AsosiyJamiyat

“Yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi O`zbekiston tajribasi e`tirof etildi

'“Yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi O`zbekiston tajribasi e`tirof etildi'ning rasmi

Toshkentda “Yangi O`zbekiston: taraqqiyot, innovasiyalar va rivojlanish” mavzusidagi xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida “Yashil taraqqiyot”: Yangi O`zbekiston tajribasi va jahon tendensiyalari” xalqaro tadbiri bo`lib o`tdi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri o`rinbosari Jusipbek Kazbekov, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Evropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bosh direktori Boris Erg, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati “Yashil Markaziy Osiyo” dasturi rahbari Karolina Milou, Global yashil o`sish institutining O`zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jinxa Kim, Jahon bankining atrof-muhit bo`yicha bosh mutaxassisi Asferachyu Abate, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O`zbekistondagi Rezident Koordinatori ofisida hamkorlik bo`yicha xodimi Rusyan Jill Mamiit kabi xorijlik mutaxassislar ishtirok etishdi.

Tadbirda Ekologiya vaziri o`rinbosari Jusipbek Kazbekov O`zbekistonda ekologiya sohasida olib borilayotgan o`zgarishlar, “yashil taraqqiyot” sohasida Yangi O`zbekiston tajribasiga bag`ishlangan taqdimotini namoyish qildi.

Shuningdek, xorijlik mutaxassislar qator dolzarb mavzularga e`tibor qaratishdi. Xususan, Boris Erg atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilmaxillikni saqlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil tiklanish va iqlim harakatlari sohasida hamkorlik qilish kabi masalalarga to`xtaldi. Shuningdek, "O`zbekistonda oziq-ovqat tizimi, erdan foydalanish va ekotizimlarni tiklash", "O`zbekistonning tog`li va vodiyli hududlarida o`rmonlarni barqaror boshqarish", "Markaziy Osiyoda tabiatni muhofaza qilish tizimini mustahkamlash orqali zoonoz kasalliklarning paydo bo`lishiga landshaft moslashuvchanligini oshirish" kabi qo`shma grant loyihalari doirasida hamkorlik kabi masalalarga ham e`tibor qaratdi.

Karolina Milou “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar va tashabbuslar bo`yicha ma`lumot berdi. Qolaversa, “Yashil Markaziy Osiyo: Markaziy Osiyo va Afg`onistonda iqlim, atrof-muhit va xavfsizlik masalalari bo`yicha transchegaraviy muloqot” loyihasini amalga oshirish bo`yicha o`z mulohazalarini bildirdi.

Bundan tashqari, Asferachyu Abate Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoning barqaror landshaftlari” (RESILAND CA+) mintaqaviy loyihasini amalga oshirish doirasida Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasidagi ekotizimlar masalalarida muloqotni kengaytirish haqida ma`ruza qildi.

Jinxa Kim esa Global Yashil O`sish Institutining (GGGI) “Orol dengizi inqirozining ta`sirini bartaraf etish uchun Orolbo`yi hududi uchun yashil tiklanish sarmoyasi” qo`shma loyihasi doirasida Orolbo`yi hududida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning ko`lamini kengaytirish masalalariga to`xtaldi. Shu bilan birga, Rusyan Jill Mamiit O`zbekistonda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti ishtirokida suv va er resurslari sifatini boshqarish yo`nalishida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish bo`yicha o`z mulohazalarini bildirdi.

Ta`kidlash joizki, tadbir davomida butun dunyoda “yashil taraqqiyot”ga erishishda Yangi O`zbekiston tajribasi alohida e`tirof etildi. Bunda jahon standartlariga to`liq moslashish, atrof-muhitni muhofaza qilishda yana qator muhim ishlarni amalga oshirish zarur ekanligi ham ta`kidlandi.

Ma`lumot uchun, “Yangi O`zbekiston: taraqqiyot, innovasiyalar va rivojlanish” haftaligi 7-iyulgacha davom etadi.

    Boshqa yangiliklar