1

«Erim yaqinlarimni hurmat qilmaydi...»

SUG'DIYONA 21.10.2016, 15:13
Teglar: Oila, Er-xotin
«Erim yaqinlarimni hurmat qilmaydi...»

«Hayotimdan nolimayman. Hamma narsam etarli, turmush o`rtog`im, qaynona-qaynotam bilan yaxshi til topishaman. Faqat erimning qarindoshlarimga qiladigan munosabatidan uyalaman. Ota-onam, aka-ukalarimni hurmat qilmaydi. Nuqul ulardan kamchilik topgani topgan, ko`zimga qarab, ularni yomonlaydi. Biror qarindoshimnikida yig`in bo`lsa, bir oy avval erimning qulog`iga quyishni boshlayman. «Bormasangiz bo`lmaydi, otamning yolg`izgina kuyovisiz, hamma sizni so`raydi», deb. Uning esa aynan o`sha kuni ishi chiqib qoladi, yo biror narsani bahona qiladi. Hamma yaqinlarimning turmush o`rtog`imdan allaqachon hafsalasi pir bo`lgan. Dadamning yubiley kuniga kelmaganidan keyin o`zimning ham dilim qattiq og`ridi. Nega ayrim erkaklar xotinining qarindoshlarini mensimaydi, oyoq uchida ko`rsatadi, haqoratlaydi? Axir biz — kelinlar ularning qarindoshlariga yoqaylik, deb o`zimizni har cho`g`ga uramiz-ku!»

Zilola, Samarqand viloyati

Bu murojaatdan so`ng kuyovlarning «dushman taraf»ga bo`lgan munosabatlarini atroflicha mulohaza qilib ko`rishga kirishdik.

 

Mehr tildami yo dilda?

Bugungi kelinlarning shevasini hech kuzatganmisiz? Erining barcha qarindoshlarini «oyijon», «ammajon», «xolajon», «tog`ajon», deb jon-jonlab turishadi. Kimlargadir bu erish tuyuladi, kimlardir aynan shunday murojaat qilish kerakligini talab qilishadi. «Sen» ham, «siz» ham bir og`izdan chiqishini hisobga olsak, kelinlarning kuyov tarafdagilarning ko`nglini olishga urinishi faqat yaxshilikka xizmat qiladi. Agar bu soxta munosabat emas, chin dildan bo`lsa, albatta.

«Men uning onasini «oyijon» deyman, xizmatini qilaman. Lekin u onamni biror marta «oyi» demaydi, «onang», «dushman taraf», «urug`ing», «senikilar»dan boshqa so`z topolmaydi», deb yozg`iramiz. Erkaklarning yonini olmoqchi emasmiz-u, ammo ko`pincha qaynonamizni haqiqatan ham yaxshi ko`rishimiz, uning xizmatini og`rinmay, nolimay, janjallarsiz qilayotganimizni erimizga isbotlay olmaymiz. Tashqarida «oyijon, adajon» deymiz-u, ichkarida «Onangiz undoq qildi, singlingiz mana bundoq qildi», deb gapiramiz ba`zan. Dilimizdagini eshitib, tilimizdagi samimiy munosabatni ko`rmagan er, bizning qarindoshlarimizga ham xuddi o`sha munosabatni qaytarishi turgan gap. Faqat xo`jayinimiz buning uchun laganbardorlik qilib o`tirmaydi. Chunki u bizning yaqinlarimizning uyida yashamaydi, uni hech kim haydab yubora olmaydi!

 

Ammo...

Xotinining qarindosh-urug`iga ochiq muomala qilmagan, hech bo`lmaganda, do`st-dushman, quda-qarag`aylarning oldida hurmatini joyiga qo`ymagan erkak ham salomiga yarasha aligini oladi. Qarsakdagi «qars» tovushi ikkala kaft to`qnashgandagina eshitiladi, axir. Hurmatli erkaklar, rafiqangizning uydagi janjallari barham topishini istasangiz, uning yaqinlari bilan yanada yaqinlashing! Ularning qizi bilan baxtli yashayotganingizni so`z bilan ayta olmasangiz ham, harakat bilan ifodalashingiz mumkin. Yilda ikki marta xotiningizning tog`asi yoki ammasi berayotgan nahorgi oshga borishga kuch topsangiz, qaynota-qaynonangizning tug`ilgan kunida tashabbus ko`rsatib, sovg`a-salom qilsangiz, qo`lingiz ko`ksingizda bo`lsa, bas. Bu unchalik qiyin va xijolatli ish emas, mana xotiningiz shu ishlarni har kuni qilayapti-ku! Yaxshi kuyov bo`lsangiz, ularning o`zi sizga qizlarini muloyim supurgi qilib berishadi. Axir bunday tartibli kuyovning yomon erligiga ishonib bo`ladimi? «O`chir ovozingni, kuyovim yaxshi, sen yomon!» deyishadi u nolishni boshlamasdanoq!

 

Yo`qolib qolmang, kuyovlar!

Yaqindagina bo`y qizlar bo`lib, mahallamizni to`ldirib yurardik. Endi orqamizdan ikki-uchta bolamizni ergashtirib, bayram va dam olish kunlari ota uyimizga kelib turamiz. Aksariyatimiz qo`limizda kamida to`rtta non, qaymoq ko`tarib borsak-da, ko`nglimizning bir tomoni xijil bo`laveradi. Sababi erginamiz ko`chaning boshidan bizni tashlab, o`zi urra qochib qolgan. Birrov salomlashishga yoki bir piyola choy ichib, ota-onamizning duosini olishga eringan. Bu nima, bizning urug`imizni mensimaslikmi? O`ziga loyiq ko`rmaslikmi? Yoki uyalishmi?

Ha, jahlingiz chiqsa, arziydigan holat. Bir kun ishga shoshayotganini bahona qilasiz, ikkinchi kun qaytishda kirmoqchi edi, deb aldaysiz. Qaytayotganingizda ham tuguningizni to`ldirib, kuyoviga atab kamida bir juft paypoq, bir kosa ovqat berayotgan onangiz «Qo`yaver, ishi ko`payib ketgandir, akang olib borib qo`yadi», deydi xijolatingizni engmoqchi bo`lib.

Ko`pchilik ayollarga tanish bu holatni nega yozayapman? Erkaklarimiz o`qishsin, o`zlari uchun mulohaza chiqarishsin. Yaxshi kuyovni qizning mahallasidagilar darhol tanib oladi. Chunki u uch oyda bir ko`rinib qolmaydi, o`z qizini butun umrlik sovg`a qilib berib yuborgan qaynona-qaynotasini yo`qlab turadi.

 

Nega kamnomasiz?

Kuyovlarning kelin tomonnikiga hadeb boravermasligi, ular bilan munosabatga kirisha olmasligining o`ziga bog`liq bo`lmagan sabablari ham bor. Eng birinchisi, bu o`z ota-onasidan uyalishidir. Xuddi boshi ikkita bo`lganidan keyin u tomonga «sotilib ketayotgandek» tuyulmasligi uchun o`zini nari tortib turadi. Ayniqsa, yangi uylanganlarda kuzatiladigan holat: qaynotasi olib bergan mebelda yotib, sarposiga qilgan paltodan tortib paypoqqacha kiyib olgan kuyov o`zining yaqinlari oldida noqulay his qiladi o`zini. Uncha-bunchaga tobe bo`lavermasligini isbotlash uchun ham atay mana shunday qobiqqa o`ralib olishi mumkin. Buni mensimaslik emas, shunchaki ko`nikish jarayoni, desak bo`ladi. Ikkinchi sabab esa ota-onasining kelinnikiga borish-bormasligini nazorat qilishidir. Bizningcha, bola-chaqasi tinib-tinchishi, qudachilikni ming yillikka uzaytirishni istaydiganlar bunday xatoga yo`l qo`yishmaydi. Axir sizning ham qizingizga shunday munosabatda bo`lishsa, bir oyda zo`rg`a uyiga jo`natib, kuyovingizning yuzini ko`rsatishmasa (!), siz haqingizda gap ketganda xuddi siz tilga olgan so`zlarni ishlatib, mensimaslik, qizg`anish yo`lini tutishsa, o`zingizni qanday his qilgan bo`lardingiz? G`animat dunyoda har kim muvaqqat, qudalaringizning sabrini sinamang, yoshlar kattalarga oqibat ko`rsatishni hozirdan o`rganishsin.

 

Hushyor bo`ling, kelinposhshalar!

Insonning qulog`idan kirgan gap miyasini egallab, qo`l-oyog`ini harakatga keltiradi. Oilaning ichki sirlari, kimning aslida kim ekanligi, bugun urishib, ertaga yarashadigan jigarlarning nizolari haqida erni xabardor qilib turish faqat o`zingizning zararingizga xizmat qiladi. Axir o`zingiz har kuni «Ammam onamga kun bermagan», deb turganingizdan keyin sizni yaxshi ko`rgan odam yomon ko`rgan ammangizni nega hurmat qilsin? Zinhor va zinhor ota-onangizning ishlari, gap-so`zlarini turmush o`rtog`ingiz va uning qarindosh-urug`lari bilan muhokama qilmang. Vaqti kelib, «O`zing aytgansan-ku» degan gapni eshitmaslik uchun  tilingizga hushyor bo`ling! Ota-onangiz, aka-uka, opa-singlingizning muammolari haqida emas, ko`proq yutuqlari to`g`risida gapiring. Kuyovini maqtashi, pochchasining ishlariga qiziqishi haqida yolg`ondan bo`lsa ham, gaplar o`ylab topingki, juftingizning mehri ularga g`oyibona ilisin.

Aziza QURBONOVA

Sharhlar

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p?

26.09.2021, 17:45

O`zbekistonning qaysi hududida oilalar soni ko`p? Davlat statistika qo`mitasi ma`lumot berdi. Unga ko`ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga O`zbekiston Respublikasida jami 8 871 412 ta oila...
O`zbekistonda 2030 yilga qadar oila instituti yanada mustahkamlanadi

27.05.2021, 16:56

AOKAda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.Anjumanda  “O`zbekiston Respublikasida oila institutini 2030 yilgacha yanada mustahkamlash konsepsiyasi” mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida...
Er-xotin 5 bosh qo`y o`g`irlab qo`lga tushdi

03.12.2019, 10:59

 Poytaxtimizning Mirobod tumanida yashovchi fuqaro H.N. Toshkent viloyati Ohangaron tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, 29 noyabrga o`tar kechasi o`ziga tegishli «Gulobod» mahalla fuqarolar yig`ini...
O`zbekistonda qancha oila faqat sha`riy nikoh asosida yashagani aniqlandi

14.11.2019, 18:36

 O`zbekistonda FHDYo organlari hokimliklar tasarrufiga o`tkazilgach, faqatgina sha`riy nikoh bilan yashab kelgan 20 ming 350tadan ortiq oila aniqlanib, ularning nikohi qonuniylashtirildi.Bu haqda 13 noyabr kuni oila...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1