Erkaklarning sirini bilish nima uchun kerak, dersiz? Birinchidan, «sir» degan so`zning o`zi hamisha hammani jalb qilib kelgan. Ikkinchidan esa ularning ko`ngliga yo`l topish uchun albatta! Lekin bu sirni bilish uchun avvalo biz — ayollar ular bilan munosabatda qanday xatolarga yo`l qo`yishimizni bilib olsak, foydadan xoli bo`lmaydi…
Eng muhim 3 xato
1. Ayollar erkaklar bilan munosabatda o`zlarini xuddi uning onasidek tutishadi. Ularga xuddi yosh bolaga murojaat qilganday gapirishadi.
«Yo`q, men bunday emasman!» deysizmi? Unda ayting-chi, turmush o`rtog`ingizga biror marta ham «azizim, hamma narsangizni oldingizmi?» yoki «dadasi, ko`cha sovuq, sovqotib qolasiz, qalinroq kiyining», demaganmisiz? Bu gaplar sizga tanish bo`lsa, bu «xato»ga siz ham yo`l qo`yishingizni tan oling. «Bu xatomas, odatiy hol, e`tibor», deysizmi? E`tibor yaxshi albatta, lekin bu o`rinda xatomiz nimadaligini bilasizmi? Biz erkaklar bilan yosh bolaga murojaat qilganday gaplashamiz. Ular o`zlari haqida qayg`ura olmaydi, deb hisoblaymiz. Go`yoki ularning o`zlari hech nima qila olmaydi va hamisha bizning yordamimizga muhtoj bo`ladi, deb bilamiz. Lekin bu bilan erkak o`zini noshud sezishi mumkinligini o`ylab ko`rmasligimiz… Mana, xatomiz qaerda!
Unutmang!
- Erkak o`ziga, ishiga nisbatan qanoat hosil qilmasa, siz undan o`zingiz istagandek mehr kutmang.
- Erkakka yosh bolaga qaragandek murojaat qilsangiz, u ham o`zini xudi shunday tuta boshlaydi.
- Agar eringizning hammasini mustaqil hal etishga qodirligiga ishonsangiz, u albatta shunday bo`ladi! Bunda aynan sizning ishonchingiz unga kuch beradi.
2. Ayol o`zini erkak uchun qurbon qilishga-da shay. Masalan, hayotda eriga yoqmagan qarindoshlari yoki dugonalaridan voz kechganlar yo`q emas. «Erimning orzusi amalga oshsin» deb, o`z orzularining bahridan o`tadiganlar ham etarlicha topiladi. Lekin bir gapni unutmang: o`zingizni qurbon qilaversangiz, o`zingizni kamroq yaxshi ko`ra boshlaysiz. O`zingizga nisbatan hurmatingiz susaysa, juftingiz ham sizdan «o`rnak» oladi. Oxir-oqibat, «qurbonlik»laringiz samarasini ham ko`rmaysiz, eringizning mehrini ham oldingidan oshirolmaysiz.
3. Ayollar o`zlarining erkaklardan ustun tomonlarini bekitishadi. Lekin buni ularning o`zlari ham bilishmaydi. Erkaklarni «cho`chitib» yubormaslik va uning o`ziga bo`lgan ishonchini susaytirmaslik uchun ham qobiliyatu yutuqlari, nimalarga qodirligini yashirishadi. Balki bunga «sirli bo`lsak, ko`proq yaxshi ko`rishadi», degan qarash ham sababdir? Lekin yodda tuting, erkaklarga ayollarning zaifligini ham yoqadi deb bo`lmaydi. Imkoniyatlaringizni juftingizdan bekitaman deb, oxir-oqibat ularni o`zingizdan ham yashira boshlaysiz. «Ko`rmaganingni tez unutasan» deb bejiz aytishmagan.
Ular nohaq bo`lishni yomon ko`rishadi. Nega?
Ayniqsa, nohaqligini o`zidan ko`ra ayollar bilishini yomon ko`radi. Shuning uchun bo`lsa kerak, ayol turmush o`rtog`iga biror ishni u ko`zlagan tarzda emas, boshqacha tartibda qilayotganini aytsa yoki yordam tariqasida biror ma`lumot aytsa, erkak buni boshqacha «eshitadi»: «sen yomonsan. Noto`g`ri qilayapsan. Xatoga yo`l qo`yding…»
Ayol nimani gapiradi-yu, erkak nimani eshitadi?
Biz shunday gapiramiz |
U shunday eshitadi |
«Azizim, nega mashinani to`xtatib, biror kishidan so`ramayapmiz?»
|
«Sen ahmoqsan. Adashib qolding. Senga ishonib bo`lmaydi»
|
«Negadir tovuq go`shti egim kelmayapti» |
«Ovqatlanishga yaxshi joy tanlamabsan» |
«Balki rahbaringiz bilan gaplashib, vaziyatni tushuntirsangiz, loyihani topshirish muddatini keyinroqqa surar…» |
«Sen omadsizsan. Hech bir ishni o`z vaqtida bajara olmaysan» |
«Azizim, bu ishni boshqacharoq qilsangiz bo`lmaydimi?» |
«Hammasini noto`g`ri qilayapsan. Hech nimani o`zing mustaqil hal qilolmaysan» |
Nega shunday?
Bu bolalikdagi tarbiyaga bog`biyaga bog`liq. Masalan, ota biroz muddatga xizmat safariga ketayotgan bo`lsa, o`g`lini chaqirib (hatto kichkina bo`lsa ham) «o`g`lim, safardaligimda sen uyning erkagi sifatida oyingga qarashib tur», deydi. Yoki bola biror ishni bajarganida «yashavor, Azizjon, hammasini to`ppa-to`g`ri qilding», deya maqtashadi. Jajji bolakay esa shunday xulosaga keladi: «yaxshi bo`lish uchun hammasini to`g`ri qilishim kerak!» Shuning uchun ayol erkakni biror yaxshi ishni qilishga chaqirsa, u agressiv javob qaytaradi. Bu o`rinda ayol erkakning uzr so`rashini istaydi. Lekin kechirim so`rash erkak kishi uchun oson ish emas. Chunki ular uchun uzr so`rash — xatoga yo`l qo`ygani, adashganini tan olish bilan barobar.
Echim
1. Erkaklarning g`ashiga tegadigan so`zlarni qo`llashdan qoching. Masalan, mashinada ketayotib, eringiz yo`ldan adashsa, uni ayblamang, koyimang, tanqid qilmang. Shunchaki tuyg`ularingizni ayting. Masalan, «azizim, bilasizmi, shu erda to`xtab, biror kimsadan so`rasak, ko`nglim xotirjam bo`lardi-da. Bilaman, hammasini to`g`ri qilayapsiz, lekin biz qaysi ko`chaligini unutib qo`ydik, shekilli…» deng.
«Har doim shunaqa! Qayoqqa ketayotganingizni ham bilmaysiz!» Bunday deyish esa sizning eng katta xatongiz bo`ladi!
2. Ma`lumotlarni eringiz bilan birga muhokama qiling. Juftingiz uni tushunayotganingizdan mamnun bo`ladi.
3. Sevgilingizni maqtab turing. Erkaklar bunga har doim muhtoj bo`lishadi.
Sevgisi bizga nisbatan kuchsizmi?
Rostdan ham erkaklar munosabatlar borasida ayollarga nisbatan kam qayg`uradigandek tuyuladi. Hech o`ylab ko`rganmisiz: nima uchun? «Bilaman, u meni sevadi. Lekin har doim munosabatlarimiz ko`proq men uchun muhimdek tuyulaveradi…» Bu vaziyat sizga ham tanishmi? Fikrimcha, bu ayollarning aksariyatiga tanish. Aslida-chi? Erkaklarning miyasi shunday yaratilganki, fikrdan tuyg`ularga o`tish ular uchun murakkabroq. Masalan, ishida qandaydir muammo bo`lsa yoki biror loyihasi bo`yicha qayg`urayotgan bo`lsa, bularni bir chetga surib qo`yolmaydi. Lekin bu u sizni sevmaydi, degani emas. Shunchaki erkakning o`ziga bo`lgan ishonchini siz bilan munosabati emas, ish va muvaffaqiyatlari oshiradi. Ya`ni ular uchun tuyg`u emas, fikr, harakat birinchi o`rinda.
Echim
- Bu ma`lumotlarni eringiz bilan birga o`qing. So`ng munosabatlaringiz borasida uning fikrini biling. Lekin bular siz uchun eringizni tushunishning yana bir kaliti bo`lib xizmat qilsin. Esda tuting, erkak uni tushunishlarini yaxshi ko`radi.
- Nima qilsangiz, unga foydangiz tegishi haqida o`zi bilan muhokama qiling.
- Munosabatlaringiz rivojiga har biringiz qanday hissa qo`shishingiz mumkinligi haqida juftingiz bilan kelishib oling.
Xulosa
Aslida erkak ham, ayol ham bir narsani xohlaydi: o`zining kerakliligini his qilish, hurmatga sazovor va sevimli bo`lishni. Bu har birimizga nasib etsin!