«Bola boshidan ma`lum» degan gap ayni haqiqat. Kichikligidan aytganini qiladigan, bir so`zli bolakaylar ulg`aygach ham o`ziga yarasha fe`l-atvori bilan ajralib turishadi. Agar farzandingizning xarakterini bilsangiz, asosiysi, uni tushunsangiz, munosabatlaringiz iliq va samimiy bo`lishi tayin. Aksi bo`lganida esa, biroz qiynalasiz. Keling, bu borada kichik qo`llanma bilan tanishamiz.
QOG`OZ-QALAM OLIB,
farzandingizning tug`ilgan kuni sanasini quyidagi ko`rinishda yozib chiqing: masalan, 2007 yil 16 aprel — 2+0+0+7+1+6=20
Yig`indi ikki xonali son chiqdi. Endi uni ham alohida qilib bo`lib yozamiz. Mana bunday:
2+0=2
Demak, bolangizning xarakterini bilish uchun 2 raqamidagi ta`rifga qaraysiz.
!Diqqat qiling, yig`indi bir xonali son bo`lmaguncha qo`shish amalini bajarasiz.
- Mustaqil
Bu bolakayning xarakteriga, hatto, kattalar ham havas qilsa arziydi. Kichikligidan aytganini qiladigan, qat`iyatli va o`ziga nisbatan ishonchi baland bo`lib ulg`ayadi. G`ayrati ichiga sig`maydigan jajji shumtaka rasm chizish, o`yinchoqlardan biror nimalar yasashni yoqtiradi. Bu undagi tasavvur shakllanganligining belgisidir. Balki kelajakda rassom yoki dizayner bo`lar. «O`zim qilaman, siz qarashmang» deydigan farzandingiz vaqti-vaqti bilan ota-onasiga bolalarcha erkalik qilishni, tizzasiga boshini qo`yib, unga mehr ko`rsatishingizni istab qoladi. Faqat har doim ham buni oshkor qilavermaydi. Sergak bo`lsangiz, bu holatni ko`zdan qochirmaysiz.
2. Mo`min-qobil
Hisob-kitoblar ikki raqamini ko`rsatayaptimi, demak, farzandingiz muloyim, mo`min-qobil bola. Barcha masalalar bo`yicha, albatta, siz bilan maslahatlashadi. Atrofidagilari bilan kirishimli, janjal, to`palonlarni yoqtirmaydi. Unga uyda biror mashg`ulot bilan band bo`lish ko`chada to`p tepishdan ko`ra afzalroq. Bolangizning fe`l-atvoridan shikoyatingiz bo`lmasa ham, asta-sekinlik bilan mustaqillikka o`rgating. Shunda keyinchalik turli muammolarga duch kelmaysiz. Va yolg`izlanib qolmasligiga ham diqqat qiling.
3. «Yulduz!»
Uch raqamiga yashiringan ta`rifning sohibu sohibalari tug`ma iqtidor egalaridir. Kichikligidan qizlar raqsga tushish, qo`shiq kuylashga qiziqishsa, o`g`il bolalar rasm chizish, sport yoki biror san`at yo`nalishini tanlashadi. Ijodkorlik kayfiyati har bir bajargan ishlarida bilinib turadi. Masalan, o`yinchoqlarini shunaqangi tartib bilan joylashtiradiki, ko`rib hayron qolasiz. Har bir kichik holatga ham o`ta diqqatlik bilan yondashadigan bu bolalarni yorqin kelajak kutayapti. Uni amalga oshirish esa sizga bog`liq. Agar bolaligidan uning qiziqishlarini to`g`ri baholab, kerakli shart-sharoitlarni yaratib bersangiz, mehnatingiz munosib taqdirlanishi aniq. Faqat ularni bo`lar-bo`lmasga tanqid qilavermang.
4. Tashkilotchi
Farzandingiz ishonchli, bir so`zli va maqsad sari intiluvchan. Balki kichikligi uchun uning bu xislatlarini payqamayotgandirsiz. Ammo ulg`aygach, atrofida do`st-dugonalarining jam bo`lishi, tashabbuskorligi bilan sizni lol qoldiradi. To`rt raqami numeralogiyada mehribonlik sifatini ifodalaydi. Demakki, ushbu raqam ta`rifiga tushgan bolakay ko`ngilchan va saxiy bo`ladi. Undagi etakchilik va tashkilotchilik qobiliyati kelajakda katta marralarni zabt etishi, karera qilishida omad keltiradi. Yagona sharti, bunga siz ham, uning o`zi ham bunga ishonishi kerak.
5. Tanqidchi
Bu toifa bolalar juda ziyrak bo`lishadi. Er tagida ilon qimirlasa ham bilishadi. Numeralogiyada ushbu son besh xil kayfiyat: jahl, xursandchilik, qayg`u, qaysarlik va arazni bildiradi. Fahmlagan bo`lsangiz, farzandingizda ham kayfiyat o`zgaruvchanligi tez-tez sodir bo`lib turadi. Gohida buni bilasiz, goho bilmay qolasiz. Keljakda jajji tanqidchingiz fikr-mulohazalarini o`z o`rnida va vaziyatga qarab ishlata olishi uchun hozirdan uni bunga tayyorlab boring. Bo`lmasa, qaltis savollari bilan uyaltirib qo`yishi ham hech gap emas.
6. E`tibortalab
Agar bu sizning birinchi farzandingiz bo`lsa, keyingilarini bemalol rejalashtiravering. Chunki olti raqami hadya etayotgan ta`rifga ko`ra, bolajoningizga uka-singil kerak. U hamisha diqqat-e`tiborda bo`lishni istaydi, yolg`izlik uni diqqinafas qiladi. Doimo ota-onasi, aka-ukalarining fikr-mulohazalari, ko`maklariga suyanadi. Bir tarafdan bu yaxshi. Ammo shaxs sifatida shakllanishi uchun dilbandingizni mustaqil bo`lishga o`rgating.
7. Hammadan boshqacha
Tashqi ko`rinishidan muloyim bolakay deysiz. Ammo xulosa qilishga shoshilmang. Kichkintoyning o`ziga yarasha fe`l-atvori bor. To`palonchi bo`lmagani bilan xohlamagan ishini qilmaydi, hatto majburlasangiz ham. Biror narsani to`g`ri dedimi, tamom, aksini isbotlab ovora bo`lmang. Baribir, fikrini o`zgartirmaydi. Bu toifa bolani tergamay, yaxshi gap bilan yo`lga solish kerak. Har ishda boshqalarga o`rnak qilib ko`rsatish ham qo`l keladi. Qat`iy kun tartibini yoqtirmaydigan fe`li keyinchalik ham o`qish, ish masalasida o`zini namoyon etishi mumkin.
8. Hukmron
Numeralogiyada 8 soni hukmronlik ma`nosini anglatadi. Agar farzandingizga mos ta`rif ushbu raqamda yashiringan bo`lsa, bolakay o`z xohish-istaklarini qay tariqa ifoda etadi, ana shunga e`tibor bering. Tengqurlarini qanday tanishtiradi, ismini aytadimi yoki turli laqablar bilanmi? Bu omillar bola fe`l-atvorini to`g`ri tushunish uchun g`oyat muhim. Kichkintoy o`zini boshqalardan ustun qo`yishi bilan ajralib turadi. Agar unga to`g`ri tarbiya berib, savollarini javobsiz qoldirmasangiz, o`ziga nisbatan ishonchini atrofidagilar bilan muomalada bilintirmaslikka o`rganadi.
9. Aqlli
Mazkur raqam ta`rifi farzandingizdagi donolikni madh etadi. U bilan hayotning har qanday sinovlarini ham qiyinchiliksiz enga olasiz. Bolajoningiz sizni har qanday sharoitda ham qo`llab-quvvatlaydi. Kattalarga xos vazminligi, mushohada yuritishi kezi kelganida o`zingizni ham o`ylantirib qo`yishi mumkin. Bu xarakterdagi bolakayni tarbiyalashda oltin o`rtalikni topish kerak. Farzandingiz bilan maslahatlashing, ammo unga ortiqcha ma`suliyatni yuklab qo`ymang. Fikrini inobatga olishingizni bilsin, faxrlansin, biroq yoshiga nisbatan erta ulg`ayib qolmasin. Ana shu holatlarni e`tiborga olsangiz, hammasi risoladagidek bo`ladi.