AsosiyIqtisodiyot

Olti oyda soliq tekshiruvlarida tasdiqlangan huquqbuzarlik holatlari bo`yicha fuqarolarga 13,5 mlrd so`m mukofot to`landi

'Olti oyda soliq tekshiruvlarida tasdiqlangan huquqbuzarlik holatlari bo`yicha fuqarolarga 13,5 mlrd so`m mukofot to`landi'ning rasmi

Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Soliq qo`mitasi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimova ma`lum qildi.

Ma`lum qilinishicha, savdo va xizmat ko`rsatish sohasiga jamoatchilik nazorati tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlik sub`ektlarida soliq madaniyati, aholida esa iste`molchilik madaniyati oshib bormoqda. Jumladan, fuqarolarga xarid summasidan 1% qaytarish amaliyoti natijasida olti oy davomida soliq mobil ilovasi orqali 2 mlnga yaqin iste`molchiga 579,5 mlrd so`m keshbek to`lab berildi. Soliq hamkor tizimi orqali soliq huquqbuzarliklari haqida 68 mingdan ortiq murojaat yo`llagan. Shundan 39 mingga yaqin murojaat takroriy bo`lganligi sababli qaytarilgan va tekshiruv o`tkazilmagan. O`tkazilgan soliq tekshiruvlarida tasdiqlangan huquqbuzarlik holatlari bo`yicha fuqarolarga 13,5 mlrd so`m mukofot to`langan.

Shuningdek, noqonuniy savdoni oldini olish tadbirlari natijasida umumiy qiymati 1,2 mlrd so`mga teng aksiz markasiz, eski va qalbaki aksiz markali, tegishli hujjatlarsiz hamda markirovkalanmagan alkogol va tamaki mahsulotlari savdosiga chek qo`yildi.

Yuqoridagi omillar o`z navbatida soliq tushumlariga ijobiy ta`sir ko`rsatib o`tgan 6 oyida byudjetga 76,3 trln so`m soliq tushumlari ta`minlanib, reja 101,8 foizga ijro etildi yoki 1,3 trln so`m qo`shimcha daromad bo`ldi.

Qayd etilishicha, 2023 yilning I yarim yilligida yuz mingga yaqin tadbirkorlik sub`ekti ro`yxatdan o`tgan va faoliyat ko`rsatayotgan yuridik shaxslar soni 569 mingdan, yakka tartibdagi tadbirkorlar soni esa 242 mingdan oshdi.

Tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik bu soliqlarni to`lash muddatini o`zgartirishdir. Ushbu imkoniyatdan mingdan ortiq tadbirkorlik sub`ekti foydalanib, qariyb 614 mlrd so`mlik soliqlarni bo`lib-bo`lib to`lash huquqiga ega bo`ldi.

O`z navbatida, tadbirkorlik sub`ektlarining aylanma mablag`larini ko`paytirish maqsadida qariyb 9 trln so`m yoki o`tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga ko`p qo`shilgan qiymat solig`i byudjetdan qoplab berildi.

“Avtokameral” tekshiruvdan oldingi tahlil tizimi orqali xato va kamchiliklari ko`rsatib berilgach, 61 mingta tadbirkorlik sub`ektlari 5,4 trln so`mga ixtiyoriy qayta hisobot topshirib, kelgusida bo`lishi mukin bo`lgan tekshirishlardan saqlab qolindi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko`p muhokamalarga sabab bo`layotgan soliq tekshiruvlari haqidagi tahliliy ma`lumotlarga to`xtaladigan bo`lsak, Kameral soliq tekshiruvlari jami tadbirkorlarning 3,1 foizida, soliq auditi esa 0,1 foizidan ham kamrog`ida o`tkazilgan.

Onlayn nazarat-kassa texnikalaridan foydalanuvchi tadbirkorlik sub`ektlari soni 175 mingdan ortib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 7% ga oshgan. Ular tomonidan 405 mln donadan ziyod chek rasmiylashtirib, jami aylanma qariyb 104 trln so`mga etgan. Onlayn nazorat-kassa texnikalari orqali tovar aylanma hajmi o`tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 40 foizga o`sgan.  

Mahalliy byudjetlar mustaqilligini oshirishga qaratilgan tadbirlar natijasi bilan soliq tushumlari Jizzax, Sirdaryo, Toshkent va Navoiy viloyatlarida o`tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori darajada o`sishga erishildi.

Qayd etilishicha, QQS stavkasining 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirilishiga qaramasdan 15,8 trln so`m tushirilib, o`tgan yilning mos davriga nisbatan 36 mlrd so`mga o`sdi. Ushbu davrda qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari soni 184 mingtadan ortib, o`tgan yil mos davriga nisbatan 16,4 foizga oshdi. 

    Boshqa yangiliklar