AsosiySiyosat

Baxtiyor Saidov BAAdagi Milliy meteorologiya markaziga bordi

'Baxtiyor Saidov BAAdagi Milliy meteorologiya markaziga bordi'ning rasmi

BAAda tashrif bilan bo`lgan O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va unga hamrohlik qilgan delegasiya Milliy meteorologiya markaziga ham bordi. Bu haqda “WAM” axborot agentligi xabar berdi.

Mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi rahbari meteorologiya imkoniyati va infratuzilmasi bilan tanishdi, bosh prognozlash, iqlim bo`limi, mutaxassislar malakasini oshirish markazini ko`zdan kechirdi. Ob-havo ma`lumotini kuzatish tizimi, yuqori samarador kompyuter infratuzilmasi va axborotni tahlil qiladigan ilg`or vositalar majmuasi kabi ob`ektlar bo`ylab keng qamrovli ekskursiya doirasida markaz tomonidan qo`llanayotgan eng so`nggi texnologiya, metodologiya mehmonlarda qiziqish uyg`otdi.

B.Saidov BAAning sun`iy yomg`ir hosil qilish va suv resurslarini boshqarishga doir ilg`or tajribani diqqat bilan kuzatdi. Mintaqadagi ilk to`rt o`lchovli ilmiy gumbazda erning shakllanishiga bag`ishlangan interaktiv taqdimotning guvohi bo`ldi.

U BAA meteorologiya sohasida erishgan yutuqlarni, markazning texnik imkoniyati va zamonaviy infratuzilmasini yuqori baholadi, bu mamlakatning ayni sohada ham eng so`nggi texnologiyalar, eng yaxshi xizmatlar taqdim etishga intilishidan dalolat berishini ta`kidladi.
Baxtiyor Saidov BAA iqlim o`zgarishi va atrof-muhit vaziri Maryam Almayriy bilan ham uchrashdi.

- Suv tanqisligi muammosini bartaraf etish, suvni chuchuklashtirish, biologik xilma-xillikni himoya qilish, yangi daraxtzorlar barpo etish bo`yicha sa`y-harakatlarni birlashtirish hamda BAAning mazkur yo`nalishdagi ilg`or tajribasini O`zbekistonda tatbiq etishga alohida e`tibor qaratdik, - dedi respublikamiz TIV rahbari.

    Boshqa yangiliklar