AsosiyJamiyat

Sud qaroridan norozi namanganlik tadbirkor Prezidentga murojaat yo`lladi

'Sud qaroridan norozi namanganlik tadbirkor Prezidentga murojaat yo`lladi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqda o`zini namanganlik tadbirkor Yusupov Shavkat deb tanishtirgan shaxs sud qarorlaridan noroziligini bildirib, prezidentga murojaat yo`llagani aks etgan video tarqaldi. Oliy sud axborot xizmati holatga munosabat bildirdi.

Fuqaro videomurojaatida 4 yildan buyon auksionda yutib olgan mulkini ololmayotganini aytib, prezidentdan uni qabul qilishini so`ragan.

“Men sizning qonunlaringizga ishonib, onlayn auksiondan 350 million so`mga mulk sotib olib, 4 yildan buyon sarson-sargardon bo`lib yuribman. Na pulimni ololaman, na mulkimni ololaman. Necha marta sudlashgan bo`lsam, adolat qaror topgani yo`q. Qonun bo`yicha, hujjatlar bo`yicha adolat men tomonda, men haqman, lekin sudlarimiz mening haqligimni tan olayotgani yo`q. 

2023 yil 12 aprel kuni Oliy sud raisi Baxtiyor Islomovning oldiga kirdim. 10 nafar murojaatchining muammosidan faqat meniki hal bo`lmadi. Qabuliga kirgan paytimda Baxtiyor Islomov adolat qaror topadi, ishni nazoratimga olaman, deb va`da bergandi. Lekin ishim o`rganilgani yo`q, ustiga zarurat tug`ilmagani sababli qaytarildi, deb yozib qaytarib yuborishdi. Sizdan iltimos, meni qabul qilishingizni so`rayman, adolat qaror topsin”, — deydi u murojaatida.

Oliy sud ushbu holat yuzasidan munosabat bildirishicha, Yusupov Shavkat joriy yil 21 iyun kuni Oliy sud raisining o`rinbosari qabulida bo`lib, sud qarorlaridan noroziligiga oid o`z vajlarini bayon qilgan.

“Qabul chog`ida murojaatchiga o`tkazib yuborilgan muddatni tiklash to`g`risidagi ariza bilan murojaat qilish huquqi mavjudligi tushuntirildi. U shunday ariza bilan murojaat qilgan taqdirda quyi sudlar chiqargan qarorlar Oliy sudda belgilangan tartibda o`rganilishi va ularning qonuniyligiga huquqiy baho berilishi ma`lum qilinadi”, — deyiladi xabarda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar