarimizni o`g`rincha eshitib turgan ekan deb o`yladik. Ammo uning ko`zlarining bejoligi...
Afsuski, o`sha tun asorati hamon ketmagan. O`sha kelinchak hali-hali tuzalmadi. Yo`lida uchragan odamga bizning savollarimizni beradi...
KAMINA yozib oldi