O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi jamoat faollari va jurnalsitlarni bulling qilish, haqoratlash bilan shug`ullanuvchi “Online muxbir” kabi bir nechta telegram kanallar asoschisi ustidan huquq-tartibot idoralariga arizalar kiritdi:
"Ayni kunda tor va keng doiradagi ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilinayotgan axborot va materiallarning barchasi ham qonun talablariga javob beradi, deb bo`lmaydi. Xususan, jurnalist kasb etikasidan, odob-axloq qoidalaridan yiroq bo`lgan, OAV va boshqa sohalarga oid qonunlarga rioya qilmasdan so`z erkinligidan noto`g`ri va g`arazli maqsadlarda foydalanish holatlari uchramoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda inson sha`ni, qadr-qimmati erga urilib, tuhmat, haqoratomuz chiqishlar uchrayotgani, avj olish ehtimoli mavjudligi tashvishlanarli. Misol uchun, “Online muxbir” singari ba`zi bir telegram kanallarda xalqimizning taniqli insonlari, davlat va jamoat vakillari, ustoz jurnalistlar, obro`li va faol OAV vakillari haqida kurakda turmaydigan turfa bo`hton xabarlar ham paydo bo`lmoqda. Bu bo`yicha qator misollar mavjud.
O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi shu kabi salbiy holatlarning oldini olish va ana shunday tarmoq egalarini aniqlash, xususan, “Online muxbir” telegram kanali asoschisiga nisbatan qonuniy chora ko`rilishi, kanal tomonidan tarqatilayotgan qonunga zid axborotlarga tegishli tartibda javob berilishini so`rab huquq-tartibot idoralariga arizalar kiritdi" – deyiladi uyushma xabarida.






