Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o`rgatish milliy-tadqiqot institutida bo`ldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Vazir Institut rektori Abduvali Ismoilov, institut xalqaro maslahatchisi Islam Elhadary bilan yangi malaka oshirish tizimi, maktab direktorlari lavozimiga nomzodlar uchun menejerlik kurslarini o`tkazish bo`yicha fikr almashdi.
Suhbat jarayonida Hilola Umarova o`qituvchilarni malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayonlari ayanchli holga kelib qolgani, tizimni tubdan o`zgartirish lozimligini qayd etdi.
Institutni ko`zdan kechirar ekan, muassasa binosi mutlaqo zamon talablariga javob bermasligi, moddiy-texnik bazasi eskirgani, bu erga pedagoglar ishtiyoq bilan kelishlari uchun uni mutlaqo yangidan eng zamonaviy texnologiyalar asosida qayta rekonstruksiya qilinishini ma`lum qildi. Institutning zamonaviy o`quv binosi, so`nggi texnologiyalar bilan jihozlangan o`quv xonalari, barcha sharoitlarga ega turar joylari va amaliyot o`tash uchun o`z maktabi bo`ladi.
“O`qituvchilarning malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayonlari zamonaviy sharoitlarda bo`lishi lozim. Institut hududiy malaka oshirish institutlariga lokomotiv bo`lishi lozim”, - deya qayd etdi vazir.
Bundan tashqari;
“Avloniy institutiga ta`lim sohasida juda katta tajribaga ega xorijiy maslahatchi jalb etdik. Birgalikda pedagog xodimlarimizni qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimini mutlaqo qaytadan ko`rib chiqib, yangidan joriy qilamiz. Ushbu yo`nalishda dastlabki qadamlarni belgilab olyapmiz. Tez fursatlarda bu yo`nalishda qilinayotgan ishlarni ma`lum qilamiz”, - dedi vazir.
Vazir tomonidan institut rahbariyati oldiga muhim vazifalar belgilab berildi va sohada tez fursatlarda natijalar bo`lishiga ishonch bildirildi, deyiladi xabarda.