AQShdan boshpana so`ragan va bu mamlakatda yashayotgan venesuelaliklarga Bayden ma`muriyati e`lon qilgan yangi qoidalar asosida qonuniy ishlashga ruxsat beriladi. Bu haqda Zamon.uz xabar bermoqda.
Taxminan 472 000 kishi 18 oy davomida vaqtinchalik himoyalangan maqom olish huquqiga ega bo`ladi.
Bunga demokratlarning yangi kelgan muhojirlar uchun ishlash imkoniyatini kengaytirish haqidagi chaqiruvlari sabab bo`ldi.
Bu orada AQSh shaharlari Venesueladagi iqtisodiy va siyosiy tartibsizliklardan qochgan ko`p sonli muhojirlar bilan kurashmoqda.
Vaqtinchalik deportasiyadan ozod qilish va himoyalanish bo`yicha ishlashga ruxsat olish huquqiga ega bo`lish uchun odamlar 31 iyulga qadar AQShda yashagan bo`lishi kerak. Ularga boshpana berish to`g`risida qaror qabul qilinishini kutayotganida ham ishlashga ruxsat beriladi.
Hozirda taxminan 243,000 venesuelaliklar ana shunday maqomga ega. AQSh Ichki xavfsizlik departamenti venesuelaliklar uchun himoyalangan maqomni kengaytirish mamlakatdagi "barqarorlikning kuchayishi va xavfsizlikning yo`qligi" tufayli kafolatlanganligini aytdi.
Joriy yilning 31 iyulida yoki mamlakatga undan oldin kelgan venesuelaliklar bu imkoniyatga ega.
Mazkur sanadan keyin kelganlar qolishi uchun qonuniy asosga ega emasligi aniqlanganda mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
Avvalroq Nyu-York meri Erik Adams Prezident Jo Baydenni muhojirlarga ishga joylashish imkoniyatini berishga chaqirgan edi. Shahar o`n minglab muhojirlarni (ularning aksariyati Venesueladan kelgan) 200 dan ortiq mehmonxona, boshpana, chodir shaharchalari va boshqa obektlardan boshpana topishi uchun harakat qilmoqda.
Demokrat janob Adams federal va shtat hukumatini shaharga yangi kelganlar uchun uy-joy va boshqa ijtimoiy xizmatlarni taklif qilish uchun etarli yordam bermaganlikda aybladi.
"Bizning ma`muriyatimiz va shahar bo`ylab hamkorlarimiz "Ular ishlasin" degan fikrda. Shuning uchun men Prezident Baydenga butun koalisiyamizni, shu jumladan, mehnatsevar Kongress delegasiyasini eshitgani va umid baxsh etadigan muhim qadamni qo`ygani uchun minnatdorlik bildirmoqchiman.
Hozirda bizning qaramog`imizda bo`lgan minglab venesuelalik boshpana izlovchilar tez orada vaqtinchalik himoyalangan maqomiga ega bo`ladilar ", — dedi mer.
Qaror, shuningdek, Nyu-York soliq to`lovchilari uchun muhojirlarni boshpana bilan ta`minlash xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Nyu-York gubernatori Keti Xochulning ta`kidlashicha, shtat amaldorlari odamlarni o`z-o`zini ta`minlashi uchun darhol ishga joylashtirish jarayonini boshlashga tayyor.
Respublikachilar boshchiligidagi shtatlar chegara siyosatiga norozilik sifatida muhojirlarni Demokratlar tomonidan boshqariladigan hududlarga tashimoqda.
Ularning ta`kidlashicha, bu chora AQSh janubiy chegarasini kesib o`tuvchi muhojirlar sonini kamaytirishda ko`proq harakat qilish uchun bosimni kuchaytirishga mo`ljallangan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, 2013 yildan beri hokimiyat tepasida turgan Prezident Nikolas Maduro davrida neft gigantining iqtisodi tanazzulga yuz tutgani sababli Venesuelani etti milliondan ortiq odam tark etgan.