AsosiyDunyo

Vashington meri 1 sentyabrni AQSh poytaxtida O`zbekiston mustaqilligining 32 yilligi kuni deb e`lon qildi

'Vashington meri 1 sentyabrni AQSh poytaxtida O`zbekiston mustaqilligining 32 yilligi kuni deb e`lon qildi'ning rasmi

AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi aloqalar mustahkamlanib borayotganini ta`kidlagan holda hamda O`zbekiston mustaqilligi munosabati bilan Vashington shahri meri Muriel Bauzer 2023 yil 1 sentyabrni AQSh poytaxtida “O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi kuni” deb rasman e`lon qildi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA.

Istiqlolimizning 32 yilligi bilan qabul qilingan deklarasiyada AQSh poytaxti meri O`zbekistonda Mustaqillik kunining ahamiyati ta`kidlanib, Amerika Qo`shma Shtatlari O`zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo`lib tan olganini ta`kidlagan. Merning bayonoti ushbu kunning ahamiyatini e`tirof etibgina qolmay, balki o`zbek jamoalarining Vashingtonning “boy xilma-xilligi, madaniyati va an`analariga” beradigan qadriyatini urg`ulaydi.

1993 yilda Vashingtonda O`zbekiston elchixonasi ochilganidan buyon O`zbekiston va AQSh o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarda sezilarli yaxshilanish kuzatildi. Deklarasiyada elchixona ushbu munosabatlarga “yangi dinamizm” olib kelgani hamda AQSh poytaxtidagi “diplomatik hamjamiyatning jonli va ajralmas qismi”ga aylangani uchun maqtovga sazovor.

Vashingtonda 1 sentyabrning O`zbekiston Mustaqillik kuni deb e`lon qilinishi ramziy ma`no emas, bu ikki xalq o`rtasidagi tobora mustahkamlanib borayotgan munosabatlarning belgisidir. So`ngi yillar davomida shakllangan hamkorlik o`zaro strategik sherikchilikning yorqin ifodasi bo`lib, turli sohalardagi yanada kengroq hamkorlikka zamin yaratmoqda. Deklarasiyada ta`kidlanishicha, Qo`shma Shtatlar va O`zbekiston ko`plab sohalarda, jumladan, chegara va mintaqaviy xavfsizlik dasturlari, iqtisodiy loyihalar, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash, ingliz tili ta`limini rivojlantirish kabi yo`nalishlarda mustahkam o`zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirib bormoqda.

Bundan tashqari, shahar meriyasi O`zbekistonning Vashingtondagi elchixonasiga ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, shaxslararo aloqalarni yo`lga qo`yish va ikki davlat o`rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Eslatib o`tamiz, Qo`shma Shtatlar poytaxti Vashington 1791 yilda tashkil etilgan va Amerikaning birinchi prezidenti Djorj Vashington nomi bilan atalgan. Vashingtonda federal hukumatning barcha uch bo`limining asosiy idoralari, jumladan, AQSh prezidentining Oq uydagi qarorgohi, ko`plab yodgorliklar va milliy ahamiyatga ega muzeylar joylashgan. Shaharda yuzlab elchixonalar, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg`armasi, Amerika davlatlari tashkiloti, Amerikalararo taraqqiyot banki va Panamerika sog`liqni saqlash tashkiloti shtab-kvartiralari joylashgan.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar