1

Bola nega ayrim so`zlarni noto`g`ri talaffuz qiladi?

Salomatlik 13.08.2023, 11:02
Bola nega ayrim so`zlarni noto`g`ri talaffuz qiladi?

Bola ulg`aygani sari nutqi ham parallel rivojlanib boradi. Biroq hamma “tili chiqqan” kichkintoylar ham barcha so`zlarni to`g`ri talaffuz qila olmaydi.

SSV Matbuot xizmati tibbiyot fanlari doktori Abduazim Yuldashevdan buning sabablari qanday omillar bilan bog`liqligi haqida savollarga javob oldi.

 — Shaxsning har tomonlama to`g`ri rivojlanishida nutq benuqsonligining ahamiyati katta, — deydi mutaxassis. — Biroq doim ham bunday bo`lavermaydi. Ko`pincha kichik yoshdagi bolalar orasida nutq buzilishi bilan bog`liq muammolar uchraydi. Bunga asosan tashqi omillar yoki ota-onalarning e`tiborsizligi sabab bo`lishi mumkin.

Dislaliya – nutq buzilishining keng tarqalgan turi bo`lib, bunda kichik yoshli o`g`il-qizlar ayrim tovushlarni to`g`ri talaffuz qila olmaydi. Yoki bir tovushni ikkinchisiga almashtirib, ba`zida uni o`tkazib yuboradi.

Asosan 3-4 yoshli kichkintoylarda uchraydigan bu kabi nutq buzilishida bola o`z istaklarini to`liq va aniq bayon eta olsa-da, ba`zi so`zlarni noto`g`ri talaffuz qiladi. Masalan “mashina” so`zini “matina”, “shirinlik” so`zini esa “tirinlik” deb aytishi mumkin.

Dislaliyaning 2 xil – funksional va mexnik turlari bor. Mexanik turiga asosan bola og`zidagi nutq apparatida (tishlar joylashuvi, jag`lar shakli) kamchiliklar, tanglayning tartibsiz tuzilishi, qalin lablar sabab bo`ladi.

 Funksional dislaliyani esa bolaning o`tkir kasalliklarni boshdan kechirganligi, oilada ikki tilda so`zlashish, farzand nutqini noto`g`ri tarbiyalash, u bilan kam suhbatlashish, kichkintoy bilan gaplashganda so`zlarni “bolalarcha” talaffuz qilish va unda fonemik eshitishning yaxshi rivojlanmaganligi kabi omillar keltirib chiqaradi.

Mexanik dislaliya tashxisi qo`yilgan bolani ortodont va logoped mutaxassislar birgalikda davolashi lozim. Buning uchun kichkintoyga og`iz orqali bajariladigan maxsus mashg`ulotlar tavsiya etiladi. Ayrim vaqtlarda esa shifokor ko`rsatmasi bilan jarrohlik amaliyoti qo`llaniladi.

Funksional dislaliya 5 yoshgacha davolanmaydi. Agar bola shu davrga qadar ba`zi so`zlarni noto`g`ri talaffuz qilayotgan bo`lsa, u bilan to`g`ri va ravon so`zlashish orqali muammoni bartaraf etish mumkin. Bunda kichkintoyga she`r yodlatish, qo`shiqlar eshittirish yaxshi foyda beradi. Biroq bola 5 yoshga to`lgach ham “quyosh” so`zini “quyos” deyayotgan bo`lsa, uni, albatta, shifokorga ko`rsatish zarur.

Mazkur holatda logoped jajji bemorga og`iz mashg`ulotlarini o`rgatish va talaffuz qila olmayotgan tovushlarni to`g`ri aytishga ko`maklashadi. Ya`ni maxsus logopedik yo`llar bilan bu tovushlarni kichkintoy nutqida mustahkamlaydi.

️Shuningdek, bola nutqini rivojlantirishda og`iz mushaklarini kuchaytirish yaxshi samara beradi. Buning uchun kichkintoyga sabzi, olma, qotgan non yoki turshak kabi eguliklardan berib turilsa, foydadan xoli bo`lmaydi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1