AsosiyJamiyat

"Xalqaro bozorda “o`zbek brendi” shakllanishiga va uning mavqei oshishiga o`z hissasini qo`shishi aniq"

'"Xalqaro bozorda “o`zbek brendi” shakllanishiga va uning mavqei oshishiga o`z hissasini qo`shishi aniq"'ning rasmi

Tadbirkorlar mamlakatning asosiy soliq to`lovchilari. Soliq esa byudjet tushumi degani. Ko`rinib turibdiki, tadbirkor qancha boy bo`lsa, uning daromadi va pul aylanmasi qancha ko`paysa, nafaqat o`ziga, balki shu xalq va davlatga foyda bo`ladi. Shunday ekan, tadbirkorlarni qo`llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlarni yaratish, turli xil byurokratik to`siqlardan ozod qilish va eng muhimi erkin faoliyat yuritishiga zamin yaratish bugungi kunning talabi. Shunday bo`lyapti ham. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning tadbirkorlar va ishbilarmon doira vakillari bilan o`tkazgan ochiq muloqoti ana shunday islohotlarni davom ettirish,kerak bo`lsa, kuchaytirish uchun o`tkazildi desak mubolag`a bo`lmas. 

Ochiq muloqotda kamchiliklar aytildi, qilinishi kerak bo`lgan ishlar ko`rib chiqildi. Shaxsan e`tiborimni tortgan jihat shu bo`ldiki, O`zbekistonda daromadi yuqori korxonalar sonining ortishi hukumat darajasida ko`riladigan masalaga aylanib ulgurdi. Yuqorida aytganimdek, tadbirkor boy bo`lsa, xalq boy bo`ladi. 

Xo`sh, bu borada nima ishlar qilinyapti-yu istiqboldagi rejalar qanday? Savollarimizga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o`rinbosari Muxsinjon Xolmuxamedov javob berdi.

Qanday korxonalar daromadi yuqori hisoblanadi?

– O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 30 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub`ektlarining eksport salohiyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni bilan “Yangi O`zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi qabul qilingan. Unga ko`ra, mazkur korxonalarni saralab olish bo`yicha quyidagi mezonlar belgilangan:

  • korxonalar yuridik shaxs sifatida ro`yxatdan o`tgan hamda kamida so`nggi ikki yil davomida faoliyat yuritayotgan bo`lishi;
  • oxirgi 12 oy mobaynida eksport qilingan tayyor mahsulot summasi 1 mln AQSh dollaridan ortiq bo`lishi;
  • umumiy tushum hajmida eksportdan tushum ulushi 30%dan yuqori bo`lishi;
  • eksportga chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar turi 2 tadan ortiq bo`lishi;
  • oxirgi 12 oy mobaynida eksport geografiyasi, qo`shni davlatlarni inobatga olmagan holda, 2 ta mamlakatdan ortiq bo`lishi;
  • oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmida muddati o`tgan debitor qarzdorlikning ulushi 5%dan kam bo`lishi kerak.

 

Daromadi yuqori tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar haqida gapirsangiz

– Dastur doirasida 100 ta etakchi eksportchi korxona tanlab olinib, ularga kredit, soliq, bojxona bo`yicha alohida rejim joriy qilindi. Natijada joriy yilda bu korxonalar eksporti 1,5 barobar ko`payib, 1,2 milliard dollarga etkaziladi.

Umuman, eksportni qo`llab-quvvatlash hisobidan so`nggi to`rt yilda bunday korxonalar soni 4,5 mingtadan 7,2 mingtaga ko`paydi, chetga sotilayotgan mahsulot turlari 1,5 mingtadan 3 mingtaga oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga kengaydi, tashqi bozorlarga tayyor mahsulot sotish hajmi 2 barobar, bunda tovarlar eksportidagi ulushi esa 50 foizdan 65 foizga oshdi.

Kelgusi rejalar qanday?

– Kelgusida yuqori daromadli korxonalarni sonini ko`paytirish va o`z navbatida ularning O`zbekiston iqtisodiyotiga qo`shayotgan ulushini oshirish yo`lida qator ishlar amalga oshiriladi. 

Belgilangan maqsadlarni ro`yobga chiqarish uchun bugungi kunda Xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda, elektrotexnika, to`qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati bo`yicha 140ta tayyor loyiha ishlab chiqildi. 

Ushbu loyihalarning jami qiymati 10 mlrd. dollarga teng bo`lib, ularda 60 mingta ish o`rinlarini yaratish, yiliga 5mlrd. dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 mlrd. dollarlik eksport qilish ko`zda tutilgan. 

Mazkur 140ta loyiha elektron platformaga qo`yilib, tadbirkorlarga ochiq-oshkora shartlar asosida taklif qilinmoqda.

Qolaversa, ushbu dasturga kirgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamg`armasi hisobidan 10 yil muddatga past foizli kreditlar ajratiladi.

Shuningdek, xalqaro maydondagi geosiyosiy vaziyat hisobiga logistika xarajatlarini qoplash bo`yicha eksportchi korxonalarni qo`llab-quvvatlashni izchil davom ettiriladi. Ular uchun moliyaviy imkoniyatlarni yanada kengaytiriladi. Bunda logistika xarajatlarini kompensasiya qilishga qo`shimcha 100 million dollar, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 million dollar ajratiladi.

Kelgusida “Yangi O`zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi bilan qamrab olinadigan korxonalar sonini 500 taga etkaziladi. 

Eksportni kengaytirish bo`yicha yana bir katta imkoniyat – bu nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb qilish hisoblanadi. Misol uchun, yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi korxonalarimiz bilan ishlashga katta qiziqish bildirmoqda.

Xususan, Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari bilan muzokaralar o`tkazilmoqda. Ular hozirning o`zida mahalliy korxonalarimizga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga tayyor. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarga bo`lgan mustahkam ishonch borligidan dalolat beradi.

Xulosa o`rnida nima deya olasiz?

– Xulosa qilib aytishim mumkinki, rejalashtirilgan loyihalarning amalga oshishi natijasida, birinchi navbatda, yangi ish o`rinlarini tashkil etish orqali joylarda aholi turmush darajasini o`sishi va farovonligini ta`minlashga zamin yaratadi.

Ikkinchidan esa, soliq, bojxona va boshqa to`lovlar ko`payishi hisobiga tadbirkorlik sub`ektlarining mamlakat iqtisodiyotiga qo`shadigan hissasi ortadi. 

Bundan tashqari ushbu loyihalarning ro`yobga chiqarilishi mamlakatimiz eksport salohiyati oshirib xalqaro bozorda “o`zbek brendi” shakllanishiga va uning mavqei oshishiga o`z hissasini qo`shishi aniq.

Karim ZARIPOV tayyorladi

    Boshqa yangiliklar