Joriy yilning 16 iyun kuni Buxoro shahrida XX an`anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivalining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Tadbir Madaniyat va turizm vazirligi, Buxoro viloyati va shahar hokimliklari, viloyat Madaniyat va turizm boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o`tkazilmoqda. Tadbirda bir qator davlatlardan madaniyat va san`at arboblari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, turoperatorlar hamda OAV vakillari ishtirok etmoqda. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, festival jarayonlarini Slovakiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Bangladesh, Turkiya, Quvayt, Qatar kabi davlatlarning O`zbekistondagi elchixonalari vakillari ham bevosita Buxorodan kuzatmoqda.



Tadbirda o`zlarini ijod namunalarini namoyish etish maqsadida Andijon, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm, Farg`ona, Toshkent viloyati va Toshkent shahar va xorijiy davlatlardan 200 nafardan ortiq hunarmandlar tashrif buyurdi. Erta tongdan Ark qo`rg`onidan “Mo``jizalar karvoni” tantanali yurishi bo`lib o`tdi hamda festival ishtirokchilari karnay-surnay sadolari, ashula va raqslar jo`rligida, shodiyona kayfiyatda Labi hovuz majmuasiga qadar bo`lgan masofani bosib o`tdilar.







