1

Jaloliddin Manguberdining eng qadimiy suratlari aniqlandi

Madaniyat 19.06.2023, 11:09
Jaloliddin Manguberdining eng qadimiy suratlari aniqlandi

Jaloliddin Manguberdi  (1199–1231 yillar) Xorazmning mo`g`ullarga qarshi kurashiga boshchilik qilgan Xorazmshohlar sulolasining so`nggi vakili sanaladi. U turkiylarning Begdili urug`iga mansub bo`lib, Anushtegin G`arjiy  avlodlaridan edi. U juda murakab va tahlikali bir davrda, Xorazm davlati Chingizxon (1157-1227) boshchiligidagi mo`g`ul bosqinchilari tomonidan tor-mor etilayotgan bir paytda taxt tepasiga keldi.  

Saltanatning taqdiri hal bo`layotgan bir paytda otasidan taxtni qabul qilib olgan Jaloliddinning zimmasiga juda katta mas`uliyat yuklangan edi. U ona xalqi dushman iskanjasida, Vatani o`t ichida qolgan bir paytda mardona bosh ko`tarib chiqdi. Sadoqatli, botir, yovqur askarlari bilan Chingizxon qo`shinlariga qarshi to so`nggi nafasiga qadar  mardonavor jang qildi.   Ayniqsa Sind daryosi bo`yidagi misli ko`rilmagan, qo`rqinchli jasorati hatto g`animlarni ham hayratga soldi...

     1231 yil, yoz oqshomlarining birida Mayofariqin  qal`asiga yaqinlashgan chog`da, Sultonning askarlarini mo`g`ullar ta`qib qiladi. Sheriklari uni tashlab qochadi. Jaloliddin kurd qaroqchilarining qo`liga tushadi va xiyonatkorona o`ldiriladi.  

 Manguberdining shaxsiy kotibi Shahobiddin Muhammad Nasaviy sarkardaning so`nggi kunlari haqida shunday satrlarni bitib qoldirgan:  

“...U hech qachon hech bir erda ikki kundan ortiq ushlanib qolmas, orom bilmas edi. U endigina orom topganda esa jahon beqaror bo`ldi, o`z oromini yo`qotdi. Qorong`u jahonni yoritgan quyosh  g`arb tomon chekinib, er ostiga berkindi.... Saltanat majlisining sham`i edi, davrani nurlantirdi, endi yondi-yu, so`ndi. Shohlik bo`stonining guli edi, ochildi-yu, endi pajmurda bo`lib so`ldi. Islom ahlining uyqudagi baxti edi, uyg`ondi-yu, so`ng uyquga ketdi....Osmon bu motamdan egniga ko`k yopindi. Er bu musibatdan sochini yulib, boshiga tuproq sochdi... ”  

Oradan asrlar o`tib, Jaloliddinning Vatani haqiqiy mustaqillikni  qo`lga kiritdi. 2000 yilda buyuk sarkardaning 800 yilligi mamlakatimizda keng nishonlandi. 2003 yilda mamlakatimizda “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta`sisi etildi. 2022 yilda  Urganch shahrida sarkardaning ot ustidagi yangi haykali  o`rnatildi.  

An-Nasaviy «Sirot as-Sulton Jaloliddin Manguberdi» («Sulton Jaloliddin Manguberdining hayoti» asarida Sulton Jaloliddin Manguberdining tashqi tuzilishini qo`yidagicha tasvirlaydi:  

«U qoramag`iz yuzli, bo`yi kichik, tili va talaffuzi turkiy edi, shuningdek, forschani ham bilar edi... U sherlar orasida sher va o`zining jasur chavandozlari orasida eng jasoratlisi edi».

Bu tarixiy vaziyat o`rta asr musavvirlarini ham befarq qoldirmagan. Bizgacha Chingizxon va Jaloliddin uchrashgan ana shu holat aks etgan ikkita miniatyura etib kelgan. Birinchi  miniatyura 1540 yilda  Samarqandda ko`chirilgani taxmin qilingan  “Tarixi Abulxayrxoniy”  asaridan o`rin olgan.

Mazkur asarda Bag`dod xalifaligining sharqiy qismida joylashgan mamlakatlar va Movarounnahrning qadim zamonlardan to XV asrning 60-yillarigacha kechgan tarixi  qisqacha bayon etiladi.  

«Tarixi Abulxayrxoniy» Shayboniylar sulolasi vakili   Samarqandda 1540-1551 yillarda hukmronlik qilgan Abdullatif Sulton hukmronligining boshlarida Ko`chkunchixon (1510-1530)ning sobiq kotibi Mas`ud ibn Usmon Kuhistoniy tarafidan yozilgan. Asarda Abulxayrxon davlatiga asos solgan va XVI asr boshida Shayboniyxon bilan birga Movarounnahrga ko`chib o`tgan turkiy  qavmlar haqida qimmatli ma`lumotlarni uchratamiz.

Samarqandlik musavvir an-Nasaviy  ma`lumotlariga tayanib, sultonning o`ziga xos xususiyatlarini ko`rsatishga intilmaydi. Rassom uchun asosiysi uning jasoratini tasvirlash edi, shuning uchun u Xorazmshohning kichik, ammo jasoratga to`la siymosini narigi qirg`oqda hayrat bilan unga qarab turgan Chingizxon boshchiligidagi dushmanning butun bir qo`shiniga qarama-qarshi qo`yadi.

Ushbu qo`lyozma O`zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida 9989  raqami ostida saqlanmoqda. Surat noma`lum rassom tomonidan ishlangan. Unda daryoning yuqori qirg`og`ida o`z g`animini 15 chog`liq askarlari qurshovida hayrat va havas bilan kuzatib turgan Chingizxon tasvirlangan. Boshidagi zarrin dubulg`a va  ukpar uni boshqalardan ajratib turibdi. Chingizxon ko`kish tusdagi ot ustida xayolchan holatda tasvirlangan. Askarlarning har biri qilich, kamon va gurzilar bilan qurollangan. Oyoqlar ostida ham dubulg`alar va qalqon parchalari yotibdi. Tabiat manzaralariga ko`ra, jang bahor oylarida sodir bo`lgan. O`rtada daryo hayqirib oqmoqda. Daryoning quyi sohilida dushmanga tik va mag`rur qarab turgan Jaloliddinni ko`rish mumkin. U otidan tushgan, qilichiga tayanib turibdi. Negadir uning o`qdon (sadoq)i erda yotibdi. Jaloliddinning boshidagi dubulg`ada qizil tusli tug` (bayroq) qadalgan.  

Sahifaning tepa va pastki qismlarida fors tilida shunday satrlarni o`qish mumkin:  

“U o`z amri ila yaqinlariga aytdi:   “hozirgacha oramizda qilich (urush)  turibdi”. Keyin u o`g`illariga qaradi va aytdi “har otadan shunday o`g`il tug`ilsa!  U (Jaloliddin)  ikki daryodan  ham qo`rqmadi, biri otash daryosi, ya`ni mening askaridir, ikkinchisi suv daryosi bo`lib, hech kim...”

Garchi matn to`liq bo`lmasa-da, unda Jaloliddinning jasorati haqida so`z yuritiladi. Qizig`i, bu asar Chingizxon avlodidan bo`lgan shayboniylar topshirig`iga asosan bitilgan bo`lsa-da, xonning ashaddiy raqibi bo`lgan Jaloliddinga hurmat va xolislik bilan yondashilgan.  

Jaloliddin siymosi aks etgan suratlardan yana biri 1596-1600 yillarda Hindistonda Boburiylar davrida yaratilgan, Mirxond qalamiga mansub deb taxmin qilingan  “Chingizxonnoma” asaridagi suvratdir. Unda Sulton Jaloliddin Manguberdi Sind daryosining suvlarini kechib o`tish uchun hech qo`rqmasdan,  o`z oti bilan daryoga tashlangan payti tasvirlangan. Narigi qirg`oqdagi Chingizxon askarlari uni quvib etish haqidagi buyruqni kutayotgandek qotib turishibdi. Lekin Sulton allaqachon qochishga muvaffaq bo`lgan. Xorazmshohning uzun mo`ylovi va harbiylarga xos kiyimi, otininig egar-jabduqlari, bezaklari  mo`g`ul askarlarinikidan uncha  farq qilmaydi. Bu esa, o`rta asr hind miniatyurlariga xos xususiyatlardan sanaladi.

Surat o`rin olgan sahifada ham ayni holat badiiy bo`yoqlar bilan aks ettirilgan. Ma`lumotlarga ko`ra, ushbu suratni hind musavviri Dxarma Das, Chihra Nami hamda Banvari Xurdlar ishlashgan. Hoshiyada fors tilida biz yuqorida tilga olgan voqea tafsilotlari – Jaloliddin o`z ahli ayolini suvga cho`ktirib, yakka o`zi ot bilan Sind daryosidan kechib o`tishi, Chingizxon o`g`illariga uni ibrat namunasi sifatida ko`rsatgani bayon qilingan. “U (Jaloliddin) o`z chodiri va bayrog`ini olib, otiga qamchi urdi va chaqmoq tezligida daryodan o`tib oldi. Narigi sohilga o`tib, otining egaridan tushdi va shamshirining suvini quritdi. Chingizxon xayratdan barmoqlarini tishlab, o`z farzandlariga  uni ko`rsatdi: “Har otadan shunday o`g`il tug`ilmog`i lozim”.  

Shundan so`ng asarda ikki  qator she`r keltirilgan:

Ba geti kase mard az inson nadid,

Nav az nomdoroni peshin shunid,  

(Hech kim bu odamlamda undan ko`ra mard va jasur insonni ko`rmadi va o`zidan avvalgilardan ham eshitmadi)

Shundan so`ng sahifaning ostki qismida muallif Jaloliddin Manguberdi o`z ahli ayoli, farzandlari va oila a`zolari dushman qo`liga asir tushib, xorlik va zorliklarga giriftor bo`lmasliklari uchun suvga g`arq qilgani, o`z xazinasini ham daryoga cho`ktirgani yoziladi. Matnda Chingizxon so`zi alohida qizil rang bilan yozilgan. Bu ham Sharq kitobat san`atidan alohida hurmat belgisi sanalgan.  

Surat juda aniq va rangli tarzda, real jang manzaralarini  teran aks ettirgan holda chizilgan. Chingizxon o`z fanzandlariga Jaloliddinni ko`rsatib, nimalarnidir uqtirmoqda. Jaloliddin xuddi matnda aytilganidek, chodir va bayrog`ini mahkam quchgancha, narigi sohilga chiqmoqda. Daryoda baliqlar ko`zga tashlanadi. Olislardan shahar manzaralari, tog`u toshlar, osmonda uchayotgan qushlar ko`rinib turibdi.  

Mazkur qo`lyozma sahifasi  ayni paytda Londonda  Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Har ikki surat ham Jaloliddin Manguberdi barcha asrlarda jasorat va mardlik timsoli bo`lib kelganini ko`rsatadi.  

 

Firdavs Abduxoliqov,
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1