1

“To`yim bo`lmay, turmushga chiqdim...”

SUG'DIYONA 15.10.2016, 10:18
Teglar: Ayol, Ona, Ota-ona, Oila
“To`yim bo`lmay, turmushga chiqdim...”

— 24 yoshdaman, 3 yil avval bir yigit meni yoqtirib qolib, sovchi qo`ygandi. Hadeb kelaverishgach, unashtirishlariga ko`ngandim. Yigit onamni ham, meni ham va`dalariga shunday ustomonlik bilan ishontirdiki, hatto to`y-tomosha qilmay turib FHDYo bo`limida rasmiy nikohdan o`tishga ham rozi bo`libman. Hozir bu haqda o`ylasam, bizni issiq-sovuq qilib qo`yishgandek tuyulaveradi. Ustiga-ustak, bir ayol “Qizingizning bosh ko`zini ilmu-amal bilan aylantirib olishgan, qaytariq qildirish kerak”, dedi. Shu tufayli ham ko`nglimga g`ulg`ula tushib qoldi. Non sindirilganida oliy o`quv yurtiga o`qishga kirgandim, ular ham shartnoma pulini to`lashlariga bizni ishontirib qo`yishgan. Ammo keyinchalik bo`lg`usi qaynonam tanishlarimizga o`qishni bitirib, ishga joylashganimdan so`nggina kelin qilishni aytgan ekan. Shu yillar mobaynida qaylig`imga ko`nglim yo`qligini tushundim. Hozir u bilan deyarli gaplashmaymiz. Yigitning aytishicha, meni to`y qilib, elga osh berib kelin qilishni xohlashmayotgan ekan. Pasportida muhr turibdi, istasa ham, istamasa ham, shu xonadonga keladi, deyishayapti-da. Ikki o`t o`rtasida qoldim, orani ochiq qilay desam, gap-so`zlardan istihola qilaman. Turmush qurmay ajrashgan ayol degan nom olishni istamayman. Lekin bu inson bilan yashashni ham tasavvur qila olmayapman. O`zimni juda notavon sezayapman. Maslahat bering, nima qilay?

 

Qaynonajon: — Asal qizim, eldan burun bunday mas`uliyatli qarorni qabul qilishga biroz shoshilibsizlar-da. Avval bo`lg`usi kuyovbolani so`rab-surishtirish, sinash kerak edi. Endi bu gaplarni eslab, kavlashtirib, dilni xufton qilgandan foyda yo`q. Yaxshisi, vaziyatdan chiqish choralarini izlash kerak. “Issiq-sovuq qilib qo`yishibdi, o`zim bilmay qolibman” deb o`tirganingiz bilan biror narsa o`zgarib qolarmidi? Ko`chada kim nima desa, ishonib ketaverish to`g`rimas. Bir qarorga kelishdan avval bo`lg`usi kuyovbola bilan ham ochiqchasiga gaplashib oling. Birovlarning bo`htonlariga quloq tutavergandan ko`ra, o`sha sizga ko`ngil bergan yigitning dardini ham bir tinglab ko`ring. Axir bejizga shuncha qizlar ichidan sizni tanlab ko`nglini ochmagandir, yillar davomida qo`yib yuborgisi kelmaganining ham boisi bo`lsa kerak-da. Yoki oliygohda ta`lim olib, uni o`zingizga munosib bilmay qo`ydingizmi? Bu savollarning hammasiga faqat ikkingiz oydinlik kiritishingiz mumkin. Vaqtni cho`zishdan esa sira foyda yo`q. O`zingizga chetdan bir nazar tashlab ko`ring. Sizga jur`at va ulkan baxt tilab qolamiz.

      

Shahnoza Xalilova, ruhshunos: — Albatta, qanday qaror qabul qilish faqat sizning ixtiyoringizda. Agar shu yigitni yoqtirib, u bilan baxtli bo`lishingizga ishonsangiz, muhabbatingizni orzu-havaslarga qurbon qilmang. Mabodo, odamlarning gap-so`zini deb, ko`ngil bermay turmushga chiqsangiz, yodda tutingki, bir necha yildan keyin qo`lingizda begunoh norisidalar bilan qaytib kelgandan ko`ra hozirning o`zida vaziyatga oydinlik kiritib olgan afzalroq. Maslahatim, “Onam unday dedi, akam bunday dedi, qo`ni-qo`shni nima deydi”, deb mas`uliyatni atrofdagilarga yuklagandan ko`ra, aql va yurakka quloq tutib, muammoga o`zingiz echim toping. Chunki osmondan sehrgar tushib, sizga uni hal qilib bermaydi. Faqat o`zingiz tirishibgina baxtni qo`lga kiritishingiz mumkin. O`ylaymanki, so`zlarimdan to`g`ri xulosa chiqarasiz.

Saodat OChILOVA yozib oldi.

 

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1