AsosiySiyosat

O`zbekiston Trinidad va Tobago bilan diplomatiya munosabatlarini o`rnatdi

'O`zbekiston Trinidad va Tobago bilan diplomatiya munosabatlarini o`rnatdi'ning rasmi

Nyu-Yorkda (AQSh) O`zbekiston Respublikasi hamda Trinidad va Tobago Respublikasi o`rtasida diplomatiya munosabatlarini o`rnatish bo`yicha Qo`shma kommyunike imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA .

Bu O`zbekiston diplomatiya munosabatlarini o`rnatgan 144-mamlakat bo`ldi.

Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O`zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov hamda Trinidad va Tobagoning BMTdagi doimiy vakili Dennis Frensis imzoladilar.

“Trinidad va Tobago hamda O`zbekiston dunyoga va xalqaro hamjamiyatga diplomatiya munosabatlarini o`rnatish qarorini rasman e`lon qilgan kun kelganidan mamnunman”, dedi Dennis Frensis kommyunike imzolangandan so`ng. Biz Trinidad va Tobagoda buni Markaziy Osiyo mintaqasining muhim a`zosi bo`lgan O`zbekiston bilan uzoq muddatli va o`zaro manfaatli munosabatlarning ibtidosi, deb bilamiz”.

Trinidad va Tobago - Janubiy Amerikaning Shimoliy-Sharqiy qirg`og`ida joylashgan davlat, Britaniya Hamdo`stligi hamda Amerika davlatlari tashkilotining a`zosi hisoblanadi.

Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qo`shma hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Hamkorlikning o`zaro manfaatli yo`nalishlarini qidirib topish bo`yicha    ikki tomonlama aloqalarni qo`llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Hujjatning imzolanishi O`zbekistonning Karib havzasi mamlakatlari bilan hamkorligini faollashtirish yo`lidagi muhim qadam bo`ldi.

Bundan avvalroq, 1 iyun kuni doimiy vakil Dennis Frensis BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi raisi etib saylangan edi.

Eslatib o`tamiz: 28 aprel kuni mamlakatimiz Serra-Leone Respublikasi bilan diplomatiya aloqalarini o`rnatdi.

    Boshqa yangiliklar