Checheniston rahbari Ramzan Qodirov ta`tilga chiqdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, Qodirov “yillik haq to`lanadigan ta`tilga” chiqqan. U yo`qligida vazifalari Checheniston hukumati rahbari Muslim Xuchievga yuklatiladi.
“Men 2023 yil 3 iyuldan boshlab yillik to`lanadigan ta`tilimni o`tayapman”, — deyiladi hujjatda.
Qodirov imzolagan buyruq Checheniston rahbari va hukumati saytida paydo bo`lgan. Avvalroq Chechenistonda amaldorning sog`lig`i yomonlashgani va uning buyragida jiddiy muammolar borligi haqida mish-mishlar keng tarqalayotgandi.
Shu bilan birga, “ta`til”ning tugash sanasi buyruqda ko`rsatilmagan.
Ukraina tomonida jang qilayotgan Shayx Mansur nomidagi chechen batalyonining sobiq matbuot kotibi Islom Belokievning aytishicha, Qodirov buyrak etishmovchiligidan aziyat chekmoqda.
“Uning buyragi deyarli ishlamay qolgan va ma`lumotlarga ko`ra, u gapirishga ham qiynaladi. Hatto dializ prosedurasi ham yordam bermaydi. Ehtimol, u tez orada vafot etadi”, — degan edi Belokiev.
Qodirovning o`zi 2 iyul kuni kasallik haqidagi mish-mishlarni rad etish uchun videomurojaat bilan chiqqan. Uning shishgan yuzi “sog`lom ekani ” haqidagi da`volariga zid ko`rinsa-da, ertasi kuni Qodirov birdan “dam olish” vaqti kelgani haqida qaror chiqargan.






