Ayni kunlarda Saudiya Arabistonida haj safarida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari erta tongdan mehmonxona foyesida tashkil etilgan saylov uchastkasiga kela boshladi. Ular yurtimiz tarixidagi muhim siyosiy jarayon — O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashib, ovoz bera boshladilar.
Saylovchilar o`zlarining konstitusiyaviy huquqlaridan foydalangan holda mamlakatimiz va chet davlatlarda tashkil etilgan barcha shart-sharoitga ega saylov uchastkalarida ovoz beryaptilar. Toshkent shahridagi 14-saylov okrugiga biriktirilgan
O`zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi Jidda shahrida joylashgan Bosh konsulxonasidagi 39-uchastka saylov komissiyasi tomonidan ziyoratchilar uchun Makka shahridagi “Roshidiya” mehmonxonasida ovoz berish punkti tashkil etildi.
Saylov qonunchiligiga ko`ra, ziyoratchilar uchun saylov byulletenlari keltirilib, yashirin ovoz berish uchun kabinalar hozirlandi. Prezidentlikka nomzodlarning tarjimai hollari saylovchilar uchun ko`rinadigan joyga ilib chiqildi.
Hatto, yoshi ulug` kishilar, bemorlar va harakatlanishga qiynaladigan ziyoratchilar uchun ham ularning xonalarida ovoz berish imkoniyatlari yaratildi.
Bir so`z bilan aytganda, muborak zamindagi vatandoshlarimizning saylovga oid huquqlarini amalga oshirish uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratilib, jarayon saylov qonunchiligi talablari asosida olib borilmoqda.






