O‘zbekistonda bolalarning tilanchilikka jalb etilishiga olib kelayotgan asosiy omillar — ayrim ota-onalarning bu ishni o‘zlariga kasb qilib olgani va ba’zi oilalarda ijtimoiy ahvolning og‘irligi ekani aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, olib borilgan tahlillar ota-onalarning ishsizligi ham bolalarning tilanchilikka jalb etilishiga turtki bo‘layotganini ko‘rsatgan.
Shuningdek, ko‘p hollarda tilanchilikka jalb etilgan bolalar majburiy umumiy o‘rta ta’limdan chetda qolmoqda. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan ota-onalarga nisbatan amaldagi qonunchilik asosida javobgarlik choralari qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari har bir holatni alohida o‘rganib, oilalarga manzilli yordam ko‘rsatmoqda. Markazlar nafaqat moddiy ko‘mak berish, balki bolalarning ta’lim olish huquqini ta’minlash yuzasidan ham ish olib bormoqda”, deyiladi xabarda.