AsosiyJamiyat

O`zbekiston Trinidad va Tobago bilan diplomatik munosabatlar o`rnatdi

'O`zbekiston Trinidad va Tobago bilan diplomatik munosabatlar o`rnatdi'ning rasmi

Kuni kecha Nyu-Yorkda (AQSh) O`zbekiston hamda Trinidad va Tobago o`rtasida diplomatik munosabatlar o`rnatish to`g`risida Qo`shma kommyunike imzolandi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Bu O`zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o`rnatgan 144-davlat hisoblanadi.

Hujjatni ikki davlat hukumatlari nomidan O`zbekistonning BMTdagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov hamda Trinidad va Tobagoning BMTdagi doimiy vakili Dennis Frensis imzoladi.

“Trinidad va Tobago hamda O`zbekiston diplomatik munosabatlar o`rnatish to`g`risidagi qarorini dunyo va xalqaro hamjamiyatga rasman e`lon qilgan kun kelganidan xursandman. Biz Trinidad va Tobagoda buni Markaziy Osiyo mintaqasining muhim a`zosi bo`lgan O`zbekiston bilan uzoq va o`zaro manfaatli munosabatlarning boshlanishi deb bilamiz”, - dedi Dennis Frensis kommyunikeni imzolaganidan so`ng.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo`shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Hamkorlikning o`zaro manfaatli yo`nalishlarini izlash uchun ikki tomonlama aloqalarni davom ettirish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Hujjatning imzolanishi O`zbekistonning Karib havzasi davlatlari bilan o`zaro hamkorligini kengaytirish yo`lidagi muhim qadam bo`ldi.

    Boshqa yangiliklar