Turkiyaning Xatay viloyati aholisiga O`zbekiston fuqarolari, jumladan, Turkiyadagi mehnat muhojirlarining mablag`lari hisobidan sotib olingan va jihozlangan 57 ta konteyner uylar topshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Ma`lum qilinishicha, tadbir davomida o`zbekistonlik diplomatlar 2023 yilning 6 fevral kuni sodir bo`lgan zilziladan jabr ko`rgan turk xalqiga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirgan. O`zbek xalqi fojia sodir bo`lgan birinchi kundanoq turk birodarlariga yordam ko`rsatgani, bu konteynerlarning Qurbon bayrami arafasida topshirilishi uy-joy masalasini hal etishning eng yaxshi echimi ekanligi ta`kidlangan.
Prezident Shavkat Mirziyoevning Xatay viloyatini tiklash, jumladan, yaqin do`stlik va hamjihatlikning yana bir yorqin timsoliga aylanadigan yangi uy-joylar va boshqa infratuzilma ob`ektlarini barpo etish borasidagi tashabbuslariga alohida e`tibor qaratilgan.
Antakya tumani meri Izzettin Yilmaz turk xalqi O`zbekiston tomonidan fojianing birinchi soatlaridanoq ko`ratilgan yordamni hech qachon unutmasligini ta`kidladi. O`zbekistonlik qutqaruvchilar, harbiy shifokorlar o`z hayotlarini xavf ostiga qo`yib, eng og`ir sharoitlarda mehnat qilib, jasorat va professionallik ko`rsatib, jarohatlanganlarga har tomonlama yordam ko`rsatgani alohida ta`kidlandi.






