1

“Kelasi bahsda ham g`alaba qozonib, muxlislarimizga bayram taqdim etishga harakat qilamiz", - Husayn Norchaev

Sport 10.09.2023, 08:44
“Kelasi bahsda ham g`alaba qozonib, muxlislarimizga bayram taqdim etishga harakat qilamiz", - Husayn Norchaev

U-23 Osiyo Kubogi saralashi 2-turi doirasidagi Gon Kong – O`zbekiston uchrashuvidan (0:10) so`ng Timur Kapadze va Husayn Norchaev matbuot anjumanida ishtirok etishdi.

Timur Kapadze: "Chiroyli g`alaba bilan hammani tabriklayman. Muxlislarimiz har bir o`yinda bizni oxirigacha qo`llab turishibdi. Ularga rahmat. Navbat Eronga qarshi bahsga, ushbu uchrashuvga tayyorgarlikni boshlaymiz".

Husayn Norchaev: "Bugun yaxshi o`yin namoyish etdik deb o`ylayman. Kelasi bahsda ham g`alaba qozonib, muxlislarimizga bayram taqdim etishga harakat qilamiz".

- Uchrashuv ajoyib bo`ldi. So`nggi bahs Eronga qarshi. Eronliklar avvalgi o`yinlarda bor kuchini namoyish etmadi deb o`ylayman. Navbatdagi raqibni qay darajada o`rgandingiz, bu bahsda birinchi raqam sifatida to`p tepasizmi?

- Ushbu guruhdagi eng kuchlisi Eron ekanligini bilardik. Bu jamoaga qarshi kichik final bo`lishi aniq edi. Har bir turda eronliklar va boshqa jamoalar o`yinlarini kuzatdik. Ularda yaxshi jamoa shakllangan. Bizning jamoa ham kuchsiz emas. Ikki kun ichida yaxshi tayyorgarlik ko`ramiz.

- Qaysi raqib ko`proq qarshilik ko`rsatdi, Gonkong yoki Afg`oniston?

- Ikkala jamoa ham himoyadan o`ynadi. Afg`onistonliklar jismonan baquvattroqligi tufayli, muammolar ko`p bo`ldi, biroq Gonkong ham yaxshi tashkillashgan o`yini orqali bizga qiyinchiliklar tug`dirishdi. Afg`oniston Gonkongga nisbatan kuchliroq qarshilik ko`rsatishdi. Avvalgi bahsdagi kabi zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o`yinni kuchaytirishdi.

- Birinchi va ikkinchi bahsda tarkiblar umuman boshqacha bo`ldi va ikkala bahs ham yirik g`alaba bilan yakun topdi. Eronga qarshi bahsda tarkib tanlash sizga qiyinchilik tug`dirmaydimi? Ikkinchi savolim Husayn Norchaevga, 2ta turda 6ta gol urdingiz. "Alaniya"da siz zaxirada qolib ketyapsiz. Klubdagilar siz bilan bog`lanib, o`yiningiz haqida fikr bildirishdimi. Turkiya yoki boshqa mamlakatlar ligasida hali transfer oynasi yopilmagan, jamoani tark etish niyati bormi?

Timur Kapadze: "Ushbu bahslardagi asosiy maqsadimiz g`alaba edi, keyingi masala klublarda o`yin amaliyotisiz qolayotgan yigitlarni formaga qaytarish bo`ldi. Ikkala tarkib ham teng, jamoada raqobat juda yaxshi. Terma jamoada asosiy o`yinchi degan narsa yo`q. Eron bilan bahsda kimdir asosiy tarkibda o`ynaydi, kimlardir zaxiradan maydonga tushadi, asosiysi ular jamoaga foyda keltirishi. Hammamizning asosiy maqsadimiz g`alaba".

Husayn Norchaev: "Alaniya"dagilar kuzatib borishyapti, chunki har bir bahsdan so`ng meni tabriklashyapti. Klubim safida o`ynamayotganim murabbiyning qarori. Tarkibga kirishga harakat qilyapman. Klub bilan shartnomam bor va hozir "Alaniya"ni tark etish noto`g`ri bo`ladi deb o`ylayman".

- Birinchi bo`limda chap qanot oqsadi va asosan, hujumlar o`ng qanotdan amalga oshirildi. Lekin ikkinchi bo`limda Hojimat Erkinov va Jasur Jaloliddinovlar hujumni kuchaytirishdi. Eronga qarshi bahs oldidan chap qanot hujumidan ko`nglingiz to`qmi?

- Fikringizga qo`shilmayman, ikkala qanot yaxshi ishladi. Ha, birinchi bo`limda hujumlar kam bo`lgandir. Kamchiliklar bo`lishi mumkin. Bu bahslardan oldin o`rtoqlik o`yinlari bo`lmadi, yigitlar turli jamoalardan kelishgan. Menimcha, ikkala qanot vakillari o`yindan-o`yinga kuchayib borishmoqda.

- Savolim Xoldorxonov haqida. Kecha u "Paxtakor" - "Olimpik" o`yinida ajoyib gol urib, "sherlar"ga g`aaba keltirdi. Nega u terma jamoaga jalb etilmayapti?

- Po`latxo`ja Xoldorxonovni nimalarga qodirligini yaxshi bilamiz. U yig`inda ishtirok etdi. Mashg`ulotlar paytida uni boshqalar bilan solishtirdik, hammani o`ynatishning iloji yo`q. Hozirgi holatdan kelib chiqib, shu qarorni qabul qildik. Po`latxo`ja yaxshi futbolchi, kelajakda vaziyat o`zgarishi mumkin. Hamma erda raqobat bor, shunchaki futbolchilarning hozirgi holati bo`yicha qaror qabul qildik.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1