1

Uy bekasi bo`lish afzalmi, uyatmi, zerikarlimi yoki?..

SUG'DIYONA 24.10.2016, 10:11
Teglar: Ayol, Er-xotin, Ona va bola
Uy bekasi bo`lish afzalmi, uyatmi, zerikarlimi yoki?..

O`ylab ko`rsangiz, uy bekasi degan tushuncha kimdadir hurmat hissini uyg`otadi, kimdir uyda o`tiradigan ayollarni mensimaydi, yana kimningdir qanday qilib kun bo`yi uyda o`tirish mumkinligiga aqli etmaydi. Lekin hammamizga ham ma`lum vaqtga bo`lsa-da uyda o`tirishga to`g`ri keladi. Nega deysizmi? Dekret, yangi ish izlash, ta`til deganday… Xullas, sabablar ko`p. Shuning uchun, keling, avval ushbu savolga javob izlab ko`raylik: uy bekasi bo`lish uyatmi, obro`mi, eskidan qolgan odatmi, zerikarlimi yoki?..

 «Uyda o`tirish zerikarli»mi?

Ishlaydigan xonimlarga uy bekaligi zerikarliday tuyuladi. «Uy bekalari zerikadi, shuning uchun ularda stress ko`p uchraydi», deb hisoblaydiganlar ham bor. Lekin aslida uy bekalari mehnatkash xonimlarga nisbatan kamroq stressga chalinar ekan. Chunki ularda yillik hisobotlar tashvishi, boshliqdan gap eshitish hadigi yo`q, mukofot pulidan «kesishmaydi»… Ular kunlarini o`zlari xohlaganday rejalashtirishadi, ko`proq vaqtini turmush o`rtog`i va farzandlariga ajratishadi…

Qolaversa, ishlaydiganlar-chi? Sizningcha, ular zerikmaydimi? Qay bir ish bilan mashg`ul bo`lmang, bir xillik baribir zeriktiradi. Masalan, telefon qo`ng`iroqlariga javob beradigan ayolning ishi tashqaridan qaraganda juda qiziqarli tuyulishi mumkin. Yoki ertalabdan kechgacha laboratoriyada mikroskopga termulib, analizlarni ko`radiganlarning ishi-chi? Umr bo`yi kimlarningdir tishini kovlab, yamab, sug`uradigan stomatologning ishi sizningcha, zerikarli emasmi?..

Bir qo`shnim xor artisti. Kun bo`yi uyidan bir xil ohangdagi kuy eshitilib turadi. O`zi ham qachon qarama «o-xo-xo-xo» deyishdan nariga o`tmaydi. Har doim shu bir xil ahvol. Ba`zida o`ylayman: konsertiga borganlar orasida uning sahnadagi ijrosidan zavqlanib, «bu artistga qanchalar maza!» deb xayoldan o`tkazadiganlar bordir. Lekin uning sahna ortidagi hayoti, har kunlik «xoxo»lashlari, asbobi yonidan soatlab jilmayib o`tirishi zerikarli tuyulmayaptimi sizga?..

Xullas, ishlaydigan ayollar ba`zan uyda o`tirishni xohlab qoladi. Uy bekalari esa ishlaydiganlarga havas qiladi. O`ylab qolasan kishi: bu qarama-qarshilik tabiat qonunimi yo odamzot shunchalik noshukurmi? Ehtimol, ishlaydiganlarga nisbatan uy bekalarining «ishi» biroz zerikarlidir, biroq hamma gap qaysi biri muhimligida. Ayol esa albatta oilani tanlaydi. Aslida ham hech bir kasb oila mustahkamligi, unda yangi inson shaxsining shakllanishi, farzand tarbiyasi borasidagi mas`uliyat bilan tenglasha olmaydi. Lekin ba`zi uy bekalari yosh bolalari bo`la turib, hayotning zerikarliligidan nolishadi. Aslida esa bunday onalarga bir gapni eslatib qo`yish joiz: ayni paytda siz bajarayotgan «ish» abadiy. Hozir siz hammadan ham farzandlaringizga keraksiz! Keyin esa ayni hozirgi damlardan faqat shirin xotiralargina qoladi. Farzandlaringiz bir pasda ulg`ayib qolishadi. Ularning shirin go`daklik davrini esa ortga qaytara olmaysiz!

5 maslahat

1. Uyda o`tirgan vaqtingizdan ham unumli foydalaning. Ilgari vaqt topolmagan ishlaringizni endi amalga oshiring. Masalan, yangi bilimlar o`rganishga (til, kulinariya, tikish-bichish, to`qish…) harakat qiling.

2. Tashqi ko`rinishingizga be`tibor bo`lmang. Axir faqat biror joyga ketish oldidan o`zingizga oro bermay, o`zingiz uchun ham go`zat bo`lishingiz kerak!

3. Uyqu va dangasalikka berilmang. Har bir kuningizni rejalashtiring.

4. Hech kimga, ayniqsa o`zingizga «uy bekasi bo`lish zerikarli», degan fikrni o`ylashga ham, gapirishga ham imkon bermang. O`ylab ko`ring, davlat boshliqlariyu millionerlarning rafiqalari bejizga o`ziga ishongan uy bekalari bo`lmagan axir!

5. Eng asosiysi, uy bekasi haqida shaxsiy fikringiz bo`lsin. Ba`zilar «uy bekalari hech ish qilmaydi, shuning uchun ular qiziqish uyg`otmaydi», deb o`ylaydi. Lekin uy bekasi bo`lish katta mehnat ekanini bilasiz va faqat siz haqiqiy uy bekasi — ideal, samimiy va g`amxo`r rafiqa ekanini isbotlay olasiz!

Afzalliklari

+ Uy bekalari ziddiyatlar, muammolarga duch kelish mumkin bo`lgan ishxonaga borishga majbur emas.

+ Ularning nimani qanday qilish kerakligi haqida buyruq berib turadigan rahbari yo`q.

+ Yaqinlari bilan birga bo`lish uchun ularda vaqt etarli.

+ Uy bekalari uchun yangi lavozimga ko`tarilish maqsadida erkaklar bilan ham raqobatlashishga hojat yo`q.

+ Eng asosiysi — erkin ish vaqti. Uy bekasi o`z kunini o`zi rejalashtiradi. Shuning uchun nafaqat uy yig`ishtirish va kir yuvishga, hatto, sayrga ham vaqt topadi.

+ Oilasi, eri va bolalariga ko`proq vaqt ajrata oladi.

+ Yangi bilimlar egallash (masalan, til o`rganish…) imkoni ko`p.

«Minus»lari

Uyda ish ado bo`lmaydi. Shuning uchun kun bo`yi holdan toyar darajada ishlasa-da, qilgan ishi har doim ham ko`zga ko`rinavermaydi.

O`zi harakat qilmasa, eri uchun zerikarli bo`lib qolishi, suhbat uchun umumiy mavzu bo`lmasligi mumkin. Bu esa oilaviy ziddiyatlarni keltirib chiqaradi.

Juftiga moliyaviy qaramlik.

Bir necha yil uy bekasi bo`lib o`tirgach, ish topish oson bo`lmaydi. Ro`zg`or bilan bandligingizda ko`p narsalar o`zgargan bo`ladi. Shuning uchun ko`proq mehnat qilish, izlanishga to`g`ri keladi. Bundan tashqari, ish beruvchilar ham «uy bekasi»ni quchoq ochib kutib olmaydi.

Albatta, yuqorida keltirilgan barcha «plyus» va «minus»larni hamma ayollarga to`g`ri keladi, deb bo`lmaydi. Chunki hayotda baxtiyor uy bekalari ham, baxtsiz biznes-ledilar ham bor yoki aksincha. Asosiysi, o`zingizni qay birida baxtli his qilsangiz, shunisini tanlang!

NILUFAR

Sharhlar

Ayolni qotillikka boshlagan rashk: Yangiyo`llik juvon boshqa ayolga uylanmoqchi bo`lgan shar`iy nikohidagi erini o`ldirib qo`ydi...

23.08.2021, 16:08

Qishning qirovli kunlaridan eson-omon chiqib olgan Komiljon ota kenja farzandi Murodni (ism-shariflar o`zgartirilgan) uylash maqsadida to`y tayyorgarliklarini boshlab yubordi. Uzoq izlanishlardan so`ng qiz ham topildi. Biroq unashtiruv...
Ayolning joni qirqta, ammo qismati bittami? Yoxud zo`ravonlik va tazyiq qurbonlari… (video)

01.06.2021, 18:32

So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlarning tahqirlanishi, ayovsiz kaltaklanish holatlari aks etgan xabar va voqealar haqidagi chiqishlar keskin ortib ketdi. Ammo bu kabi vaziyatlar kechagina sodir...
Farg`onada 32 yashar ayol tomorqasida ko`knori etishtirayotgani aniqlandi

13.05.2021, 22:34

Farg`ona viloyati Marg`ilon shahrida 32 yashar ayol uyining tomorqasida ko`knori o`simligi etishtirayotgani aniqlandi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.Qayd etilishicha, 2021 yilning 5 may kuni...
Navoiylik ayolning uyiga kelgan mehmonlardan biri boshqasini pichoqladi

13.12.2019, 10:00

Joriy yilning 5 dekabr kuni soat 13:00larda Navoiy shahrida yashovchi, 1974 yilda tug`ilgan L.A. ismli ayolning uyiga tanishlari mehmonga keladi.Ulardan biri 1972 yilda tug`ilgan D.K....
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1